Breaking News

Zelenskiy muzokaraga chaqirmoqda, Rossiya yangi raketasini qo’lladi


Rossiya kuchlari, Mariupol
Rossiya kuchlari, Mariupol

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskva bilan keng qamrovli tinchlik muzokaralari o’tkazishga chaqirmoqda.

“Uchrashuv o’tkazish, gaplashish vaqti keldi, – deydi Zelenskiy. – Ukrainaning hududiy yaxlitligini, adolatni tiklash vaqti keldi. Aks holda, Rossiyaning talafotlari shu darajaga yetadiki, o’zini tiklab olishi uchun bir necha avlod kerak bo’ladi”.

Uning bayonoti Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish istagidan voz kechishi masalasida tomonlar kelishuvga yaqin ekani haqidagi xabarlar ortidan yangradi. Neytrallik maqomi bo’yicha ham Moskva va Kiyev orasidagi muloqotda progress bor, deydi Ukraina bosh muzokarachisi Vladimir Medinskiy.

Ukraina rasmiysi Mixaylo Podolyakning tvit qilishicha: “Bizning pozitsiyamizda o’zgarish yo’q: sulh, qo’shinlarni chiqarish, aniq formulalar asosida mustahkam xavfsizlik kafolatlari”.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov deydiki, Moskva Ukraina bilan muzokaralar xavfsizlik masalalari, jumladan, neytrallik maqomi bo’yicha keng qamrovli kelishuvga erishish bilan yakunlanishini kutmoqda.

Bu orada, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina g’arbida harbiy omborni yo’q qilish uchun ilk bor gipertovushli raketa qo’llangani haqida xabar tarqatdi. Tovush tezligidan besh marta tez uchadigan raketa otilgani haqidagi da’volar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Rossiya kuchlari oldinga siljimayapti

Britaniya harbiy razvedkasi xulosasiga ko’ra, Rossiya operatsion yondashuvini o’zgartirishga majbur bo’lib, endilikda qarshi tomonni “holdan toydirish” yo’lidan bormoqda. Rossiya armiyasi Kiyev ustidan nazorat o’rnata olgani yo’q.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, oxirgi 24 soatda front chizig’idagi hududlarda sezilarli o’zgarish kuzatilmagan. Janubdagi Mariupol, Nikolayev va Xersonda hamda sharqdagi Izyum shahrida og’ir janglar kechmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya Mariupol, Avdeyevka, Kramatorsk, Pokrovsk, Novoselidovka, Verxnotoretske, Krimka va Stepnoye hududlarini bombardimon qilayapti. Ukraina milliy politsiyasiga ko’ra, kamida 37 ta turar joy binosi va boshqa inshootlar vayron bo’lgan.

Lvov
Lvov

“Rossiya vayron qilgan obyektlar orasida ko’p qavatli va xususiy uylar, maktab, bog’cha, muzey, savdo markazi va ma’muriy binolar bor”, deyiladi politsiya bayonotida.

Rossiya shanba kuni uning qo’shinlari Ukraina mudofaasini yorib o’tib, Mariupol port shahriga kirganini e’lon qildi. Ukraina harbiylariga ko’ra esa Xerson yaqinida yana bir rus generali o’ldirilgan. Bu urush boshlanganidan beri beshinchisi.

“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi energiya va oziq-ovqat narxi sezilarli darajada oshishiga olib keldi”, deyiladi Global taraqqiyot markazi hisobotida. Bu degani, dunyo bo’ylab 40 million odam qashshoqlik girdobiga tortiladi.

Markaz hukumatlar va xalqaro agentliklarni gumanitar loyihalarni qo’llab-quvvatlashga, shu bilan birga, AQSh va Yevropa Ittifoqini qishloq xo’jaligiga oid siyosatini isloh qilishga chaqirdi.

Mariupol shahrida teatr vayronalari ostida qancha odam borligi haligacha noma’lum. 130 kishi qutqarilgan. Janglar sabab teart yerto’lasidan odamlarni chiqarish qiyin kechmoqda.

Bino aholi, jumladan, bolalar va ayollar uchun boshpana ekaniga ishora qiluvchi belgilarga qaramasdan bombardimon qilingan. Rossiya hujum qilganini inkor etmoqda.

Ukraina Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotga ko’ra, urush boshlanganidan beri 112 nafar bola halok bo’lgan. BMT hisobicha, 3,3 million odam Ukrainani tark etgan, mamlakat ichida esa 6,5 million kishi uy-joyini tashlab ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG