Breaking News

Qrim-tatarlar urushga yollanish istagidagi o’zbeklarni ogohlantirmoqda


O’zbekiston Rossiyaning Ukrainaga bosqini ovozga qo’yilgan BMT majlisida qatnashmadi. Avvalroq rasmiy Toshkent ziddiyatga betarafligini bildirgan edi. Ammo bu urush o’zbeklarni chetlab o’tmayapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadagi urushga Rossiya tomonidan haydovchilikka yollangan o’zbekistonlikning bayonoti jiddiy munozara qo’zg’adi. O’zbekiston Mudofaa vazirligi o’zbek harbiylari uchinchi tomondagi urushga yollanayotganiga doir xabarlarni rad etib chiqdi.

Qrim-tatar faoli: Ukrainadagi urushga o’ralashib qolmang
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:33 0:00

Vazirlik bu xabarlar qayerda, qaysi axborot vositalarida paydo bo’lganiga aniqlik kiritmagan, ammo “O’zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi, O’zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligi” ta’kidlanadi.

Ukrainani himoya qilayotgan qrim-tatar faollari Markaziy Osiyoda, xususan, O’zbekistonda bu urush qanday aks-sado berayotganini kuzatib kelishadi. Ularning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya tomoni mintaqaliklar, o’zbeklarni ham urushga yollashga urinayotgani tayin, ammo ular bu va’dalarga uchmasligi, o’z hayotini xatarga qo’ymasligi kerak.

Erfan Quddusov: Urush Markaziy Osiyoda qanday aks sado berayotganini kuzatib kelyapman, Qozog’istonda masalan aksariyat jamoatchilik Ukraina tomonida, bu haqda yozishyapti, bayonotlar qilishyapti.

Ishonamanki, O’zbekiston davlati Rossiya tomonining o’zbeklarni Ukrainadagi jang maydoniga tashlash, behuda qurbon qilish harakatini keskin to’xtatadi.

O’zbekistondan ham shunday qo’llovlar bor, men aloqadaman, ular bu haqda bildirishyapti. Ammo, afsuski, Qozog’istonda bu narsa kuzatilmasa-da, O’zbekistonda Rossiya tomoni urushga odamlarni yollayotganiga doir harakatlar mavjud.

Albatta, bu jarayon hali kengroq bir ko’rinish olgani yo’q, chunki bunga darhol munosabat bildirildi. O’ylashimcha, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi O’zbekiston tomoniga murojaat bilan chiqdi. O’zbekiston tomoni ham bunga javob qaytardi. O’zbekiston huquq-tartibot idoralari boshqa mamlakatdagi urushga yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantirish berishdi.

Amerika Ovozi: Darhaqiqat, biroz avval O’zbekiston Mudofaa vazirligi shunday bayonot bilan chiqqan edi. Rostdan ham O’zbekiston harbiylari yoki fuqarolarining Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga tortilganiga doir ma’lumotlar bormi?

Erfan Quddusov: Hozircha bunday faktlar yo’q va umid qilamanki bo’lmaydi ham. Ammo biz ukrainlar, ayniqsa O’zbekistonda uzoq yillar yashagan, hozir ham yaqin munosabatlarni ushlab kelayotgan qrim-tatarlar sifatida shunday urinishlar mavjudligidan xabardormiz.

Ishonamanki, O’zbekiston davlati Rossiya tomonining o’zbeklarni Ukrainadagi jang maydoniga tashlash, behuda qurbon qilish harakatini keskin to’xtatadi. O’zbekiston jamoatchiligi Ukrainaga kelish kerak emasligini bilsin, haydovchi, yukchi, o’qchi yoki boshqa bir kasb doirasida ham kelish kerak emas.

Ukrainada urush, tajovuz qilayotgan har kim o’ldiriladi. Ukraina armiyasi bugun kuchli. Bundan tashqari minglab aholidan iborat hududiy mudofaa bo’linmalari shakllantirildi. Mana ko’rib turibsiz, men ham qurol bilan.

Amerika Ovozi: Qurollangansiz, Kiyev mudofaasida qatnashayotgan bo’lsangiz, sizning vazifangiz nimalardan iborat?

Erfan Quddusov: Men hozir Kiyevda, uyimdaman. Hududiy mudofaa bo’limiga a’zoman. Ukraina o’z fuqarolariga ishonadi, shahar mudofaasi uchun ularga qurol tarqatdi, ya’ni harbiylar bilan bir qatorda o’z uyini himoya qilishga qaror qilgan fuqarolarga albatta.

Birgina Kiyevning o’zidan o’n minglab aholi hududiy mudofaaga yozildi. Albatta, qurol pasportga ko’ra tarqatiladi, urushdan so’ng aholidan yig’ib olinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG