Breaking News

AQSh Rossiyani agressiyada ayblab, yangi sanksiyalar e'lon qildi


AQSh rahbari Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani uchun unga qarshi navbatdagi iqtisodiy sanksiyalarni e’lon qildi.

“Putin – agressor, u urush yo’lini tanladi. Endi uning mamlakati bu qaror oqibatlari bilan yuzlashadi. Rossiyaga eksport cheklovlari joriy etyapmiz. Biz ko’rayotgan choralar uning iqtisodiyotiga qisqa va uzoq muddatda juda qimmatga tushadi”, - dedi Bayden Oq uydan qilgan murojaatida.

Prezident Baydenning nutqi va matbuot anjumani (ingliz tilida):

AQSh rahbari quyidagilarni e’lon qildi:

  • Rossiyaning yana to’rt banki bloklanadi, ularning AQShdagi aktivlari muzlatiladi. Hozirgacha sanksiya qo’yilgan banklarning umumiy aktivlari miqdori taxminan 1 trillion dollarga teng
  • Rossiya davlat korxonalari AQSh va Yevropadagi sarmoya bozorlaridan uziladi. Avvalroq bu chora hukumatga nisbatan ham joriy etilgan. Cheklovlar endi davlatga qarashli yirik, aktivlari 1,4 trillion dollardan oshadigan kompaniyalarga ham qo’yildi
  • Rossiya yuqori texnologiyalarni import qila olmaydi
  • Rossiyaning sanksiyaga uchragan badavlat fuqarolari va ularning oila a’zolari ro’yxatiga yana ismlar qo’shiladi

“Rossiyaning dollar, yevro, funt-sterling va iyenada biznes qilish imkoniyatlarini ham cheklaymiz”, - dedi AQSh prezidenti.

Bayden NATOning sharqiy hududlariga qo’shimcha kuchlar safarbar etilishini e’lon qildi.

“Ammo askarlarimiz mojaroda ishtirok etmayapti va etmaydi. Kuchlarimiz Ukrainada jang qilish uchun Ukrainaga bormaydi, ularning vazifasi NATO doirasida ittifoqchilarimizni himoya qilish”, - deydi Bayden.

Oq uyga ko'ra, Rossiya mudofaa sektori endi AQShdan import qila olmaydigan texnologiyalar va anjomlar, jumladan, yarimo’tkazgichlar, telekommunikatsiya, shifrlash texnologiyalari va sensorlarni o’z ichiga oladi.

Sanksiyalar paketi energetika bo’yicha to’lovlar davom etishini nazarda tutadi. Prezident nutqida neft va energetika sektoriga cheklovlar qo'yish tilga olinmadi. Ya'ni Rossiyadan gaz va neft xarid qilish bo'yicha Yevropa bilan mavjud shartnomalari ijrosi davom etadi.

Oq uy energiya ta’minotidagi uzilishlarni diqqat bilan kuzatishini, narx-navo ko’tarilishining oldini olish uchun zaxiradan qo’shimcha neft bozorga chiqarilishini bildirgan.

Bugun Britaniya ham Rossiyaga qarshi o’z sanksiyalarini e’lon qildi, jumladan:

  • Rossiyaning yirik banklari aktivlarini muzlatish, ularni Britaniyaning moliya tizimidan uzish
  • Rossiya hukumati va kompaniyalari Britaniya bozorlaridan sarmoya yoki qarz olishini cheklash
  • Rossiyaning yana 100 fuqarosi va kompaniyalarining aktivlarini muzlatish

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiyani SWIFT xalqaro moliya tarmog’idan uzishga ham chaqirmoqda. Ammo bu taklif ayrim ittifoqchilar, jumladan, Germaniya tomonidan qarshilikka uchragan.

Oq uydagi matbuot ajmanida jurnalistlar Baydenni bu haqda savolga tutdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga qo’yilayotgan keng qamrovli sanksiyalar oqibati uni SWIFT to’lov tizimidan chetlashtirishdan ham og’irroq bo'ladi. Shuningdek, G'arb Putinning o'ziga qarshi to'g'ridan-to'g'ri sanksiyalar qo'llamadi.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysiga ko’ra, Rossiya Ukraina hukumatini ag’darishni maqsad qilgan.

“Keng qamrovli bosqinning dastlabki bosqichiga guvohmiz. Ular Kiyevga yurish qiladi”, - deydi rasmiy.

AQShning bildirishicha, Rossiya amaliyotining birinchi bosqichida Ukrainaga qarshi 100 dan ortiq ballistik raketalar, shuningdek, o’rta masofali va qanotli raketalarni qo’llagan. Ukraina bo’ylab harbiy inshootlar, aerodrom, kazarma va omborxonalar portlatilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG