Breaking News

Ukraina Rossiya hujumlari ostida


Ukraina askari, Donetsk
Ukraina askari, Donetsk

Kiyev, Odessa va Xarkov shaharlarida yirik inshootlar nishonga olinib, portlashlar ovozi eshitilmoqda. Ukraina hukumatiga ko'ra, Rossiya urush ochgan. 24-fevral kuni tongda Prezident Vladimir Putin Dondassda harbiy operatsiyalar boshlashni buyurgan.

Ukraina chegara kuchlariga ko'ra, dastlabki hujumlar qo'shni Belarusdagi Rossiya bo'linmalari tomonidan qilingan.

Rossiya Ukrainaning Chuguyev aerodromini vayron qilgan. Kremlga ko’ra, Ukrainaning boshqa harbiy bazalari va havo mudofaa vositalari ham nishonga olingan. Aholi punktlariga hujum qilinmaydi, deya ta'kidlamoqda Rossiya hukumati, biroq Kiyev harbiy salohiyatiga zarba beriladi.

Donbassdagi Lugansk va Donetsk Kreml nazarida mustaqil davlatlardir. Rossiya hukumati ularni Ukraina agressiyasidan himoya qiladi, deydi Putin.

Ukraina hukumati nazarida esa aslida qo'shni davlat agressor, chunki u separatistlarni yillardan beri moliyalab va qurollantirib keladi. Endi ularni davlat deb e'lon qilib, Rossiya Ukraina yerlarini bosib olayapti, deya tushuntiradi Kiyevdagi rahbariyat.

AQSh Ukrainani himoya qilib, Kremlga bosqinchi sifatida qaraydi.

"Ukraina chegaralari bo'ylab 150 mingdan oshiq qo'shin safarbar etgan Rossiya rahbari bu urushga anchadan beri tayyorlanayotgan edi", - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Moskva, 23-fevral, 2022
Moskva, 23-fevral, 2022

Prezident Jo Bayden Rossiya prezidentining so'nggi qaroriga munosabat bildirar ekan, Amerika Ukraina xalqi bilan hamnafas, dedi.

"Rossiya harbiy hujumlari asossiz va sababsizdir. Prezident Putin oldindan rejalangan bu urush bilan halokatga yetaklamoqda, insonlar qonini to'kmoqchi", - deydi Bayden.

"O'limlar va vayronalarda faqat Rossiya aybdor bo'ladi. AQSh va uning ittifoqchilari bunga birgalikda javob beradi. Dunyo Rossiyani qilmishlari uchun javobgarlikka tutadi".

Bayden Katta Yettilik bilan maslahatlashmoqda. Rossiyaga qarshi yangi choralar ko'rilishi kutilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi masalani muhokama qilmoqda. 23-fevral kuni Bosh Assambleyada so'zlagan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiya bu urush bilan to'xtamaydi, deya bong urdi.

Ukraina hukumati saytlari kiber-xurujlar ostida. AQSh razvedkasiga ko'ra, bular Kremldan turib boshqarilayotgan amaliyotlardir.

"Ona vatan" yodgorligi, Kiyev
"Ona vatan" yodgorligi, Kiyev

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Rossiya rahbariga murojaat qildi:

“Chin yurakdan so'rayman: Prezident Putin, qo'shinlaringizni Ukrainaga hujumdan to'xtating. Tinchlik bo'lsin. Ko'plab odamlar allaqachon halok bo'ldi".

Kremlga ko'ra, harbiy amaliyotlar Donetsk va Lugansk rahbarlari tomonidan iltimos qilingan. Bu bilan Rossiya hukumat separatist yetakchilarga madad ko'rsatayotganini tasdiqlamoqda.

Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy xalqqa murojaat qilib, tinchlikdan boshqa maqsad yo'q, deya ta'kidladi.

“Davlatimiz, xalqimizga hujum qilinsa, javob beramiz, o'zimizni himoya qilamiz", - deydi u.

Kiyev Rossiyaga qo'yilayotgan sanksiyalardan mamnun. Ammo, deydi rasmiylar, ular yetmaydi.

(AP agentligiga ham tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG