Breaking News

BMT: Ukrainadagi urushda hozirgacha kamida 240 kishi halok bo'lgan


Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uchinchi kun ham qonli kechib, yuzlab insonlarning yostig'i qurigan.

Ukraina Sog'liqni saqlash vaziri Viktor Lyashkoning ma'lum qilishicha, hozirgacha 200 ga yaqin fuqaro halok bo'lgan.

Mudofaa vazirligiga ko'ra esa Kreml Ukrainaga qarshi harbiy harakarlarni boshlaganidan beri Rossiyaning 3500 dan oshiq harbiysi o'lgan.

BMT umumiy hisobicha, kamida 240 kishi nobud bo'lgan, 64 nafari tinch aholi vakillari. Qurbonlar orasida bolalar ham bor.

Ukrainaga shimol, sharq va janubdan kirgan Rossiya qo'shinlari maqsad bu mamlakatni harbiy salohiyatdan ayirish desa-da, ko'priklar, bog'cha va maktablar, aholi punktlariga ham vayron bo'lmoqda.

G'arb davlatlari va NATO Ukrainaga harbiy yordamni oshirmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirgan.

Ukraina rasmiylari Rossiya jurnalistlari bilan muloqotda deydiki, Kreml mamlakatni yakson qilayotgani uchun javobgarlikka tutiladi, Kiyev tovon talab qilishga bel bog'lagan.

Kreml xalqaro maydonda qoralanayotgani, sanksiyalar bilan jazolanayotgani, cheklovlar dunyo bo'ylab ortib borayotganiga qaramay urushni to'xtatmasligini bildirgan.

Ukraina hukumatiga ko'ra, Rossiya rahbari Vladimir Putinning maqsadi Kiyevda o'zi xohlagan odamni prezidentlikka keltirish.

"Biz kurashamiz va aslo bosh egmaymiz", - deydi Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy.

24-fevral kunidan beri qariyb 100 ming ukrainalik Polshaga o'tgan. Qochqinlar oqimi kengayib bormoqda.

Minglab odamlar Slovakiya, Ruminiya, Moldova va Vengriyaga ham kirgan, chegarada uzun navbatlar kuzatilmoqda.

Ukrainaning bu qo'shnilari Ukrainaga hamdard ekanini bildirib, kelayotgan odamlar uchun zarur sharoit yaratib berishni va'da qilgan. Kasalxonalar va maktablar ularga moslanib, oziq-ovqat va boshqa zaruratlar qoplanishi kutilmoqda.

BMT Qochqinlar agentligi bu davlatlar bilan hamkorlikda vaziyatni nazorat qilmoqda. Tashkilot 27-fevral kuni bilan hisoblaganida, ukrainalik qochqinlar soni 370 mingdan oshgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, 600 dan oshiq fuqaro Ukrainadan evakuatsiya qilinib, Polshaga yo'l olgan. Kiyevdagi elchixona hisobicha, Ukrainada 4300 o'zbekistonlik yashab keladi.

Ukraina chegarasida narigi davlat fuqarolari allaqachon yegulik, suv va mashinalar keltirib, qochqinlarni kutib olayotgani ma'lum.

AQSh taxminicha, agar urush to'xtamasa, vatanni tark etib, G'arb tomon yo'l olayotgan ukrainaliklar soni besh milliongacha yetishi mumkin.

AQSh bo'ylab nohukumat tashkilotlar birlashib, Ukrainaga insonparvarlik yordamini muvofiqlashtirmoqda. Ko'maklashishni xohlagan amerikaliklar ular bilan bog'lanib, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa ashyolar berishi yoki mablag' uzatmoqda.

27-fevral Ukraina poytaxtida bir necha portlashlar bilan boshlangan.

Prezident Zelenskiy Ukraina nafaqat qurollar bilan, balki internetda orqali ham kurashishini aytmoqda.

"Informatsion texnologiyaga asoslangan armiya tuzayapmiz. Raqamli texnologiya ustalari kerak", - deydi u.

26-fevral kuni Oq uy Fransiya, Germaniya, Italiya, Britaniya va Kanada bilan bir yoqadan bosh chiqarib, Rossiya banklarini "SWIFT" global moliyaviy o'tkazma tizimidan chiqarayotganini e'lon qildi.

"Bu urush Putin uchun strategik mag'lubiyat bo'ladi", - deyiladi Bayden ma'muriyati chiqargan qo'shma bayonotida.

Bu chora bilan Rossiya banklari xalqaro moliya sistemadan uziladi. Cheklovlar bois federatsiya markaziy bankining xalqaro zaxiralardan foydalanishi qiyinlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG