Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumini qoralovchi rezolyutsiyaga veto qo'yishdan bosh tortdi.
Xitoy uni yoqlab ovoz ham bermadi, ammo Moskvani xafa qilishi mumkin bo'lgan bayonotlar berdi. Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Tzyun Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirdi.
"Ukraina Sharq va G'arb o'rtasidagi ko'prik bo'lishi kerak, yirik davlatlar o'rtasidagi qarama-qarshilik uchun maydon emas", - dedi Chjan.
Shu bilan birga, u NATOning kengayishi va Ukrainaning unga aʼzo sifatida qo’shilishiga oid Rossiya xavotirlarini tushunishga chaqirdi.
Xitoy Tibet, Shinjon va Gonkong kabi muammoli hududlar bo’yicha xorijiy tanqidlarni rad etishda aynan suverenitet va hududiy yaxlitlik haqidagi bayonotlardan foydalanadi. Afg'onistonda AQSh qo'shinlarining mavjudligiga qarshi chiqishlarida ham shu asosni qo’llagan.
"Rossiyaning Ukraina bir qismini anneksiya qilishi yoki Kiyevni bosib olishi Xitoyning suverenitet muqaddas ekanligi haqidagi pozitsiyasiga zid", - deydi AQSh razvedka xizmatining sobiq xodimi Jon Kalver.
Xitoy og’ir tanlov qarshisidami?
Xitoyning Ukraina bosqiniga nisbatan neytral pozitsiyani egallash qarori bir qancha savollar tug‘dirmoqda. Pekin so‘nggi lahzada sovuqqonlik ko‘rsatdimi yoki Rossiya Ukrainadagi harbiy tajovuzda Xitoy kutganidan ham ko’ra ko’proq ishga qo’l urdimi?
“G‘arb davlatlarining Rossiyani yakkalab qo‘yish borasidagi birligi va qat’iy qarori hayratlanarli holat. Xitoy toshlarni his qilishi va daryo bo'ylab ehtiyotkorlik bilan yurishi kerak ", - deydi Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarining yuqori martabali jurnalisti ismini oshkor qilmaslikni so'rab.
Bir necha kun oldin xitoylik ekspertlar Yevropaning Rossiyaga qarshi AQSh takliflarini qo‘llab-quvvatlashiga imkon yo‘q, chunki mintaqa Rossiya gaziga qattiq qaram ekanini aytayotgan edi.
Xitoy Xalqaro tadqiqotlar institutining Yevropa tadqiqotlari departamenti direktori Chuy Hongjianning davlatga qarashli “Global Times” gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, Yevropaning Rossiyadan yuz o’girish qobiliyati “AQSh qay darajada Rossiyaning tabiiy gaz eksporti o‘rnini bosa olishiga bog‘liq”.
Yevropa har qanday ikkilanishni yengib, Rossiyaning keyingi tajovuzkorligini toʻxtatishga harakat qilgandan soʻng, Pekin Moskvaga nisbatan qoʻllanilgan yanada qattiqroq moliyaviy sanksiyalar oqibatidan, masalan, Rossiya Markaziy banki xalqaro operatsiyalarining taqiqlanishidan va Rossiyaning “SWIFT” xalqaro pul o'tkazmalari tizimidan uzib qo’yilishidan xavotirga tushmoqda.
Dunyodagi eng yirik savdogar sifatida Xitoyning Rossiya bilan aloqalarida cheklanish paydo bo’lishidan xavotir bildirishi uchun jiddiy sabablar bor. Ko'plab Xitoy banklari Rossiya moliya kompaniyalari bilan yaqin munosabatlarga ega. Xitoy kompaniyalari uchun ham ulush yuqori, chunki ularning 254 tasi AQSh fond birjalarida joylashgan.
Yillar davomida Xitoy Vashington va Yevropa oʻrtasidagi kelishmovchiliklardan foydalanishga urinib keladi. Misol uchun, AQSh Xitoy kompaniyalariga xavfsizlik va yuqori texnologiyalar bilan bog'liq sohalarda korporativ aktivlarni sotib olishni qiyinlashtirgandan so'ng, u Yevropada kengroq sarmoyaviy imkoniyatlarni ilgari surdi.
Bir barreli 100 dollarga yetgan neft narxining ko'tarilishi xom neftning eng yirik importchisi bo’lgan Xitoy xarajatlarini yanada ko’paytiradi. Rossiya Xitoy uchun Saudiya Arabistonidan keyin ikkinchi eng yirik neft manbai hisoblanadi.
Rossiya xalqaro to'lov tizimidan chiqib ketganidan keyin Xitoy Rossiya neftini sotib olishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ayni paytda Rossiya va Xitoy o'zaro savdo uchun “SWIFT”ga kirishni talab qilmaydigan to'lov tizimi ustida ishlamoqda.
Xitoy ichidagi kayfiyat qanday?
Xitoy ichida hukmron fikr shuki, vaziyatga uzoq muddatli nuqtai nazar bilan qarashga o’rgangan Xitoy rasmiylari ushbu holatda noto'g'ri hisob-kitob qilgan bo’lishi mumkin emas.
Ammo Putin o'zi rejalashtirgan harakatlarni Si Zinpinga to’liq oshkor etmagan bo’lishi mumkin.
"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, Amerika razvedkasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishga tayyorligi haqidagi ma'lumotlarni Xitoy rasmiylari bilan baham ko'rgan, ammo Pekin bu ehtimolni rad etgan. AQSh rasmiylari hisob-kitobiga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Xitoy ko'p narsa yo'qotadi va shu bois oldindan xabar berilsa, Pekin bosqinni to'xtatish uchun Moskvaga ta’sir o’tkazishi umid qilingan edi.
Facebook Forum