Breaking News

Ukrainadagi urush: Kreml senzurani kuchaytirgan


Urushga qarshi namoyishlar tinmayapti, Moskva
Urushga qarshi namoyishlar tinmayapti, Moskva

"Roskomnadzor", Rossiya hukumatining matbuot bo'yicha bosh nazoratchisi mustaqil ommaviy axborot vositalarini Ukrainadagi urushni salbiy yoritmaslikka chaqirib, aks holda jazolanishlari mumkinligi haqida ogohlantirdi. Jurnalistlarga ko'ra, mutasaddilar ulardan xususan urush talafotlari haqida axborot bermaslikni talab qilmoqda.

"Roskomnadzor" kamida 10 media tashkilotga shunday mazmunda xat yuborgan, jumladan "Novaya Gazeta" va "Ozodlik"-"Amerika Ovozi" qo'shma loyihasi bo'lgan "Current Time" multimedia tizimiga.

28-fevraldan hukumat "Current Time" ning Qrim uchun maxsus saytini bloklagan.

"Ozodlik" va "Amerika Ovozi" AQSh Global Media Agentligiga kiruvchi mustaqil teleradiolardir. Kongress tomonidan moliyalansa-da, ularning faoliyatiga Amerika hukumati yoki biror boshqa taraf aralashmaydi.

Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa yirik shaharlarda Ukrainadagi urushga qarshi namoyishlar tinmayapti. Har kuni o'nlab insonlar hibsga olinmoqda, jumladan bu chiqishlarni yoritayotgan jurnalistlar.

“Ukrainaga bostirib kirganidan beri Rossiya mustaqil axborotni cheklashga zo'r bermoqda", - deydi Gulnoza Said, Nyu-Yorkdan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi vakili.

"Twitter" va "Facebook" global tarmoqlari Rossiya davlat OAVlarini alohida belgilamoqda, ayrimlarini cheklamoqda
"Twitter" va "Facebook" global tarmoqlari Rossiya davlat OAVlarini alohida belgilamoqda, ayrimlarini cheklamoqda

"Roskomnadzor" urushni yoritishda matbuotdan faqat hukumatga tayanishni talab qilmoqda.

Kremlga ma'qul bo'lmagan har qanday kontent olib tashlanishi buyuriladi. Chunki, deydi rasmiylar, bu ma'lumotlar soxta bo'lishi mumkin yoki harbiy amaliyotlarga doir maxfiy informatsiyani fosh etishi mumkin.

Mediadan Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini "tajovuz", "bosqinchilik" yoki "urush ochish" deb ta'riflamaslik ham talab qilinmoqda.

Chet eldan moliya olgan media Rossiyada allaqachon "xorijiy agent" deb tamg'alanadi. Va shu asosda keyin ular bu davlat armiyasining boshqa mamlakatdagi operatsiyalarinni yoritmasligi kerak, deydi rasmiylar.

Rossiya Adliya vazirligiga ko'ra, 40 dan oshiq media tashkilot va individual jurnalistlar "xorijiy agent"lardir.

Bu muxbirlar va axborot vositalari nazarida Rossiya hukumati ularga nisbatan ishonchni so'ndirish maqsadida shunday choralar ko'radi. AQSh ham Rossiya davlat axborot manbalariga o'z hududida "xorijiy agent" deb qaraydi.

"RT" bosh muharriri Margarita Simonyan G'arbni senzurada ayblaydi
"RT" bosh muharriri Margarita Simonyan G'arbni senzurada ayblaydi

"Ozodlik" va "Amerika Ovozi" Kremlning senzurasi ularga o'tmasligini bildirib, repressiv tuzumning asossiz talablari aslo bajarilmaydi, deya javob bermoqda. Bu tashkilotlarga ko'ra, omma hamisha haqiqatni bilishga haqli, jurnalistlarning vazifasi reallikni ochib berish.

Venadan Xalqaro matbuot instituti direktor o'rinbosari Skott Griffin deydiki:

“Kreml yondashuvini oqlamaydigan mustaqil jurnalistikani jarima yoki boshqa yo'llar bilan jazolashga mutlaq qarshimiz. Biroq hukumati yoki xavfsizlik organining bunday bosim o'tkazishga haqqi yo'q".

Griffen kuzatishicha, Rossiya bo'ylab jurnalistlarni qamoqqa olish hollari keng tus olmoqda va senzura ham avjida.

"Roskomnadzor" ijtimoiy tarmoqlarni ham cheklamoqda. "Facebook" va "Twitter" Rossiya hukumatiga qarashli axborot vositalarini alohida belgilay boshladi va ayrimlarini bloklagan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Rossiya siyosatini qoralab, xalqaro majburiyat va normalarni eslatmoqda. Tashkilotning Matbuot erkinligi bo'yicha maxsus vakili Tereza Ribeyro qayd etishicha, aholining aloqa qilish imkoniyatiga to'siqlar qo'yish, ma'lumot olish va tarqatishni qiyinlashtirish adolat tamoyillariga ziddir.

Yevropa Ittifoqi Rossiya hukumatining "RT" (Russia Today) va "Sputnik" media tashkilotlarini taqiqlaash harakatida.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula von der Leyen Rossiya hukumati va unga qarashli media tashkilotlarni disinformatsiyaga ayblaydi
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula von der Leyen Rossiya hukumati va unga qarashli media tashkilotlarni disinformatsiyaga ayblaydi

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula von der Leyen "zaharli va zararli dezinformatsiyani man qilish ustida ish ketmoqda", deydi.

"RT" Polshadan allaqachon haydalgan. Fransiya va Britaniya ham uning faoliyatini cheklash taraddudida. Germaniyada "RT" litsensiyasiz ishlashdan ogohlantirilgan.

"RT" bosh muharriri Margarita Simonyan Yevropa Ittifoqini urush bahona uning tashkilotini yopishga urinayotganlikda ayblagan.

"Tass" axborot agentligiga ko'ra, uning sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari xakerlar hujumlariga uchramoqda. Agentlik kontenti o'rnida Ukrainadagi urushga qarshi e'lonlar va chaqiriqlar chiqmoqda. Jumladan, “Putin bizni aldashga majbur qilib, tahdid ostiga qo'ymoqda", degan gaplar.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, "Novaya Gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov deydiki, Ukraina va ukrain tili "biz uchun dushmas emas". Rossiyaning 200 jurnalisti urushni qoralab, ochiq bayonot bilan chiqqan.
Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, "Novaya Gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov deydiki, Ukraina va ukrain tili "biz uchun dushmas emas". Rossiyaning 200 jurnalisti urushni qoralab, ochiq bayonot bilan chiqqan.

"Novaya Gazeta" ning yaqinda Nobel mukofoti olgan bosh muharriri Dmitriy Muratov deydiki:

“Biz Ukrainaga aslo dushman sifatida qaramaymiz. Ukrain tili dushman tili emas".

"Novaya Gazeta" xodimlari Rossiyaning 200 jurnalisti qatorida urushga qarshi ochiq bayonotga imzo chekkan.

“Urush biror mojaroning yechimi emas va hech ham bo'lmagan. Bu urush asossiz", - deyiladi xatda.

Xalqaro tashkilotlar nazarida bunday chiqishlar Rossiyada hali ham "naqadar jasoratli va mas'uliyatli jurnalistlar" borligidan darak.

Ukrainada urush boshlanishi bilan jurnalistlarga akkreditatsiya olish talabi bekor qilingan. Muxbirlar hech qanday rasmiy ruxsatsiz bemalol ishlashi mumkin. Kiyev matbuot erkin ishlashi uchun sharoit yaratgan, deya baholamoqda Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ommaviy axborot vositalarini haqqoniy ishlashga undab, bu yo'lda hukumatlar ularga halal bermasin, deya undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG