Rossiya Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlar sifatida tan olishi, Kreml o‘tkazayotgan harbiy amaliyotlarga rasmiy Dushanbe hozircha munosabat bildirmagan. Mustaqil tahlilchi va muxolifat faollari nazarida, Markaziy Osiyo davlatlari betaraflikni ma'qul ko'rmoqda.
24-fevral kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina hududidagi o‘z fuqarolariga murojaat qilib, mamlakatda joriy etilgan komendantlik soatlariga rioya qilish, o‘z yashash manzillarida qolishga chaqirdi. Shuningdek, zarur bo‘lganida Tojikistonning Kiyevdagi elchixonasiga bog‘lanishni tavsiya qildi.
Tojikistonning Ukrainadagi elchisi Davlatali Nazrizodaning aytishicha, zarur bo‘lgan paytda evakuatsiya qilish uchun bu davlat hududidagi vatandoshlarni ro‘yxatga olish ishlari tashkillashtirilgan.
24-fevral kuni Tojikistonga tashrif buyurgan Rossiya Federal majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko respublika Milliy Majlis raisi Rustam Emomali bilan muloqot o‘tkazdi. Shuningdek, Tojikiston va Rossiyaning strategik sherikchiligi hamda turli sohalardagi hamkorlik muhokama qilindi. Matviyenko Kremlning Ukrainaga nisbatan tutayotgan pozitsiyasi yuzasidan ham bayonot berdi.
"Rossiya prezidenti tomonidan e’lon qilingan harbiy amaliyot u yerdagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan va buni amalga oshirishning boshqa yo‘llari mavjud emas. Bu faqatgina Lugansk va Donetsk mintaqalarining xavfsizligi emas, bu Rossiyaning xavfsizligiga qaratilgan. Chunki oxirgi yillarda Rossiyaga nisbatan adovat shakllangan edi",–dedi Matviyenko.
Mahalliy kuzatuvchilar ikricha, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya–Ukraina inqiroziga o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib yondashishi kerak.
Siyosatshunos Sherali Rizoyon deydiki, Kreml va Kiyev orasida yuzaga kelgan inqirozga nisbatan rasmiy Dushanbe betaraflikni ixtiyor etmoqda va bu yuzaga kelgan holatda eng to‘g‘ri yo'l.
"U yoki tomonning yonini olmay, inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirishi - eng yaxshi strategiya”,–deydi tahlilchi.
Rizoyon fikricha, urush ketayotgani aniq, ammo uning oqibati nimalarga olib kelishini oldindan aytish qiyin.
“Bu inqirozni keltirib chiqargan salbiy omil - sovuq urush an’analarining qayta tiklanishi. G‘arb ham, Rossiya ham sovuq urushdan meros bo‘lib qolgan siyosati bilan inqirozni yashirin saqlab keldi va uni hal qilishni istamadi. Natijada ishlar izdan chiqib, shu naqtaga yetib keldi. Sovuq urush tamoyillari va an’analarining qayta tiklanishida ixtilofdagi har ikki tomon, ya’ni G‘arb va Rossiya ham aybdor”,–deydi tahlilchi.
“Rossiya-Ukraina inqirozining Tojikistonga ta’siri haqida aytadigan bo‘lsak, avvalo iqtisodiy ta’siri bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas. G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etiladigan sanksiyalar natijasida mamlakatda iqtisodiy inqiroz yuzaga keladi. Rossiya Tojikistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lgani va ko‘plab mehnat muhojirlari aynan shu davlatda ishlashi tufayli inqiroz o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi”.
Tojik muxolif vakillaridan biri, xorijda yashaydigan faol, “Vatandor” harakati yetakchisi Dodojon Atovulloyev:
“Agar Kreml Prezident Emomali Rahmondan Donetsk va Lugansk masalasida pozitsiyasini ochiqlashini so‘rasa, juda qiyin ahvolda qolishi tabbiiy. Chunki agar Tojikiston bu ikki mintaqa mustaqilligini e’tirof etsa, Ukraina va G‘arb davlatlari tanqidiga uchraydi. Ammo ularni qabul qilmasa, Putinning qahriga uchraydi”.
Nizoshunos Parviz Mullojonov fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari G‘arb olami bilan aloqalarini uzishni istamaydi, ammo Rossiya ta’siridan ham chiqib ketolmaydi.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya bilan ham, G‘arb bilan ham aloqalarni uzishni xohlamaydi. Agar Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Ukrainaning separatist hududlari mastaqilligini tan olishni talab qilsa, ular juda og‘ir vaziyatda qoladi", - deydi Mullojonov.
"Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qattiq bog‘lanib qolgan. Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston Rossiya bilan birga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligini hisobga olsak, Rossiyadagi inqiroz ularga ham zarar bermay qolmaydi. Qozog‘istonning moliyaviy xavfsizlik yostig‘i ilgari ancha baquvvat edi, lekin hozir mamlakatning moliyaviy zaxiralari ancha kamayib qolgan. Agar Rossiya rubli devalvatsiyaga uchrasa, mintaqa mamlakatlarining milliy valyutalari ham qadrsizlanadi. Bu O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmiga ham ta’sir etadi. Umuman olganda, Rossiya iqtisodiyoti cho‘kishni boshlasa, mintaqa mamlakatlarini o‘zi bilan birga pastga tortadi”.
Mullojonov Rossiyaning Ukraina sharqidagi separatist hududlarni mustaqil davlatlar sifatida tan olishi Kremlning Minsk bitimlaridan voz kechganligini bildirishini aytadi. Modomiki, Minsk bitimi oradan ko‘tarilar ekan, mintaqadagi inqiroz qanday yakunlanishini taxmin qilish qiyin, deydi tahlilchi.
“Vladimir Putin Ukrainada rossiyaparast liderni iqtidorga keltira olmaganidan so‘ng Ukraina va G‘arbga shu tariqa bosim o‘tkazmoqchi”,–deydi Mullojonov.
Tahlilchiga ko'ra, ikki davlat orasida yuzaga kelgan holatda uch variant mavjud edi.
“Birinchisi, G‘arb davlatlari aralashuvi bilan Ukraina Kreml talablariga rozi bo‘lishi va tinchlik bitimi imzolanishi. Ikkinchisi, Kreml Lugansk va Donetskning mustaqilligini tan olganidan keyin bu ikki respublika Rossiyaga o‘z tarkibiga qabul qilishni so‘rab murojaat qiladi va va Rossiyaga qo‘shib olinadi. Uchinchisi, harbiy amaliyotlar, keng ko‘lamli urush orqali Ukrainada amaldagi hokimiyatni inqirozga yuz tutishiga erishish”.
Tahlilchi fikricha, yuzaga kelgan holat voqealar rivoji uchinchi ssenariy bo‘yicha ketayotganidan dalolat beradi va bu nafaqat Ukraina, balki Rossiyaning boshqa strategik sheriklariga ham qimmatga tushadi.
“Rossiya keskin xatti-harakatlari ortidan G‘arb davlatlarining sanksiyalariga yo‘liqishi natijasida bu sanksiyalarning ta’siri Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham sezilishi aniq. ”.
Facebook Forum