Breaking News

AQSh global neft ta’minotini oshirish yo’llarini izlamoqda


Shimoliy Dakota shtati
Shimoliy Dakota shtati

Rossiyadan energiya importini taqiqlagan Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonidan neft ishlab chiqarishni oshirishni so’ramoqda. Ammo Fors ko’rfazi davlatlari ta’minotni oshirib, narxlarni pasaytirishga ko’nadimi?

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon energetika bozori beqaror. Sanksiyalar doirasida Prezident Jo Bayden Rossiyadan neft, gaz va ko’mir sotib olishni taqiqlovchi farmon imzoladi. AQShda benzin narxi oshgan.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonga ko’ra, uning davlati ham 2022-yil oxiriga borib Rossiya neftidan voz kechadi.

Urush, oshayotgan narxlar va neft diplomatiyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:59 0:00

Yevropa Ittifoqi tabiiy gazning qariyb 40 foizini, neftning taxminan 25 foizini Rossiyadan oladi. Ittifoqqa a’zo davlatlar Rossiya resurslariga qaramlikdan sekin-asta qutulishga kelishib olgan.

Prezident Vladimir Putinning ta’kidlashicha, neft va gaz narxi keskin ko’tarilganiga AQSh va Yevropa aybdor. Endilikda G’arb, deydi u, shoshilinch tarzda neft ishlab chiqaruvchi davlatlarga yordam so’rab murojaat qilmoqda.

“Ilgari o’zlari noqonuniy cheklovlar qo’ygan mamlakatlar bilan qanday bo’lmasin kelishib olishga harakat qilishmoqda. Eron bilan ham, Venesuela bilan ham til topishishga, hujjatlarni imzolashga tayyor ular”, - deydi Putin.

Yoqilg’i shoxobchalarida narx oshar ekan, xabarlarga ko’ra, Prezident Bayden Saudiya Arabistoniga murojaat qilgan, biroq shahzoda Muhammad bin Salmon muloqotdan bosh tortgan. Bayden fevralda uning otasi qirol Salmon bilan gaplashib oldi.

Vashington va valiahd shahzoda o’rtasidagi munosabatlar avvalgidek iliq emas. Bu, jumladan, inson huquqlariga doir e’tirozlar bilan bog’liq. 2018-yilda jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiya konsulligida o’ldirilgan edi. Saylov kampaniyasi paytida Bayden qirollikni keskin tanqid qilgan.

Ammo Davlat kotibi Entoni Blinken matbuot anjumanida neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEKdan ijobiy signallar kelayotganiga e’tibor qaratdi.

“Birmuncha oldin xabarlar paydo bo’ldi. Birlashgan Arab Amirliklari OPEK tashkilotining neft ishlab chiqarishni oshirishini qo’llab-quvvatlaydi. Bu global energetika bozorini barqarorlashtirish uchun muhim qadam, mahsulot mo’l va yetarli bo’lishi kerak”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Ekspertlarning qayd etishicha, Bayden va Saudiya shahzodasi o’rtasida aloqalar haqiqatan ham yaxshi emas. AQSh rasmiylari Riyodda, yopiq eshiklar ortida muzokara qilmoqda.

“Benzin narxi oshayotgan bir paytda, AQSh boshqa mamlakatlardan, xususan, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikdan manfaatdor, bizdan madad oladigan sheriklarimizdan yordam so’rayapti”, - deydi siyosatshunos Brayn Katulis.

Uning aytishicha, Saudiya murojaatni rad etsa, buning oqibatlari albatta bo’ladi.

“Rad javobi siyosiy muammolar keltirib chiqaradi. Ham demokrat, ham respublikachilar tomonidan. Benzin narxidan norozi amerikaliklar kimnidir ayblashga shoshiladi. O’ylaymanki, 1970-yillardagi embargo davrida bo’lgani kabi yana Saudiya Arabistoni ayblanishi mumkin”, - deydi Katulis.

Bayden ma’muriyati neftga boy Venesuela bilan ham shu oy muzokaralar o’tkazdi. Ayni paytda Eron yadro dasturi bo’yicha 2015-yilgi kelishuvni tiklash harakatlari davom etayapti. Bunga erishilsa, Eron yana global bozorda neftini sota boshlaydi.

Biroq Moskva Rossiya va Eron o’rtasidagi savdoga sanksiya qo’ymaslikni talab qilar ekan, muzokaralar to’xtab qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG