Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 27-kun. Zelenskiyning Italiya parlamentiga murojaati


Ukraina rahbari Italiya qonunchilariga murojaat qilyapti
Ukraina rahbari Italiya qonunchilariga murojaat qilyapti

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ittifoqchi davlatlar parlamentlari bilan muloqot doirasida bugun Italiya qonunchilariga murojaat qildi. U Rossiya qo’shinlari hujumini qaytarayotgan Ukraina poytaxti Kiyevning mintaqa uchun ahamiyatini Rimning dunyo uchun ahamiyatiga qiyosladi.

Xalqaro hayot - 22-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:22 0:00

Zelenskiyning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi dunyoda ocharchilikka yetaklaydi, chunki har ikkisi don mahsulotlari va o’g’it eksporti bo’yicha yetakchi mamlakatlar hisoblanadi.

"Rossiya artilleriyasi hujumlari ostida qanday qilib hosilni yetishtirishimiz mumkin?”, - dedi Ukraina rahbari.

Italiya Bosh vaziri Mario Dragi Zelenskiyning murojaatiga javoban uning mamlakati mojarodan qochayotgan odamlarga ko’maklashishda, Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etishini aytdi.

Bungacha Zelenskiy Yevropa Ittifoqi, Britaniya, Kanada, AQSh, Germaniya, Isroil parlamentlariga virtual murojaat qildi.

Niderlandiyada nashr etiladigan kundalik “NRC Handelsblad” gazetasi shu mavzuda karikatura chiqarib, Zelenskiyning turli mamlakatlar qonunchilariga murojaatlarini “Uchinchi jahon urushini boshlash iltijosi bo’yicha gastrollar” deb atadi.

Ukraina rahbari ertaga fransiyalik qonunchilarga murojaat qilishi kutilmoqda.

Rossiya qurolli kuchlari janubi-sharqdagi Mariupol port shahrining yarmini nazoratga olganini da’vo qilarkan, Zelenskiy mojaroga yakun yasash uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz muzokara qilish zarurati haqida gapirdi.

“Buni bir necha yildan beri taklif qilyapman. Bunday uchrashuvsiz ular urushni tugatish uchun nima xohlayotganini yoki biz ularning talabini qabul qilmasak yohud murosaga tayyor bo’lmasak, ular nima qilishga tayyor ekanini bilib bo’lmaydi”, - dedi Zelenskiy.

Kreml Zelenskiyning Putin bilan yuzma-yuz uchrashish taklifini rad etib kelmoqda.

Rossiya qo’shni mamlakatni natsizm qamrab olganini da’vo qilarkan, Ukrainani qurolsizlantirish va mafkurasini o’zgartirishni maqsad qilgan, AQSh va NATO Ukraina orqali Rossiyaga tahdid solayotganini bildirib keladi.

Rossiyalik ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Zelenskiy Putin bilan muzokara qilish taklifi bilan vaqtni cho’zmoqchi, mojaroni muzlatmoqchi, xolos.

Urushgacha Ukrainaning NATOga qo’shilish rejasini qat’iyat bilan ta’kidlagan Zelenskiy so’nggi kunlarda bu niyatidan qaytganini bot-bot bildirmoqda.

Rossiya 400 ming odam yashovchi Mariupolda 10 ming sonli ukrain kuchlariga qarshi jang qilayotganini ma’lum qilarkan, aholining atigi 10 foizi shaharni tark etgani, qolganlari yerto’lalarda jon saqlayotgani aytilmoqda.

Moskva Ukraina milliy batalyonlarini odamlardan jonli qalqon sifatida foydalanayotganlikda, Mariupoldan chiqarmayotganlikda ayblasa, Kiyev rus qo’shinlari evakuatsiyaga to’siq qo’yayotganini da’vo qilmoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi prezidenti Franchesko Rokkaning aytishicha, gumanitar yordam ortilgan kolonna Mariupolga kira olmayapti.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi bergan ma’lumotga ko’ra, urush boshlanganidan beri Ukrainani 3,5 milliondan ziyod odam tark etgan, 2 millliondan ko’pi qo’shni Polshada.

BMT qoshidagi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Polshadagi qochqinlarning yarim millioni ruhiy yordamga muhtoj ekanini, jumladan 30 ming odamning ruhiy salomatligi ancha yomon ekanini ta’kidlamoqda.

Tashkilot so’zlovchisi Margaret Xarrisning aytishicha, 24-fevraldan 18-martga qadar Ukrainada sog’liqni saqlash muassasalari 62 marotaba hujumga uchragan.

Isroil va Turkiya vositachi sifatida Rossiya-Ukraina mojarosini tugatishga harakat qilarkan, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Xitoy va musulmon mamlakatlarni ham bu tashabbusga qo’shilishga chaqirdi. Pokiston rahbari bu haqda Islomobodda Islom hamkorlik tashkilotining tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida so’zlagan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri tadbirga maxsus mehmon sifatida taklif etilgan. Pekin Ukraina mojarosida betaraf pozitsiyada turibdi, Rossiya harakatlarini tanqid qilishdan o’zini tiymoqda.

AQSh rahbari Xitoy prezidenti bilan bir necha kun oldin bo’lgan virtual muloqot chog’ida Pekinni Rossiyaga iqtisodiy yordam bermaslikka chaqirdi. Si Zinpin bunga javoban Vashingtonni global masalalarga doir xato siyosatini qayta ko’rib chiqishga da’vat etdi.

AQSh Prezidenti Jo Baydenning ogohlantirishicha, Rossiya AQSh manfaatlariga qarshi kiberhujumlar uyushtirishi, Ukrainada biologik yoki kimyoviy qurollarni ishga solishi mumkin.

Bayden bu haqda AQShdagi yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuv chog’ida so’zlagan.

"Rossiyada shunday salohiyat bor, biroq hozircha ishga solgani yo’q. Dunyodagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda yetkazgan zararimizga javoban Rossiya kiberhujumga qo’l uradi deb ogohlantirganman. Olingan razvedka ma’lumotlariga asoslanib yangidan ogohlantryapmiz. Rossiya bizga qarshi kiberhujum rejalayotgan bo’lishi mumkin. Federal hukumat bunga hozirlik ko’ryapti”, - dedi Bayden.

AQSh rahbari xususiy sektorni kibermudofaani kuchaytirishga chaqirdi. Oq uy Amerikaning yuzlab kompaniyalarini rus xakerlari nishoniga aylanishi mumkinligi haqida xabardor qilib, ular uchun yopiq brifing uyushtirgan.

Bayden Ikki kundan so’ng Yevropaga safar qiladi – Bryusselda NATO, “Katta Yettilik” guruhi, Yevropa Kengashi sammitlarida qatnashadi, so’ng Polshaga yo’l oladi.

Rossiya kimyoviy qurollari yo’qligini ta’kidlarkan, AQShni Ukrainada biologik tajribalar dasturini olib borganlikda ayblamoqda, Ukraina hukumati o’z xalqiga qarshi kimyoviy hujum uyushtirib, aybni Rossiyaga yuklamoqchi ekanini bildiryapti.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning energetika sohasiga qarshi sanksiyalarni muhokama qilyapti. Niderlandiya va Germaniya Rossiya nefti va gazi importini taqiqlashga qaratilgan choralarga qarshi. Vengriya sanksiyalarning 5-paketiga veto qo’yishini bildirib, Ukraina g’arbiga tinchlikparvar qo’shinlar kiritilishiga e’tiroz bildirishini ham ma’lum qildi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Polsha qo’shni mamlakatga askarlarini kiritishi mumkin.

Bu o’rtada rossiyalik taniqli jurnalist Janna Agalakova o’tgan oy davlat telekanalini tark etganidan beri ilk bor izoh berdi. 1-kanal uchun AQSh va Yevropada muxbirlik qilgan Agalakova iste’fosini Ukrainadagi urushga noroziligi bilan bog’ladi.

Uning aytishicha, Rossiya televideniyesi Kreml tashviqotini tarqatmoqda, mustaqil matbuot faoliyati yillar davomida cheklanib kelingan.

Bundan bir necha kun oldin 1-kanal muharriri Marina Ovsyannikova jonli axborot dasturi paytida studiyaga urushga qarshi shior ko’tarib kirgan. Unga hozircha kichik jarima solingan, biroq yangi qonunga ko’ra jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan yana bir faol, Kremlning ashaddiy tanqidchisi, 2018-yil prezident sayloviga o’z nomzodini qo’ygan, biroq ro’yxatdan o’tmagan faol Aleksey Navalniy qo’shimcha 9 yilga qamaldi.

Shartli qamoq jazosini o’tayotgan muxolifatchi bu gal keng ko’lamli qalloblikda aybdor topildi. Prokurorlar unga 13 yil qamoq jazosini so’ragan, biroq sud hukmni 9 yil bilan chekladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG