AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainadagi urush tufayli Rossiyani sanksiyalar bilan jazolar ekan, Amerikadagi minglab ukrainlar vatandagi voqealarni uzoqdan xavotir bilan kuzatmoqda. Bayden ma’muriyati qaroriga ko’ra, AQShda vaqtincha turgan ukrainlar deportatsiyadan himoya qilinadi.
Kollejda ikkinchi kurs talabasi Andri Umanski Rossiya uning vataniga hujum qilganini “odamni shokka soladigan holat”, deya tasvirlaydi.
Umanski vaqtinchalik talaba vizasi bilan AQShda tahsil olmoqda. Barcha immigratsion qonunlarga rioya qilib o’qishni davom ettirayotganini, ammo Ukrainaga qaytishini aytadi.
“Nima bo’lishidan qat’i nazar mamlakatimga qaytaman”, - deydi u.
U singari ko’plab ukrainaliklar qachon qaytish xavfsiz ekani, Amerikada qancha vaqt qolish to’g’risida o’ylanib qolgan.
Bayden ma’muriyati AQShda vaqtincha yashayotgan va o’qiyotgan minglab ukrainaliklarga himoya ostidagi shaxslar maqomini beradi. Immigratsiya bo’yicha faollar qarorni olqishlamoqda.
“AQSh ichki xavfsizlik vaziri muayyan mamlakatlarga nisbatan shunday himoya dasturini e’lon qilish huquqiga ega. Deylik, fuqarolar vataniga xavfsiz qaytishi uchun sharoit bo’lmasa, qurolli to’qnashuv yoki boshqa g’ayrioddiy hodisalar ro’y berayotgan bo’lsa, shunday status beriladi. Ukrainada shunday holat”, - deydi advokat Liza Parisio.
Roman Korol – Kaliforniya texnologiya instituti talabasi. U ham AQShga vaqtinchalik talaba vizasi bilan kelgan. Ukraina kelajagi mavhum ekan, turli variantlarni ko’rib chiqayotganini aytadi.
“Imkoniyat bo’lsa, vatanga qaytishdan juda xursand bo’lardim. O’qishni tugatgandan keyin qaytish rejam bor edi. Lekin hozir vaziyat qaltis, Ukrainaga parvozlar yo’q”, - deydi talaba.
Kongress vaqtinchalik himoya dasturini 1990-yilda yo’lga qo’ygan.
“TPS dasturi muayyan davlatning AQShda bo’lib turgan fuqarolariga immigratsion imtiyoz beradi. Muddati – 18 oygacha. AQShda qonuniy yashashlari, ishlash uchun ijozat olishlari ham mumkin”, - Parisio.
AQSh ichki xavfsizlik vaziriga ko’ra, Rossiyaning asossiz bosqini sababli ukrainaliklar boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur. Bu og’ir sharoitda AQShdagi ukrainlarni qo’llab-quvvatlashga tayyormiz, deydi vazir.
Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, AQShda fuqaro bo’lmagan ukrainlar soni taxminan 105 ming. 2000 ga yaqini xalqaro talabalar. Ular TPS dasturidan foydalanishi mumkin.
“Men mustaqil va suveren, barcha hududlari o’z nazoratida bo’lgan Ukrainaga qaytishni, yordam berishni xohlayman”, - deydi Umanski.
2022-yilning 1-martiga qadar AQSh hududiga kirgan ukrainaliklar 18 oygacha qolib, ishlashlari ham mumkin.
Facebook Forum