Breaking News

Kiyev Rossiya bilan olishmoqda


Kiyev metrosida jon saqlayotgan ukrainaliklar, 25-26 fevral kechasi, 2022
Kiyev metrosida jon saqlayotgan ukrainaliklar, 25-26 fevral kechasi, 2022

Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropa davlatiga qarshi ochilgan eng yirik hujum davom etar etar, Ukraina poytaxti Kiyev Rossiya harbiy kuchlari bilan olishmoqda. Urushning uchinchi kunining ilk soatlaridayoq yuzlab insonlar halok bo'lgan.

Kiyevdagi qator turarjoy binolari, maktablar, ko'priklar vayron qilingan.

Ukraina hukumatiga ko'ra, Kremlning maqsadi - uni ag'darish. G'arb rasmiylari nazarida ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga o'z istagan odamni rahbarlikka qo'yish payida.

Putin birinchidan Ukraina xaritasini o'zgartirish, ikkinchidan esa Rossiya bo'ysunadigan hukumat o'rnatishni xohlaydi, deydi vaziyatni yaqindan kuzatib turgan tahlilchilar.

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni darhol to'xtatishni talab qilmoqda va muzokaraga tayyor.

"Bugun kechasi ular hujumlarga zo'r beradi", - deya ogohlantirdi u aholiga murojaat qilar ekan.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Ukraina Rossiyaga qarshi qattiq kurashmoqda va jarayon Kreml hisoblaganidan sekinroq kechmoqda. Ammo Kiyev endi to'g'ridan-to'g'ri nishonda.

Zelenskiy Putin bilan sulh muhokamasiga shay ekanini eslatib turibdi, lekin Kreml aniq javob bermagan. Rossiya Mudofaa vazirligi o'tgan ikki kunda 211 harbiy inshoot va 17 harbiy boshqaruv punkti vayron qilingani, 25-fevral kuni janubiy shahar Melitopol uning izniga o'tganini e'lon qilgan.

Ukrainaning qancha hududi hozir Rossiyaning bevosita nazorati ostida ekani mavhum.

Kiyevdan 25 kilometr janubda Rossiya harbiylarini tashuvchi II-76 samolyoti urib tushirilgan. Ichida nechta odam bo'lgani noma'lum, ammo bu turdagi transportyorga odatda 125 nafargacha kishi sig'adi.

AQSh va ittifoqchilari Ukrainani quvvatlab, Rossiyaga va shaxsan Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga qarshi sanksiyalarni ishga solar ekan, BMT taxminicha, millionlab insonlar qochqinga aylanishi mumkin.

Dunyo bo'ylab Rossiya hukumatini qoralovchi namoyishlar o'tmoqda, bu mamlakat bilan hamkorlik cheklanmoqda, hatto sport o'yinlaridan federatsiya haydalmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashida Rossiyani xalqaro qonunlarni buzayotganlikda ayblab, undan Ukrainani darhol tark etishni talab qiluvchi rezolyutsiya Moskva tomonidaт veto qilingan. G'arb buni kutgan edi, ammo Xitoy umuman ovoz bermagani a'zolarni hayron qoldirgan. Hindiston ham shunday yo'l tutgan.

NATO Sharqiy Yevropada mudofaa tizimlarini shay holatga keltirib, favqulodda kuchlarini bu hududdagi a'zo mamlakatlarga safarbar etgan. Alyans qancha harbiy yuborayotganini oshkor qilmaydi, ammo ular yer, dengiz va havo bo'linmalaridan iborat.

25-fevral kuni kechki payt Kiyevdagi yirik energetika inshooti yaqinida ketma-ket besh portlash yuz bergan. Shahar meri Vitaliy Klichko deydiki, ta'minot tizimlariga zarar yetmagan.

Kiyev yaqinidahi aerodrom ham Rossiya nazoratiga o'tgani da'vo qilinmoqda. Shuningdek, federatsiya harbiylari Kreml poytaxt g'arbini tokdan uzganini bildirgan.

Minglab aholi urushdan qochib, Polsha va boshqa qo'shni davlatlardan boshpana izlamoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi hozirda Ukrainaning Sumi va Konotop shaharlari ham uning harbiylari qo'lida ekanini bayon qilgan, biroq bu hali tasdiqlanmagan.

Dnepr daryosi ustidan o'tgan, Kiyev sharqi va g'arbini bog'lovchi ko'prik olov ichida, boshqa bir ko'prik esa tamoman qulagan. Ukraina hukumatiga ko'ra, 24-fevral kuni 137 odam o'lgan. BMT hisobicha, 100 mingdan ziyod aholi uy-joyini tashlab chiqqan.

Zelenskiy AQSh, Yevropa va NATO rahbarlari bilan muntazam aloqada. Biroq uning qayerda ekani sir saqlanmoqda, chunki Rossiya uni o'ldirishi mumkin, degan xavotir hukmron.

“Biz shu yerdamiz, hammamiz davlatimiz mustaqilligini himoya qilamiz, - dedi Zelenskiy xalqqa o'z komandasi qurshovida so'zlar ekan. - Biz kurashdan aslo to'xtamaymiz".

Putin Ukraina bo'yicha rejalari haqida ochiq gapirmagan, ammo Lavrovga ko'ra, “Ukraina xalqi o'z taqdirini belgilashi uchun ruxsat berishimiz kerak".

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov deydiki, Rossiya Zelenskiyni Ukraina prezidenti sifatida tan oladi. Biroq urush yana qancha davom etishi va konkret maqsad nima ekani haqida savollarga javob bermaydi.

“Sizga bu yerda nima bor?" deya so'raydi Yuriy Jihanov ismli ukrainalik rus qo'shinlaridan. Minglab odamlar singari u ham jon saqlash uchun xavfsiz boshpana qidirmoqda.

Aholi yerto'la, metro va boshqa joylarda o'tiribdi. Hukumat fuqarolardan o'zini himoya qilishga tayyor turishni so'ramoqda.

“Biz qo'rqinchda yashayapmiz. Qayerga boramiz, endi nima bo'ladi?" - deydi Lyusya Vashaka, 20 yoshli kiyevlik.

(AP axborotiga ham tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG