Breaking News

Rossiya Ukrainaga hujumlarni kengaytirdi, Kiyev nishonda


Kiyevning Ukraina Mudofaa vazirligi joylashgan qismi, 24-fevral, 2022
Kiyevning Ukraina Mudofaa vazirligi joylashgan qismi, 24-fevral, 2022

Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko'lamli hujumlarga zo'r berib, mamlakatni havodan va yerdan nishonga olmoqda.

Federatsiya qo'shinlari shimol, sharq va janubdan tanklar va turli transportlarda kira boshlagan.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyga ko'ra, 24-fevraldagi hujumlarda 137 fuqaro, jumladan harbiylar va aholi vakillari halok bo'lgan. Yuzlab kishi yaralangan.

Minglab ukrainaliklar mojarodan qochishga urinmoqda. Jamoat joylari tirband, odamlar sarosimada.

G'arb nazarida Kreml Kiyevda hokimiyatga o'ziga ma'qul rahbarni keltirishga bel bog'lagan.

Prezident Vladimir Putinning maqsadi, deydi AQSh va NATO rasmiylari, faqat sharqiy Ukrainadagi separatistlarni quvvatlash emas.

Rossiya hozirgacha Ukrainaning 100 dan oshiq harbiy inshootlarini vayron qilgan va bir nechasini egallab olgan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Kremlni qilmishlari uchun keskin sanksiyalar bilan jazolashga bel bog'lagan.

NATO sharqiy Yevropadagi mudofaa tizimlarini shay holatga keltirgan.

Dunyo bo'ylab yirik shaharlarda Vladimir Putin siyosatiga qarshi namoyishlar o'tmoqda.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Nyu-York, 24-fevral, 2022
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Nyu-York, 24-fevral, 2022

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Prezident Putinga qayta-qayta murojaat qilib, qo'shinlarni ortga qaytarishni talab qilmoqda.

"Kelasi kunlardagi qarorlar dunyoni o'zgartiradi, millionlab insonlar hayoti tahdid ostida", - deydi Guterrish.

Bir davlatning ikkinchisiga nisbatan kuch ishlatishi BMT xartiyasiga ziddir. Urush ochish xalqaro qonunlarni qo'pol buzishdir, deya eslatmoqda bosh kotib.

"Rossiyaning ishlari qabul qilib bo'lmaydigan holatlardir. Ammo ularni to'g'rilash mumkin emas, vaziyatni orqaga qaytara olmaysiz".

Guterrishga ko'ra, Kreml harbiy amaliyotlarni hoziroq to'xtatishi shart.

24-fevral kungi hujumlarda Kiyev, Xarkov, Kramatorsk, Odessa va Mariupol nishonga olingan.

Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixaylo Podolyakka ko'ra, Chernobil yadroviy zavodi shiddatli jangdan so'ng Rossiya kuchlariga boy beerilgan. Rus harbiylari zavod xodimlarini garovga olgan.

Kiyevga yaqin hududda Ukraina chegara xizmatiga tegishli imorat Rossiya tomonidan yo'q qilingan, 24-fevral, 2022
Kiyevga yaqin hududda Ukraina chegara xizmatiga tegishli imorat Rossiya tomonidan yo'q qilingan, 24-fevral, 2022

Guterrishga ko'ra, Ukrainaga 20 million dollarlik insonparvarlik yordami beriladi.

"Aholini himoya qilish - birlamchi vazifa", - deydi u.

BMT Ukrainada 1500 ga yaqin xodimga ega. Ular evakuatsiya qilinmaydi, ishini davom ettiradi. Xohlaganlar ketishi mumkin, ammo aksariyati faoliyatini to'xtatmasligini aytgan.

Urush boshlanishidan oldin Ukraina va Rossiya orasida 1,8 million odam og'ir ahvolda edi. Harbiy harakatlar avj olishi ularning sonini oshirgan.

UNICEF, BMT Bolalar tashkiloti sulh imzolansin, deya undamoqda, aks holda 7,5 million bola hayoti qil ustida.

1024-yilda Qrim bosib olinib, Luganks va Donetskda separatistlar faollashganidan beri aholi tinimsiz aziyat chekib keladi.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild deydiki, urush kamida besh million odamni qochqinga aylantirishi mumkin.

BMT Qochqinlar agentligi rahbari Filippo Grandi izohlashicha, tashkilot Ukraina va unga qo'shni mamlakatlarda choralar ko'ra boshlagan.

Ukraina - dunyoda eng ko'p miqdorda bug'doy yetishtiradigan davlatlardan biri. Bu mahsulot ishlab chiqarilishiga zarar yetishi global oziq-ovqat ta'minotiga chuqur ta'sir qiladi.

BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyani qoralovchi rezolyutsiya chiqarishi kutilmoqda.

Unda Kremldan Ukrainani darhol biror shartsiz tark etib, barcha qo'shinlarni zudlik bilan olib chiqish talab qilinadi.

Doimiy a'zo sifatida Rossiya bu hujjatga veto qo'yishi tayin, ammo G'arbning maqsadi uni yakkalash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG