Belarusning Ukraina bilan chegaradosh Gomel oblasti hududida Rossiya va Ukraina vakillari o’rtasida ilk muzokaralar bo’lib o’tdi.
Rossiya delegatsiyasi Prezident Putinning yordamchisi va sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy, mudofaa, tashqi ishlar vazirlarining muovinlari, Davlat Dumasi qo’mitasining raisi hamda Rossiyaning Belarusdagi elchisidan iborat bo’ldi. Ukrainadan esa Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari, tashqi ishlar vazirining o’rinbosari, qrim-tatar millatiga mansub bir deputat hamda prezident idorasining bir vakili qatnashdi.
Ukraina delegatsiyasi zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatishni hamda rus qo’shinlarini Ukrainadan olib chiqishni talab qidi.
Putinning Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon muloqotida aytishicha, Rossiya muzokaralarda Qrim uniki ekanini tan olishlarini, Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishni, Ukrainaga betaraf maqom berilishini talab qilmoqda.
Muzokarachilar hukumatlari bilan mashlahatlashish uchun muloqotda ikki bor tanaffus e’lon qildi. 5 soat davom etgan muloqot yakunida tomonlar bir necha kundan so'ng yana gaplashishga kelishib oldi.
Bu o’rtada Zelenskiy Yevropa Ittifoqidan uning mamlakatini tashkilotga qabul qilishni so’radi, rus askarlariga murojaat qilib, qurollarini tashlashga chaqirdi.
“4500 rus bosqinchisi halok bo’ldi. Qurollarni tashlab, keting. Qo’mondonlaringizga, tashviqotchilaringizga ishonmang. Hayotingizni saqlang va keting”, - dedi u.
Rossiya talafotlarini rasman oshkor etmas ekan, Ukraina bergan raqamlarning haqiqatdan ancha yiroq ekanini aytadi. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, Ukraina armiyasi chekinmoqda, askarlar taslim bo’lmoqda, shaharlar birin-ketin Rossiya harbiylari nazoratiga o’tmoqda.
AQSh va G’arbning iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalari natijasida rubl qiymati eng quyi nuqtaga tushgan, sanksiyalarga Markaziy bank ham uchragan.
“Kecha e’lon qilingan sanksiyalar Rossiyani xalqaro bank tizimidan uzib, uni Eron bilan bir pog’onaga qo’ydi. Rossiya banklari va moliyaviy sektorining 80 foizi sanksiyalar ostida. Bu Putin va Rossiya hukumatini biznes yuritish imkonidan ayiradi, armiyasini kuchaytirishga, mamlakatdagi innovatsiyalarni kengaytirishga to’siq qo’yadi”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiyaga qarashli “Russia Today” va “Sputnik” matbuot organlarining ittifoqqa a’zo davlatlar hududidagi faoliyatini man qilmoqchi. Tashkilotning tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Jozep Borrelning aytishicha, bu ikki agentlik Ukrainadagi vaziyat haqida yolg’on ma’lumot tarqatmoqda.
Yevropa Ittifoqi havo sarhadlarini Rossiya samolyotlariga yopishi ketidan Kreml ham blok samolyotlarining mamlakat uzra uchishini taqiqlab qo’ydi.
Yevropa sanksiyalari uning o’ziga ham qimmatga tushmoqda. Bugun qator aviakompaniyalar aksiyalari arzonlagan. Masalan, Finlyandiya havo yo‘llari qimmatbaho qog’ozlari 21 foizga qadrsizlandi.
Yevropa samolyotlari ayrim mamlakatlarga, xususan Osiyoga, endi uzoqroq uchishiga to’g’ri keladi. Bu esa o’z navbatida chiptalarning qimmatlashishiga sabab bo’ladi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilgan Janubiy Koreya va Yaponiya aviatsiya sohasida hozircha Rossiyaga cheklovlar qo’ymoqchi emas.
Qo’shma Shtatlar Rossiyadagi barcha fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi.
Sanksiyalar Rossiyani sport sohasida ham urmoqda. Xususan, Xalqaro Olimpiya qom’itasi Rossiya va Belarus sportchilarini xalqaro musobaqalardan chetlatishni tavsiya qildi.
Germaniyaning “Shalke-04” futbol klubi esa Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan homiylik haqidagi shartnomani bekor qilib, milliy chempionatda ilk bor “Gazprom” emblemasisiz maydonga tushishi kutilmoqda.
FIFA va UEFA tashkilotlari bugun Rossiya milliy terma jamoasini xalqaro musobaqalardan chetlatishga qaror qildi.
Yil oxirida Qatarda bo’ladigan Jahon Kubogiga saralash o’yinlarida qatnashayotgan Rossiya 24-mart kuni Polshaga qarshi maydonga tushishi rejalangan edi, biroq Polsha va Yevropadagi yana bir necha jamoa Rossiya bilan o’ynashdan bosh tortdi. Bugungi taqiqdan so’ng Rossiya endi Qatarga borolmasligi aniq bo’ldi.
FIFA bungacha Rossiya hududida xalqaro o’yinlar o’tkazishni, Rossiya milliy bayrog’i va madhiyasini man qilib, jamoa o’yinlarda “Rossiya” deb emas, balki “Rossiya futbol ittifoqi” nomi bilan yuritilishiga qaror chiqargan edi.
UEFA, shuningdek, "Gazprom" bilan homiylik kelishuvidan chiqdi. Rossiyaning basketbol klublari ham Yevroligadan chetlatildi.
Rossiya aholisi sanksiyalarni tashvish bilan tilga olmoqda.
“Iqtisodiy ahvolimiz yanada yomonlashadi. Biroq buni askarlarimiz aybi bilan insonlarga yetkazilayotgan talafotlar bilan solishtirib bo’lmaydi”, - deydi moskvalik bir ayol.
"Narxlar, tabiiyki, oshyapti. Omonatlar, aksiyalar tushyapti”, - deydi yana biri.
“Valyutada omonatim yo’q, lekin nima bo’lishini ko’ramiz”, - deydi yana bir poytaxtlik.
BMT Inson huquqlari kengashiga ko’ra, mojaro boshlanganidan beri Ukrainani 422 ming odam tark etgan.
Mamlakatda dushmanga qarshi mudofaani kuchaytirish maqsadida Ukraina rahbari aholiga minglab qurol tarqatish bilan birga bugun jangovar tajribaga ega mahbuslar ozod etilishi haqida ham ma’lum qildi.
Dushman ayg’oqchilari va qo’poruvchilarini ushlash va jazolash harakatida ba’zan begunoh insonlar ham jabr ko’rayotgani aytilmoqda.
Rossiya prezidenti mamlakatiga qo’yilgan sanksiyalar ketidan G’arbni “yolg’onlar imperiyasi” deb atadi.
G’arb Ukrainani qurollantirishda davom etmoqda. Bugun Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte Ukraina armiyasiga 200 dona “Stinger” raketalari hamda tankka qarshi 50 ta qurol uzatilishini ma’lum qildi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Ukrainaga qurol yuborilishi katta xavf tug’dirmoqda, vaziyatni yanada beqarorlashtiradi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh va G’arbning Ukrainadagi urushga yondashuvini keskin tanqid qildi. Vazirlik so’zlovchisi Van Venbinning aytishicha, Pekin mojaroni muzokara orqali tugatish tarafdori va ayrim mamlakatlar Sovuq urush mentalitetidan voz kechib, muayyan davlatlarning xavfsizlikka doir xavotirlarini jiddiy qabul qilishi kerak.
“Ukraina yirik mamlakatlar o’rtasidagi to’qnashuvlarning front chizig’i bo’lgandan ko’ra Sharq va G’arb o’rtasida ko’prik bo’lib xizmat qilgani afzal”, - dedi rasmiy.
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Ukrainadagi vaziyat bo’yicha favqulodda majlis o’tkazildi.
"Ukrainada fojiaga guvohmiz. Ushbu yirik mintaqaviy mojaroning hammamiz uchun ehtimoliy halokatli oqibati bor. Kecha Rossiya yadro kuchlari shay holatga keltirilgan. Bu qo’rqinchli holat. Yadroviy mojaro g’oyasini hatto tasavvur ham qilish mumkin emas. Yadro qurollarini qo’llashni oqlab bo’lmaydi”, - dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Bu o’rtada Turkiya 1936-yilgi bitim asosida Rossiya va Ukraina harbiy kemalari uchun Bosfor va Dardanel bo’g’ozlarini yopib qo’ydi.
Facebook Forum