Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi dushanba kuni Rimda yuqori martabali xitoylik rasmiy bilan muzokara o’tkazishi kutilmoqda. Rossiya Ukraina urushida Xitoydan harbiy va iqtisodiy yordam so’ragani haqida xabarlar chiqishi ortidan o’rtada yangi savollar va xavotirlar paydo bo’ldi.
Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan va Xitoyning tashqi siyosat bo'yicha katta maslahatchisi Yang Jiechi o'rtasidagi muzokaralar "davlatlarimiz o'rtasidagi raqobatni boshqarish va Ukrainaga qarshi Rossiya urushining mintaqaviy va global xavfsizlikka ta'sirini muhokama qilish" maqsadida o’tkazilmoqda, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Emili Xorn.
Oq uy Pekinni Rossiyaning Ukrainada AQSh ko‘magida kimyoviy va biologik qurollar laboratoriyalar tashkil qilingani haqidagi yolg‘on da’volarini tarqatishda aybladi. AQSh rasmiylarining aytishicha, Xitoy Rossiya armiyasining ukrainaliklarga qarshi ehtimoliy biologik yoki kimyoviy qurol hujumini yashirish uchun asos yaratishga hissa qo’shmoqda.
Sallivan yakshanba kuni “NBC” telekanalining "Matbuot bilan uchrashish" dasturida aytishicha, Rossiya boshqa mamlakatlarni biologik yoki kimyoviy hujumlar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblay boshlasa, bu narsa "ular buni o‘zlari qilish arafasida turgan bo‘lishlari mumkinligidan dalolat beradi".
U, shuningdek, Xitoy va boshqa davlatlarni Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o’tishda yordam bermaslikka chaqirdi.
“Biz na Xitoy, na boshqa hech kim Rossiyaga bu yo‘qotishlarni qoplay olmasligini ta’minlaymiz”, — dedi Sallivan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova da’vosiga ko’ra, AQSh Ukrainada kimyoviy va biologik qurol laboratoriyalarini moliyalashtirmoqda.
Rossiyaning bu iddaosini Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Chjao Lijian ham tasdiqladi. Unga ko’ra, "AQSh Mudofaa vazirligi mutlaq nazorati ostida" Ukrainada 26 biolaboratoriya va tegishli obyektlar bor. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bunday ayblovlarni tasdiqlovchi hech qanday ma'lumot mavjud emasligini aytdi.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki o'tgan hafta bu da'volarni "bema'nilik" deb atadi.
“Rossiya bu yolgʻon daʼvolarni ilgari surgan va Xitoy bu tashviqotni maʼqullagandek boʻlmoqda. Biz hammamiz endi ehtiyot boʻlishimiz kerak, chunki Rossiya Ukrainada kimyoviy yoki biologik qurollar qoʻllashi yoki ular yordamida yolgʻon operatsiya tashkil qilishi mumkin”, - deb yozdi Psaki “Tvitter”dagi sahifasida.
Xalqaro hamjamiyat yillar davomida Rossiyaning Aleksey Navalniy va sobiq josus Sergey Skripal kabi Putin tanqidchilariga qarshi suiqasd uyushtirishda kimyoviy qurol ishlatganini da’vo qilib keladi. Rossiya Suriyada oʻn yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushida oʻz xalqiga qarshi kimyoviy qurol qoʻllagan Asad hukumatini ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Payshanba kuni Senatning Razvedka qo'mitasida guvohlik berar ekan, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns, shuningdek, Rossiya o'zining kimyoviy yoki biologik hujumi uchun zamin yaratayotganidan jiddiy xavotirda ekanligini va bu hujumda AQSh yoki Ukrainani aybdor qilib ko’rsatishdan toymasligini ta’kidladi.
“Barchangiz yaxshi bilganingizdek, bu Rossiya oʻyin kitobining bir qismidir”, dedi u. "Ular bu qurollarni o'z fuqarolariga qarshi qo'llashdi, hech bo'lmaganda Suriyada va boshqa joylarda foydalanishni rag'batlantirishdi, shuning uchun biz buni juda jiddiy qabul qilamiz."
Xitoy Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyani tanqid qilishdan o’zini tiyayotgan kam sonli davlatlardan biri. 24-fevral kuni Rossiya bosqinini boshlashidan bir necha hafta oldin Xitoy rahbari Si Zinpin Pekindagi Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni qabul qildi.
Putinning oʻtgan oy Xitoyga tashrifi chogʻida ikki davlat rahbarlari 5000 soʻzdan iborat bayonot berib, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlikda “chegara yoʻq”ligini eʼlon qilgan edi.
Xitoy BMTda Rossiyani qoralovchi rezolyutsiyaga ovoz berish jarayonida betaraf qolishni lozim topdi va Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni tanqid qildi. Oʻzining betarafligi haqidagi savollarga va xalqaro mojarolarda vositachilik qilish tajribasi kamligiga qaramay, Pekin tinchlik muzokaralarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi va vositachi sifatida oʻz xizmatlarini taklif qildi.
Xitoy rasmiylari, shuningdek, Vashington Rossiyaning harakatlaridan shikoyat qila olmasligi kerakligini, chunki AQShning o’zi Iroqqa soxta bahonalar bilan bostirib kirganini ta’kidladi. Qo'shma Shtatlar Iroqqa bostirib kirishi oldidan Saddam Husayn ommaviy qirg'in qurollarini to'plagani haqida dalillarga ega ekanligini da'vo qilgan edi, ammo bu dalillar hech qachon topilmagan.
Rossiya uchun Xitoy AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqining 27 davlati va boshqa mamlakatlar tomonidan qoʻyilgan jiddiy sanksiyalarni yumshatishda hal qiluvchi iqtisodiy hamkor boʻlishi mumkin. Ammo Pekin o'z iqtisodiyotini xavf ostiga qo’yib Rossiya bilan qanchalik yaqin aloqada bo’lishi hozircha savol ostida.
Yakshanba kuni “CNN” telekanalining “Ittifoq holati” ko‘rsatuvida Sallivanning aytishicha, Xitoy Putinning Ukraina bo’yicha “nimanidir rejalashtirayotganini” oldindan bilgan bo’lishi ehtimoli yuqori, ammo Putin yevropaliklar va boshqalarni aldaganidek, Pekinga ham yolg‘on gapirgan bo‘lishi mumkin.
Sallivan va Yang oxirgi marta Shveysariyada yuzma-yuz muzokaralar o'tkazgan edi. U yerda Sallivan Xitoyning Tayvanga qarshi harbiy provokatsiyalari, etnik ozchiliklarga nisbatan inson huquqlarining poymol etilishi hamda Gonkongdagi demokratiya tarafdorlarini bostirish harakatlari yuzasidan AQSh xavotirlarini bildirgan.
Ushbu muloqot noyabr oyida Bayden va Si o'rtasida uch soatlik virtual uchrashuv uchun zamin yaratdi.
Sallivan Rimda Italiya Bosh vaziri Mario Dragining diplomatik maslahatchisi Luidji Mattiolo bilan ham uchrashadi.
Facebook Forum