Breaking News

AQSh bizneslari Rossiya bilan aloqani uzayapti


Investorlar va iste’molchilarning tinimsiz bosimi ostida AQShning ayrim taniqli kompaniyalari, jumladan, “Apple”, “Google”, “Ford”, “Harley-Davidson” (Xarli- Deyvidson) va “Exxon Mobil” (Ekson Mobil) Rossiyani Ukrainaga bostirib kirgani uchun qoraladi.

“Apple” Rossiyada ayfon va boshqa mahsulotlarini sotishni to’xtatgan va Ukrainada tinch aholini himoya qilish uchun “Maps” xaritalar ilovasiga o’zgartirishlar kiritayotganini bildirgan.

“Google” Rossiya hukumati nazorat qiluvchi axborot vositalarini o’zining yangiliklar sahifasidan chiqarib tashladi. Rossiyada uch qo’shma korxonaga ega “Ford Motor” avtomobilsozlik kompaniyasi bu mamlakatda biznesni to’xtatdi. “Harley-Davidson” ham Rossiyaga mototsikllar yetkazmayapti.

Ekson Rossiyani tark etadi

Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda idorasiga ega “Exxon Mobil” neft va gaz kompaniyasi “Saxalin-1” loyihasini tark etishini, Rossiyaga yangi sarmoya olib kirmasligini e’lon qildi. Kompaniyaning Rossiyadagi aktivlari 4 milliard dollarga teng.

Britaniyaning “Shell” va “BP” korxonalari ham shunday yo’l tutmoqda. Ko’plab korporatsiyalar Rossiya bosqinini qoralayapti.

“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan chuqur xavotirdamiz. Zo’ravonlikdan jabr ko’rayotgan barcha odamlarga hamdardmiz”, deyiladi “Apple” bayonotida.

Ukrainaning yirik shaharlariga Rossiya raketalari yog’ilishida davom etar ekan, kompaniyalar birma-bir o’z munosabatini bildirmoqda.

“Ford” Ukraina bosib olingani, bu tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotganidan chuqur xavotirda. Vaziyat bizni Rossiyadagi faoliyatimizni qayta ko’rib chiqishga majburladi”, deyiladi avtomobil kompaniyasi bayonotida.

“Rossiyaning Ukraina hududiy yaxlitligini buzuvchi, uning xalqini xavf ostiga qo’yuvchi harbiy harakatlaridan afsusdamiz”, deydi Texasda asoslangan “Exxon Mobil”, Rossiyada yangi loyihalarga qo’shilmasligini bildirar ekan.

“Boeing” Rossiya samolyotlariga texnik xizmat ko’rsatmaydi

“Boeing” korporatsiyasi Rossiya samolyotlarini ehtiyot qismlar bilan ta’minlash va texnik xizmatlar ko’rsatishni to’xtatdi. Uning Moskvadagi trening markazi va Kiyevdagi idorasi vaqtincha yopiladi. AQSh Yevropa qatorida Rossiya samolyotlari uchun havo hududini yopgan.

Rossiya aviakompaniyalarida G’arbda ishlab chiqarilgan 700 dan ziyod samolyot bor.

G’arb sansksiyalari Rossiya iqtisodiga kuchli zarba berib, rubl qiymati 30 foizgacha tushib ketdi. Yuk tashish kompaniyalari Rossiya portlarini chetlab o’tishini bildirar ekan, Rossiyani moliyaviy izolyatsiyalash kuchayib borayapti.

Jamoatchilik sarmoyadorlardan atrof-muhit, ijtimoiy adolat singari omillarni hisobga olgan holda qarorlar qilishni talab qilar ekan, kompaniyalarning befarq yoki betaraf bo’lishi qiyin.

Bu G’arb investorlari bilan hamkorlik qiladigan Rossiya kompaniyalarini ham qiyin ahvolga qo’yadi, chunki ular o’z xatti-harakatlarini o’zgartirishga tayyor emas, deydi moliyaviy konsultant TJ Kistner.

Ko’pgina xorijiy kompaniyalar uchun yagona chora, deydi u, Rossiyani tark etishdir. Moskva, o’z navbatida, xorijiy sarmoyachilarning Rossiyadagi mol-mulkini sotishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etdi.

Rossiya kanallari

“Apple” Kreml siyosatini qo’llab-quvvatlaydigan “RT” (Russia Today) va “Sputnik” telekanallari ilovasini blokladi.

Bu ikki kanal “axborot manipulyatsiyasi va dezinformatsiyada” ayblanib, Yevropa Ittifoqi hududida taqiqlangan. “Microsoft”, “YouTube”, “Facebook”, “Google” va “TikTok” ham kompaniyalari Yevropa hududida “RT” va “Sputnik” dasturlarini chekladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG