Ukraina-Rossiya urushining 27-kuniga kelib, Prezident Volodimir Zelenskiy Moskva bilan murosaga borish Ukraina xalqi tomonidan, referendum orqali hal etilishi mumkinligi ehtimoli haqida gapirmoqda. Ikki o’rtadagi muzokaralar anchadan buyon davom etayotgan bo’lsa-da, hozirgacha aniq natijalar kuzatilmayotgan edi. Tomonlar, ayniqsa, hududiy masalada murosasiz pozitsiyada.
Zelenskiyning referendumga doir bayonoti Lugansk va Dotensk mustaqilligini, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish masalasini nazarda tutadimi, yo’qmi noma’lum. Ammo referendumga doir bu bayonot jiddiy munozaralar qo’zg’adi. Bu urush holatidagi ukrain jamoatchiligi uchun yana bir jiddiy sinov bo’lishi mumkin.
Tomonlar muzokarasidagi murosasizlik aynan Qrim, Luganks va Donetsk masalasiga bog’liq bo’lishi avvaldan ta’kidlanayotgan edi. Qrim va ayirmachi boshqa hududlar masalasida Ukraina pozitsiyasi hozirgacha murosasiz bo’lib kelgan. Kiyev Qrimni qaytarishda xalqaro hamjamiyatdan umid qilib kelayotgan edi.
Rossiyaning Ukrainaga urush ochishi vaziyatni jiddiy o’zgartirdi. Zelenskiyning so’nggi bayonoti esa urushni to’xtatish uchun Ukraina murosaga majbur qolganidan darak sifatida ko’rilmoqda.
“Amerika ovozi” Qrim-tatar Milliy majlisi raisi Refat Chubarov bilan shu bayonot haqida suhbatlashdi.
Refat Chubarov: Men Prezident Zelenskiyni tushunaman. Ayniqsa, sal kam bir oy davom etayotgan urush manzarasida aytilayotgan bu bayonotni. Hozir uning asosiy maqsadi urushni, harbiy harakatlarni, qurbonlarni to’xtatishga qaratilgan. Zelenskiy uchun otishmalarni to’xtatish haqidagi kelishuvga erishish juda muhim. Chunki shundan so’ng boshqa masalalar muhokamasiga kirishish mumkin.
Bundan tashqari, Moskva uchun ishg’ol qilingan Qrim masalasi hamisha dolzarb bo’lgan. Qrimni muhokamasiz o’z hududi deb hisoblaydi. Shunday bo’lsa-da, bugungi urush davomida Mosvka Ukraina Qrimdan ochiq-oshkora voz kechishi kerak degan shartni ham o’ylab topdi.
Ikkinchi bir keskin talab esa ayirmachi Lugansk va Donetsk respublikalari mustaqilligini tan oldirishdir. Bu har ikki talab Ukraina tomonidan mutlaqo qabul qilib bo’lmasdir. Ayniqsa, bir oydirki davom etayotgan bugungi urush ortidan jamoatchilikda bunday ishonch yanada ortgan.
Boshqa tomondan, Moskva ham Qrim, Donetsk va Lugansk maqomi aks etmagan har qanday muzokarani keskin rad etmoqda. Tomonlar murosasiz pozitsiyada. Moskva Kiyev uchun qabul qilinmas talablarni ilgari surishda davom etayapti.
Yaqinda Kreml vakili Dmitriy Peskov bu masalalar referendumda emas, muzokaralar davomida hal qilinishi kerak degan fikrlarni ham bildirdi. Men Zelenskiyning o’rnida bo’lganimda, ehtimol aniqroq, lo’ndaroq bo’lardim. Ammo bilamiz, bugun Zelenskiy oldida turgan asosiy masala urushni, otishmalarni to’xtatish. Ayniqsa, Ukraina havo hududini yopish murojaati samarasiz qolgani, mamlakat bombalar, havo zarbalari ostida qolayotgani inobatga olinsa. Bu juda og’ir. Shunday ekan, hozir uzoq kelajakka doir bashoratlar qilishning o’rni emas. Tomonlar bir-birining pozitsiyasini o’rganishda davom etmoqda.
Malik Mansur: Rossiya-Ukarina o’rtasidagi iki tomonlama dialogdan tashqari, Turkiyada ham uch tomonlama muzokaralar bo’lib o’tdi. Bu formadagi muzokaralar davom etishiga doir ma’lumotlar ham bor. Turkiyaning bu yerdagi vositachilik o’rni, umuman prezidentlar Zelenskiy va Putinning uchrashuvi Turkiyada tashkil etilishi ehtimoliga qanday baho berasiz?
Refat Chubarov: Turkiyaning Ukraina hududiy yaxlitligini qo’llab- quvvatlashdagi pozitsiyasi qat’iy, muqim bo’lib qolmoqda. Bu qo’llov shunchaki so’zda emas, balki xalqaro maydondagi turli tadbirlar doirasida ham o’zini isbotlagan.
Bundan tashqari, harbiy sohada ham bu jiddiy bilinadi. Turkiya tomonidan taqdim qilingan “Bayroqdor”larning urushdagi samaradorligi ko’pchilikka yaxshi ma’lum. Harbiy hamkorlikning boshqa sohalari ham bor. Ammo bu borada mutaxassis bo’lmaganim uchun aniq bir yo’nalishlarni aytishdan tiyilaman. Turkiya urush boshlanishi ortidan Rossiya harbiy kemalarining Bosfor bo’g’ozidan o’tishini murakkablashtirdi. Bu esa urushning birinchi kunlarida Rossiyaning keng qamrovli harbiy amaliyotlari uchun, jumladan, Odessaga harbiy desant bo’limlari tashlanishida qiyinchiliklar tug’dirdi.
Bu Ukraina uchun jiddiy ko’mak edi. Qolaversa, Zelenskiy Rossiya ochgan urush xalqaro miqyosdagi xavfsizlik formatini qayta ko’rib chiqishni taqozo etayotgani haqida gapirmoqda. Bu prezident Erdog’onning “Dunyo beshlikdan ko’ra kengroq” degan gaplariga hamohang. Chunki, Ukraina uchun, shuningdek, boshqa davlatlar uchun xavfsizlikning aniq kafolatlari kerak. Rossiya boshlagan urush xalqaro miqyosdagi hozirgi formatda davlatlarning xavfsizligi ta’minlanishi o’ta qiyin masala ekanligini ko’rsatmoqda.
Facebook Forum