Breaking News

O'zbekiston TIV: Ukrainadagi fuqarolarga yordam beriladi


Kiyevga yaqin hududdagi manzara, 24-fevral, 2022
Kiyevga yaqin hududdagi manzara, 24-fevral, 2022

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Yusup Kabuljanovning tasdiqlashicha, Ukrainadagi fuqarolarga yordam ko'rsatiladi va hukumat vaziyatdan ogoh.

"Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda", - deya bildiradi Kabuljanov.

"Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi."

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi fuqarolar pasport ma’lumotlarini embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga yuborishi kerak.

Elchixona telefon raqamlari: (+38 (044) 5015000, +38 (044) 5014182).

Rossiyaning Ukrainaga yaqin hududlarida joylashgan oliy o‘quv yurtlaridagi o'zbekistonlik talabalar uchun xavotirlanishga sabab va asos yo‘q, deydi Kabuljanov.

Rasmiyga ko'ra, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi Rossiyaning tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin va doimiy aloqada.

"Fuqarolarimiz uchun biron bir xavf-xatar yuzaga kelganda, tezkor ravishda tegishli choralar ko‘riladi".

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi: +7 499 230-00-76, +7 499 230-00-32.

Roston-Dondagi Bosh konsulxona: +7 988 586-59-82, +7 918 554-04-76, +7 988 586-70-35, +7 988 586-59-82.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi hisobicha, hozirda Ukraina hududida respublikaning 4300 ga yaqin fuqarosi bor.

Ukraina-Rossiya mojarosida jabr ko‘rganlar orasida, Tashqi ishlar vaziri vakilining aytishicha, O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

"Shu maqsadda, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar orqali jo‘nab ketish yo‘nalishlari va keyingi borish manzillari o‘rganilmoqda", - deydi Kabuljanov.

O'zbekiston hukumati, uning qayd etishicha, yegulik va tibbiy yordamga muhtoj vatandoshlarga ham ko'mak ko'rsatadi.

Mirziyoyev ma'muriyati Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari va avj olayotgan qonli mojaro xususida munosabat bildirmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG