Breaking News

Uchinchi Jahon urushi boshlanadimi?


Rossiya kuchlari tomonidan nishonga olingan Ukraina harbiy inshootlari
Rossiya kuchlari tomonidan nishonga olingan Ukraina harbiy inshootlari

Natsistlar Polshaga hujum boshlashidan bir hafta o’tib, 1939-yil 11-sentabr kuni AQShning "Time" haftalik jurnali shunday deb yozgan edi:

"Ikkinchi Jahon urushi o'tgan hafta 1-sentabr, juma kuni (Polsha vaqti bilan) ertalab soat 5:20 da Germaniyaning bombardimonchi samolyoti Xel yarim oroli qo'ltig'idagi Pak baliqchilar qishlog'i va havo bazasiga raketa tashlashi bilan boshlandi”.

Polshaning ittifoqchilari bo'lgan Fransiya va Buyuk Britaniya 3-sentabr kuni Germaniyaga urush e'lon qildi va shu bilan Ikkinchi Jahon urushi boshlandi.

Oradan 83 yil o’tib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishni buyurgach, Yevropa Ikkinchi Jahon urushidan beri ilk bor yirik harbiy ixtilof bilan yuzlashmoqda. Garchi hech bir davlat Rossiyaga urush e'lon qilmagan bo'lsa-da, ko'pchilik "Bu uchinchi jahon urushining boshlanishimi?" dega savolni o’rtaga tashlamoqda.

"Yo'q, unday emas, - deydi “Nonproliferation Review” nashri muharriri va AQSh hukumatining ommaviy qirg'in qurollari bilan bog'liq masalalar bo'yicha sobiq maslahatchisi Joshua Pollak. - Haqiqiy savol - bu ikkinchi Sovuq urushning boshlanishimi? Buning javobi Putin rejimining qanchalik uzoq umr ko‘rishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin”.

Taxminlar turlicha

Michigan shtati universiteti tarix kafedrasi dotsenti Naoko Ueyk ham yangi “Sovuq urush” davri boshlanayotganini aytadi.

"Bu so'nggi o'n yillikda biz butun dunyo bo'ylab ko'plab ko'rinishlarini ko'rayotgan ikkinchi Sovuq urushning boshlanayotganidan darak beradi", - deydi u.

"Biz Uchinchi jahon urushidan uzoqdamiz, lekin 24 soat oldingidan ko’ra ancha yaqinroqmiz, - deydi Xadson instituti tadqiqotchisi Kennet Vaynshteyn. - Ammo NATO Rossiyaning Boltiqboʻyi, Polsha yoki boshqa ittifoq aʼzolariga hujumi tufayli 5-moddani qoʻllashga majbur boʻlsa va xitoylar bir vaqtning oʻzida va ommaviy ravishda Tayvanga hujum qilsa hamda Eron Saudiya Arabistoniga hujum uyushtirsa, biz unda Uchinchi Jahon urushini ko’ramiz”.

Ukraina askarlari poytaxt Kiyevga kirish yo'lini qo'riqlamoqda, 2022-yil, 24-fevral.
Ukraina askarlari poytaxt Kiyevga kirish yo'lini qo'riqlamoqda, 2022-yil, 24-fevral.

Bu ssenariyni "tasavvur qilib bo'lmaydi, lekin imkonsiz narsa emas", deya qo'shimcha qiladi sobiq prezident Donald Tramp davrida AQShning Yaponiyadagi elchisi lavozimiga nomzodi bo'lgan Vaynshteyn.

Xadson institutining katta ilmiy xodimi va Dengiz operatsiyalari strategik tadqiqotlar guruhining sobiq direktori Brayan Klarkka ko’ra, bu Uchinchi Jahon urushining boshlanishi emas. Rossiya mojaro nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukrainadagi operatsiyalarini ehtiyotkorlik bilan boshqaradi hamda AQSh, NATO va Yevropa Ittifoqi harbiy yo’l bilan aralashmaslikka qaror qildi, deydi u.

Biroq bu "Rossiya va uning g'arbiy qo'shnilari o'rtasidagi uzoq muddatli, sekin harakatlanuvchi global qarama-qarshilikning boshlanishi bo'lishi mumkin va bu Xitoy hamda uning sharqiy qo'shnilari o'rtasidagi ziddiyat bilan to'ldirilishi mumkin, deya qo’shimcha qiladi Klark.

Demokratiya va avtoritarizm o’rtasidagi kurash

“Global Situation Room” konsalting kompaniyasi rahbari Brett Bruenning aytishicha, hozirgi vaziyatni yangi jahon urushi deb atashga hali erta.

“Shunga qaramay, demokratik davlatlar va avtoritar rejimlar oʻrtasida turli jabhalarda jahon miqyosida urush olib borilayotgani aniq. Garchi ular jang maydonida jang qilmasalar ham, onlayn va mintaqaviy mojarolar orqali Ukraina va Afgʻoniston kabi joylarda toʻqnash kelmoqda”, - deydi Oq uyning global hamkorlik boʻyicha sobiq direktori Bruen.

Hindistonning Kanada va Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi Vishnu Prakash so'zlariga ko'ra, "Vaziyat qanday hal qilinishidan qat'i nazar, bu Rossiya va G'arb o'rtasida achchiq bo'linishni keltirib chiqaradi va yangi sovuq urush boshlanishiga sabab bo’ladi".

"Agar NATO harbiy aralashuvga kirishsa, barcha taxminlar puchga chiqadi va Uchinchi jahon urushi yuz berishi mumkin", - deydi Prakash.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg'armasining Yadro siyosati dasturi katta ilmiy xodimi Ankit Panda ham Uchinchi jahon urushi terminologiyasini qo’llashga hali erta deb hisoblaydi.

"Xavotir shundaki, bu keng ko'lamli Yevropa mojarosiga aylanadi", - deydi u.

"Boshqa davlatlar G'arbni chalg’itgan ushbu inqirozdan foydalanib boshqa joylarda kichik mojarolarni kuchaytirishi mumkin. Ammo buning yuz berish ehtimoli haqida hech qanday dalil yo'q”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Urushdan keyingi dunyo

Ko’plab ekspertlar fikricha, bu hafta boshlangan voqealar qanday yakunlanishidan qat'i nazar, dunyoda yangi davr boshlanmoqda.

“Putinning bostirib kirishi urushdan keyingi global tartib uchun oʻlim qoʻngʻirogʻi bo’ldi va Rossiya, Xitoy hamda Eronning qonun ustuvorligiga mutlaqo eʼtibor qaratmaydigan revanshist global ittifoqi yuksalishiga turtki berishi mumkin”, - deydi Vaynshteyn.

Kiyev Rossiya nishonida, snaryadlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00

AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi Respublikachilar yetakchisi Kevin Makkartining payshanba kuni qilgan bayonotida aytilishicha, "ushbu urush harakati tarixni qayta yozishga va Yevropadagi kuchlar muvozanatini o’zgartirishga qaratilgan".

Payshanba kuni bir jurnalistning, biz yangi Sovuq urush boshlanishini ko'ryapmizmi, degan savoliga Prezident Jo Bayden "bu vaziyatga bog'liq" deb javob berdi, lekin "Rossiya uchun sovuq kun bo'lishi aniq" deya qo'shimcha qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG