AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Polshaga tashrif buyurib, Ukraina bilan chegaradagi shaharda bosh vazir va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Polsha, 5-mart holatiga ko’ra, qariyb 790 ming qochqinni qabul qilgan.
Polshada millionlab ukrainlar yashaydi. 2014-yilda Ukraina hukumati va sharqdagi separatistlar o’rtasidagi mojarodan so’ng oqim kuchaygan. Polshada AQSh taxminan 10 sonli qo’shinga ega, shuning yarmi oxirgi haftalarda kelgan.
“Polsha inqirozga javoban muhim ishlarni amalga oshirmoqda, xususan Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam berish borasida”, - dedi AQSh diplomati Jeshuv shahrida Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau bilan matbuot anjumanida.
Blinken Polsha-Ukraina chegarasida qochqinlar bilan ham ko’rishdi. Xalqaro migratsiya tashkilotiga ko’ra, Ukrainani tark etganlar soni 1,5 millionga yaqinlashyapti.
Urush jinoyatlari
Zbignev Rau Polsha qochqinlarni millati, irqi va dinidan qat’i nazar qabul qilishda davom etishini ta’kidladi.
“Ukrainaga qilingan hujum allaqachon Yevropani, xavfsizlik hissini o’zgartirdi”, - deydi vazir. Sababsiz, noqonuniy tajovuz natijasida qilinadigan hududiy o’zgarishlarni tan olmaymiz, deydi u.
Polsha Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatni hujjatlab borish uchun markaz tashkil etmoqda. AQSh bilan bu masalada hamkorlik muhokama qilingan.
“O’zining o’tmishdagi achchiq tajribasi tufayli Polsha urush jinoyatchilarini javobgarlikka tortishni talab qiladi”, - dedi Rau, Ikkinchi jahon urushi boshida Velyun shahri natsistlar tomonidan bombardimon qilinganiga ishora qilib.
Rossiya o’z harakatlarini bosqin emas, “maxsus harbiy operatsiya” deya ataydi. Maqsadi Ukrainani harbiy salohiyatidan ayirish va mamlakatni “natsistlardan” tozalash ekanini aytib kelmoqda. Rossiyaning BMTdagi diplomati Gennadiy Gatilovga ko’ra, maqsadga erishilgach, rus qo’shinlari Ukrainani tark etadi.
Entoni Blinken avvalroq Bryusselda bo’lib, NATO, Katta Yettilik guruhiga a’zo mamlakatlar va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bilan Rossiyaga qo’yilayotgan sanksiyalarni muhokama qilgan.
30 a’zoli NATO Ukraina qurolli kuchlariga harbiy yordam ko’rsatmoqda, yukning katta qismi Polsha orqali o’tadi. Biroq alyans Ukraina havo sarhadlarini Rossiya samolyotlari uchun yopish iltimosini bu yanada kengroq mojaroga yetaklaydi, deya rad etmoqda.
Facebook Forum