Rossiya Ukrainaga urush ochar ekan, Prezident Vladimir Putin buni Donbass miqyosidagi harbiy amaliyot deb atasa-da, dastlabki hujumlarda mamlakat bo'ylab joylashgan harbiy obyektlar nishonga olindi.
Bundan Kiyev ham xoli emas. 24-fevral kuni poytaxt yaqinidagi aeroport, harbiy ombor raketalardan o’qqa tutildi, snaryadlar ham tushgan.
Ukrainada harbiy holat e’lon qilindi. Prezident Volodimir Zelenskiy xalqaro jamoatchilikka murojaat qilib, Rossiya agressiyasiga jiddiy qarshilik bildirishni so'ramoqda.
Rasmiylarga ko'ra, mamlakat sharqida Lugansk va Donetsk viloyatlarida qaqshatqich janglar ketmoqda. Ukraina armiyasi endi ayrimachilar bilan emas, bevosita Rossiya qurolli kuchlari bilan to’qnashmoqda.
Ukraina Mudofaa vazirligining bildirishicha, dushman, ya’ni Rossiya tomoni jiddiy qurbonlar bergan, jumladan federatsiyaga qarashli bir necha samolyot urib tushirilgan, o’nlab askarlar o’ldirilgan.
Rossiya buni hozircha tasdiqlamagan. Urush kutilganiga qaramasdan uning boshlanishi Ukrana ahlini tahlikaga solgan.
Aholi sharqdagi yirik shaharlar, shuningdek, poytaxtdan ham xavfsiz joylarga chiqib ketishga urinmoqda.
Prezident Zelenskiy ommani vahimaga berilmaslikka chaqirmoqda. Zelinskiy xalq bilan muntazam muloqotda. Urush maydonidagi va umumiy vaziyat haqida jamoatchilikka shaxsan o’zi hisobot bermoqda.
Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni to’xtatgan. Hukumat vatan himoyasiga otlangan barchaga qurol tarqatib, Ukraina o’z hududiy yaxlitligini himoya qilishi haqida bong urmoqda.
Facebook Forum