Breaking News

Bayden: Amerika va ittifoqchilari Putinning adabini beradi


Bayden Kongressga: Putin yakkalandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:16 0:00

Bayden Kongressga: Putin yakkalandi

Sovuq urush davridan beri AQSh prezidenti repressiya va agressiyaga qarshi va xususan Rossiyaga nisbatan, yadroviy qurolga ega hukumatga qarata bu qadar keskin chiqish qilmagan.

Oq uyga ko'ra, Kremlda uzoq yillik rahbar Vladimir Putin - erkinlik, mustaqillik, suverenitet va adolatning dushmanidir.

"Tarix bizga o'rgatganki, diktatorlar agressiyasi uchun vaqtida jazolanmasa, haddidan oshaveradi. Ular zulmdan to'xtamay, Amerikaga va butun dunyoga tahdid solaveradi", - dedi Bayden Putinga ishora qilib.

"Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi mana shunday xavfning oldini olish uchun tuzilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash - uning asosiy vazifasi. AQSh va yana 29 davlat unga a'zo".

Kongress, Vashington, 1-mart, 2022
Kongress, Vashington, 1-mart, 2022

Baydenning Amerika ommasiga hisobot berishicha, Vashington diplomatiyasi o'z samarasini bermoqda. Dunyo hozir Rossiyaga qarshi bir yoqadan bosh chiqarmoqda.

"Putin Ukrainaga qarshi urushni qasddan, hech qanday asossiz va sababsiz rejaladi. Diplomatik chora izlamadi. Putin G'arb va NATO qo'l qovushtirib o'tiradi, deb o'yladi. U o'zicha Amerikani tarqoqlashtiraman, deb xayol qildi", - deydi Bayden.

"Putin adashdi. Biz uning qilmishlarini yaqindan kuzatdik, bildik va tayyor turdik".

Bayden deydiki, Rossiya rahbari misli ko'rilmagan darajada yakkalangan, sanksiyalar ta'sirini shaxsan va sistematik tarzda his qila boshlagan. U g'azabda, deydi Amerika prezidenti, chunki armiyasi, iqtisodiyoti, atrofidagi oligarxlari qaqshay boshlagan va uzoq payt o'ziga kelolmaydi.

Amerika shakllantirgan global koalitsiya Rossiya hukumatining va Putinning adabini beradi - bugun, ertaga va kelajakda, deydi Bayden.

AQSh o'z havo hududlarini Rossiyaning har qanday samolyotlariga yopmoqda.

"Ukrainaga har tomonlama madad ko'rsatamiz, harbiy, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosat jihatdan. Rossiyadek yovuz kuch bilan kurashayotgan Ukraina xalqini quvvatlaymiz".

Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova AQSh Kongressida ehtiromda, Vashington, 1-mart, 2022
Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova AQSh Kongressida ehtiromda, Vashington, 1-mart, 2022

Baydenning qayd etishicha, Amerika bu urushga o'z harbiylarini safarbar etmaydi, biroq NATO doirasida ittifoqchilari va sheriklarini himoya qiladi. Yevropadagi kontingent va mudofaa tizimlari har qanday xavfni bartaraf etishga shay holatda, deydi prezident.

Prezident Volodimir Zelenskiyni maqtar ekan, Bayden Kongressga bu hisobotni tinglash uchun taklif qilingan Ukraina elchisi Oksana Markarovaga minnatdorchilik bildirib, uning xalqiga kuch-quvvat tiladi.

"Bu urush Rossiya va Putinni zaiflashtiradi, erkin dunyoni birlashtirib, kuchga to'ldiradi",- deydi Bayden.

"Biz Ukraina bilan hamnafasmiz, uning yonidamiz, dardiga malham bo'lishga harakat qilayapmiz".

Kongress, Vashington, 1-mart, 2022
Kongress, Vashington, 1-mart, 2022

Bayden xalq yonilg'i narxi oshayotganidan xavotirda ekanini bilishini aytadi. Oq uy 30 davlat bilan hamkorlikda 60 million barrel neft zaxirasini ochish ustida ishlamoqda.

"Bu masalani hal qilamiz, narx tushadi", - deya so'z berdi prezident.

Amerika rahbari Kongressdan uning inflyatsiyaga qarshi choralarini quvvatlashni so'radi. Bayden ishlab chiqarish va yashil sanoatni kengaytirishni, AQSh iqtisodiyotini yangi bir davrga olib kirishni va'da qilgan.

Ishsizlik darajasi hozir Amerikada 4 foizda.

Mamlakat koronavirus pandemiyasidan chiqar ekan, iqtisod yanada jonlanadi va o'sish sur'ati tezlashadi, deydi Bayden.

"AQSh har qanday muammoni hal qila olishga qodir davlat va jamiyat", - deydi Bayden, "siyosiy murosa yo'lidan borsak bas".

Amerika soliq tizimi adolatsiz, islohotlarga muhtoj, deydi prezident. Boylarga imtiyoz bersak, xalq ham naf ko'radi, degan yaroqsiz nazariya Amerikani iqtisodiy va ijtimoiy adolatdan yiroqlashtirdi va qashshoqlikni oshirdi.

"Bugun bizning infrastrukturamiz dunyoda 13-o'rinda. 21-asrda bu ahvolda hech kim bilan raqobat qilolmaymiz".

Bayden Kongressni uning bu masalalar bo'yicha takliflariga qarshi chiqmaslikka chaqirdi. Oq uy qonun loyihalari tezroq ko'rib chiqilib, ma'qullanishidan umidvor.

Kongress, Vashington, 1-mart, 2022
Kongress, Vashington, 1-mart, 2022

Prezident adliya va sud tizimidagi muammolar, muhim lavozimlarga nomzodlari tayyor ekani, ta'lim sohasida zarur o'zgarishlar, shuningdek, sog'liqni saqlashdagi yutuq va kamchiliklar haqida ham birma-bir to'xtaldi.

Koronavirus testlari tekin, deydi Bayden, vaqtida ko'rikdan o'ting. Vaksina oling, emlanish sizni virusdan saqlaydi.

AQSh 112 mamlakatga 475 million doza vaksina hadya qilgan. Bu kabi beg'araz yordam davom etadi, deydi Bayden.

Prezident ichki xavfsizlik, politsiya, va qurol nazorati borasida ham gapirdi.

"Hammamiz bir fikrdamiz: Politsiyamiz uchun mablag'ni oshirishimiz kerak, toki uning faoliyati yaxshilansin, yetarlicha resurslarga ega bo'lsin, unga ishonch va hurmati oshsin", - deydi u.

Bayden qurolga egalik huquqini cheklamoqchi emas, ammo uni sotib olishni qiyinlashtirish va unga ega amerikaliklarni izchil tekshirish tarafdori.

"Maqsad - insonlar hayotini asrash", - deydi prezident.

Amerika janubiy chegaralarida vaziyat hamisha tahlikali. Har bir rahbar odam va qoradori savdosiga qarshi kurashishni va'da qiladi, biroq ishi chala qoladi.

Bayden Amerikada uzoq muddat hujjatsiz yashayotgan immigrantlar va ularning bu mamlakatda katta bo'lgan bolalarini qonuniylashtirishga chaqirmoqda. Qonunchilar bu boradagi loyihalarni ma'qullasin, deydi prezident.

Xotin-qizlar uchun sharoitni yaxshilash, gender tenglikni ta'minlash ham Bayden ma'muriyatining yuqori o'rindagi maqsadlaridan biri. Har bir jabhada ayollar roli oshishi kerak, deydi Bayden, ular uchun shu paytgacha yopiq turgan eshiklar ochilishi zarur.

Prezident turli davlatlarda ekologik jihatdan xavfli va zaharli muhitlarda xizmat qilgan harbiylar uchun imtiyozlarni oshirishni xohlaydi, xususan, Iroq va Afg'onistonda, jumladan 2001-2005 yillarda O'zbekistonda Qarshi-Xonobod havo bazasida bo'lgan zobitlarga ham. Kongressda shu paytgacha bu borada qilingan sa'y-harakatlar ish bermagan. Endilikda demokratlar dunyo bo'ylab toksik hisoblangan zonalarda yurib kasallangan amerikaliklarga imkoniyatlar yaratuvchi qonun loyihasini olg'a surmoqda. Bayden buni olqishlab, xalq vakillariga "tezroq ovoz bering", dedi.

Prezident saraton va boshqa og'ir kasalliklarga davo izlayotgan olimlarni quvvatlashga ham chaqirdi. Amerika tadqiqotchilari buning uddasidan chiqadi, deydi Bayden.

"Biz ozodlik uchun kurashib, uni kengaytirib, totalitarizm va terrorga qarshi kurashib, insoniyat tarixidagi eng erkin, kuchli va farovon davlatni qurganmiz. Demokratiyani saqlab qolamiz, uni kuchaytiramiz. Zamonimiz qanchalik og'ir tuyulmasin, men kelajakdan har doimgidan ham umidvorman", - deydi prezident.

"Davlatchiligimizning 245-yilida mamlakatimiz kuchli va barqaror".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG