Breaking News

Tramp prezident bo'lganida Putin Ukrainaga urush ochmasmidi?


AQSh rahbari Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvi, Jeneva, 16-iyun, 2021
AQSh rahbari Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvi, Jeneva, 16-iyun, 2021

Vashingtonda ko'plab respublikachilar Prezident Jo Baydenni kuchsizlikda ayblab, Donald Tramp Oq uyda bo'lganida Kreml agressiyaga berilmas edi, deya tanqid qilib chiqdi. Ular ta'biricha, Tramp qayta saylanganida Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirmagan bo'lar edi. Tahlilchilar bu argumentda asos ko'rmaydi, biroq ayrim ekspertlar nazarida Kreml undan nafratlanmaydigan lider bilan ishlashi mumkin edi.

Respublikachi senator Lindzi Grem deydiki:

“Donald Tramp hozir Amerikani boshqarayotgan bo'lganida bu mojaro chiqmas edi, chunki biz kuchliroq tomon bo'lar edik. Bayden zaif, Tramp kuchli edi".

Brukings aql markazidan siyosiy tadqiqotchi Maykl Oxanlon tahlilicha, Tramp Putinni to'xtata olmagan bo'lardi.

Oxanlon NATO va Yevropadagi xavfsizlik siyosati haqida kitob yozgan. Parda ortidagi masalalarni izchil o'rgangan olim sifatida u shunday taxmin qiladi:

“Putin balki bir sabab bilan bunday yo'ldan bormagan bo'lar edi. Trampdan qo'rqqani uchun emas, uni xushlagani bois keskin ziddiyatga borishni istamay, urush ochmagan bo'lar edi".

Ukrainadagi mojaro, Oxanlon fikricha, 100 foiz Putinning aybi. Rossiya prezidenti javobgarlikka tutilishi kerak, deydi ekspert.

Biroq NATO yuzasidan kelishmovchilik Bayden paytida yuzaga kelgan emas.

"AQShning bir necha prezidenti olib borgan siyosat va Sovet ittifoqi parchalanganidan keyingi qarorlar... Chuqur ildizli omillar, - deydi Oxanlon. - Amerika prezidenti boshqa odam bo'lganida, deya bashorat qilish mavzuni tushunmaslikdan darak va muammoni o'ta oddiylashtirishdir".

Respublikachi senator Lindzi Grem
Respublikachi senator Lindzi Grem

Ukraina azaldan "qizil chiziq"

Vashingtondan yana bir ekspert Joshua Shifrinson deydiki, "Amerika azaldan bilar edi: Ukraina Rossiya uchun NATOning kengayishida qizil chiziq edi".

Ya'ni, deya tushuntiradi u, Kreml uchun NATO bu mamlakatni o'ziga qo'shish haqida hatto o'ylamasligi kerak edi.

NATO-Ukraina aloqalari esa, deydi Shifrinson, aslida Tramp paytida avj olgan.

2019-yilda Ukraina o'z konstitutsiyasini o'zgartirib, NATOga kirish uchun harakatni tezlashtirdi. O'sha yili Volodimir Zelenskiy prezidentlikni boshlar ekan, Shimoliy Atlantika harbiy blokiga kirishni prioritet deb belgiladi.

Shifrinson nazarida Zelenskiyning kelajakni G'arb bilan yaqin hamkorlikda ko'rishi Putinni g'azabga keltirgan omillardan biri. Shuningdek, deydi olim, Bayden NATO bilan puxta ishlayotgani.

Tramp paytida AQSh va NATO orasidagi aloqalar sovuqlashgan. Bayden kelishi bilan aylans jipslashib, Rossiyaga qarshi siyosiy front shakllandi.

“Amerika o'ziga qaytdi, degan shior bilan Bayden Putinni balki tezroq harakat qilishga majburlagandir, - deydi Shifrinson. - Lekin bu urush Rossiyaning ishi va xohishi; vijdonsizlik bilan qilingan qaror va xalqaro qonunlarga mutlaq zid".

Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell
Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell

Afg'oniston omili

Ba'zi respublikachilar AQShning Afg'onistondan chiqishi ham Putinga kuch berdi, degan xulosani olg'a suradi. Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell, jumladan, shunday fikrda.

"Afg'onistondan shoshib chiqib ketishimiz Amerika charchadi, zaiflashdi, unga endi hech kim tayana olmaydi, degan signal bo'ldi. Rossiya va balki Xitoy ham shunday xulosa qildi. Avtokrat rahbarlar bu fursatdan foydalanmoqda", - deydi u.

Xavfsizlik masalalari bo'yicha tahlilchi Jeffri Edmonds masalani Afg'onistonga bog'lamaydi.

“O'tgan ikki yilda Kreml ancha pand yedi”, - deydi ekspert.

Qrimning hamon Ukraina yeri deb hisoblanishi va bu yarimorol taqdiri yuzasidan muzokaralar ish bermagani; Ukraina sharqidagi separatistlarga qarshi amaliyotlar; AQSh va NATOning Kiyevga yordamni oshirishi, deya sanaydi olim.

Shu bilan birga, deydi Edmonds, Kreml ham o'zboshimchalikka zo'r berdi.

“Jarayonlar shunday nuqtaga olib keldiki, Putin uzoq yillardan beri yig'ilib qolgan alamini katta bir urush boshlash bilan olishga qaror qildi", - deydi ekspert.

Uning tahlilicha, Kreml Ukrainaga bostirib kirishga aslida o'tgan yili qaror qilgan.

20-aprel, 2020: Prezident Donald Tramp Oq uyda matbuot bilan muloqotda
20-aprel, 2020: Prezident Donald Tramp Oq uyda matbuot bilan muloqotda

Trampning o'zi nima deydi?

Sobiq prezidentning o'zi ham agar hozir Oq uyda o'tirganida Rossiyaning Ukrainaga hamla qilishga haddi sig'magan bo'lar edi deb hisoblaydi.

2020-yilgi saylovlarda mag'lub bo'lganini hamon tan olmagan Tramp Amerika telekanallarida intervyu berar ekan, Putinni qat'iyatli rahbar deb maqtadi.

Rossiyaning Ukrainaga urush ochishi, Tramp fikricha, "aqlli qaror".

"Putin tinchlik kerak deb vaziyatdan qoniqib turgan edi, ammo AQSh rahbariyati o'zini o'ta zaif va ahmoq tomon sifatida namoyon qila boshladi. Putin Amerikani imkonsiz, noqobil davlat deb hisoblab, shunday qadam tashladi".

Tramp vaziyatdan g'azabda ekanini, Ukrainadagi mojaro va G'arb-Rossiya ziddiyati uni bezovta qilishini aytadi.

"Bularning hammasiga o'sha adolatsiz saylov sabab bo'ldi. Aks holda bu urush aslo yuz bermagan bo'lar edi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG