Ukraianadagi qonli urush, COVID-19 pandemiyasi va iqtisodiy muammolar - Prezident Jo Baydenning Kongressdagi ikkinchi hisobotida keng o'rin ajratilgan mavzular.
Bosh qomus Amerika rahbaridan qonunchilar oldida yillik ma'ruza talab qilmaydi, ammo bu tadbir kamida bir asrlik siyosiy an'ana.
20-asr boshigacha prezidentlar hisobotini yozma yo'llagan. 1913-yilda Uidro Uilson Kongress huzuriga borib so'zlagani chuqur ijobiy taassurot qoldirgani uchun bunday chiqishlar odatga aylangan.
O'tgan yilgi murojaat paytida Kapitoliyda odam kam edi, chunki koronavirus sabab ko'plab qonunchilar va ularning xodimlari virtual ishlayotgan edi.
Hozirga kelib, Oq uyga ko'ra, Amerika pandemiyadan chiqa boshlagan. Lekin kurash susaymaydi va prezident bu boradagi siyosatni tushuntiradi, deydi rasmiylar.
1-mart kuni Vashington vaqti bilan 21:00 da boshlanadigan nutq oldidan Kapitoliy va uning atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
"Rossiya bosqinchi va munosib jazolanishi kerak"
Prezident Bayden ayni damda tashqi siyosatidagi eng dolzarb masala - Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va u yerdagi janglarga to'xtalib, Amerika hayot-mamot uchun kurashayotgan xalqqa yordamni ayamasligini eslatadi.
Ukrainaga har tomonlama madad ko'rsatish, uni va shu tariqa erkin dunyoni Kremlning temir panjasidan himoya qilish borasida gapirib, Bayden Kongress a'zolaridan uning bu boradagi takliflarini quvvatlashni so'raydi.
“Prezident Rossiya agressiyasiga qarshi global koalitsiya shakllantirib, Prezident Putin va uning doirasini moliyaviy jazolovchi va bu davlat iqtisodiga zarba beruvchi sanksiyalar amaliyotiga yetakchilik qilmoqda. Rossiya bosqinining global iqtisod va Amerika xalqiga ta'sirini ham muhokama qiladi", - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
O'tgan bir haftada Bayden uch bor ommaga murojaat qildi. Vashingtonda uning tashqi siyosati, xususan Ukraina va Rossiyaga nisbatan strategiyasini qoralovchilar talay. Konservatorlar fikricha, Oq uy to'g'ri qadamlar tashlaganida urushning oldini olishi mumkin edi. Sanksiyalarni Rossiya Ukrainaga kirganidan keyin emas, ancha oldin qo'llash zarur edi, deydi yetakchi respublikachilar.
Kongressdagi tanqidchilar prezident murojaati paytida unga qarshi ekanini odatda qarsak chalmay yoki qichqirib bildiradi.
“Xalqaro inqiroz paytida xalqimiz azaldan prezidentni olqishlab kelgan”, - deydi Norman Ornstin, Amerika Biznes instituti eksperti.
"Lekin bugun mamlakatimizda siyosiy tarqoqlik kuchli. Buni bilish uchun telekanallarga bir nazar tashlasangiz kifoya".
Prezidentlikning ilk oylarida, jumladan bir yil oldin Baydenning reytingi 57 foiz edi. Ikkinchi yili boshlanar ekan, respondentlarning 41 foizigina unga ishonishi va faoliyatidan mamnun ekanini bildirgan.
Vakillar palatasida respublikachilar lideri Kevin Makkarti prezident chiqishi oldidan Kongressda yig'in o'tkazib, Baydenning kamchiliklarini sarhisob qilmoqchi.
Iqtisod hamisha birlamchi masala
Prezidentlar Kongress huzuriga kelganida yil davomida qonunchilar Oq uydan qanday takliflar olishini aytib, muammolarga qanday yechimlar izlayotganini izohlab beradi. Xalq vakillaridan uni quvvatlov so'raydi.
Texas universitetidan Jeremi Suri deydiki, prezident har doim iqtisod to'g'ri yo'lda, deya xitob qiladi.
“Bozorda va ishlab chiqarishda, barcha muammolarga qaramasdan, hammasi joyida; ishsizlik ozaymoqda; inflyatsiyani kamaytirishga bel bog'laganmiz; yechimlar aniq, siz faqat ular uchun ovoz bering, deya undaydi".
Bayden ham shunday qiladi, deydi Suri, chunki xalqning ishonchi nihoyatda muhim. Unga umid beradigan, Oq uy qattiq ishlayotganini aks ettiradigan gaplar aytiladi.
Oq uy rasmiylariga ko'ra, prezident - mamlakatni nimalar qiynayotganini eng yaxshi biladigan va tushunadigan odam. Biror katta muammo chetda qolmaydi, deydi ular. Iqtisodni kuchaytirish - eng ustuvor vazifalardan biri, shuningdek, xavfsizlikni ta'minlash va AQSh global nufuzini oshirish.
Facebook Forum