Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 21-kun. Zelenskiyning Kongressga murojaati, NATO majlisi


Donetsk oblastining Volnovaxa shahri
Donetsk oblastining Volnovaxa shahri

Rossiya Ukrainada hujumlarini davom ettirar ekan, AQSh Prezidenti Jo Bayden kelasi hafta Bryusselga borib, NATO ga a’zo mamlakatlar rahbarlari bilan kollektiv mudofaa xususida gaplashishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 16-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:54 0:00

"Prezident 24-mart kuni NATOning favqulodda sammitida qatnashib, Rossiyaning Ukrainaga zaruratsiz va adolatsiz hujumiga javob tariqasida mudofaa va Rossiya bosqinining oldini olish choralarini muhokama qiladi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Britaniya va Kanada qonunchilariga virtual murojaati ketidan AQSh Kongressining har ikki palatasi vakillaridan ham teleko’prik orqali yordam so’radi.

Zelenskiy AQShga har tomonlama yordam uchun minnatdorchilik bildirib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi.

“Osmonimizni himoya qilishga yordam bering. Havo mudofaasi tizimini, samolyotlar bering”, - dedi u.

Zelenskiy uning mamlakati NATO a’zosi bo’la olmasligini tan oldi.

"Ukraina NATO a’zosi emas. Buni angladik. Biz aqli raso odamlarmiz. Yillar davomida alyans eshiklari ochiqligi haqida eshitdik, ammo unga qo’shila olmasligimizni ham eshitdik. Bu haqiqat va uni tan olish kerak”, - dedi u.

Zelenskiy AQSh va G’arb mamlakatlaridan Ukraina havo sarhadlarini yopishni, ilg’or qurollar berishni so’rab keladi. Amerika rahbari kecha Ukraina uchun 800 million dollarlik qo’shimcha harbiy yordam ajratilishi haqida ma’lum qildi. Shuni hisobga olganda Bayden prezidentlikka kelganidan beri Kiyevga 2 milliard dollarlik harbiy yordam uzatilgan. Oq uy ma’muriyati qochqinlar ehtiyojlari uchun qo’shimcha 186 million dollar ajratilishini bildirdi. 24-fevraldan beri Ukrainani 3 milliondan ortiq odam tark etgan.

Bu pullar AQSh Kongressi mudofaa, gumanitar va iqtisodiy yordam tariqasida Ukraina uchun tasdiqlagan 13,6 milliard dollarlik paketning bir qismidir.

Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenkoning aytishicha, urush oqibatida mamlakat iqtisodiyotga 500 milliard dollarlik zarar yetgan.

Bugun NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Bryusselda uchrashib, alyans mudofaasini kuchaytirish, Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda yordam berish haqida gaplashdi.

Diplomatlar va harbiy tahlilchilarga ko’ra, NATOdagi ittifoqchilar urush boshlanganidan beri Ukrainaga 20 mingdan ortiq tankka qarshi va boshqa turdagi qurollar bergan. Alyans Kiyevni qurol bilan ta’minlashda davom etishini bildirdi.

NATO majlisida Ukraina mudofaa vaziri ham qatnashdi. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, harbiy blok a’zolari Ukrainaga yordam berish masalasida hamfikr.

Rossiya esa xorijiy jangarilar va chet eldan kelayotgan qurollar omborini nishonga olishini ta’kidlar ekan, chekinayotgan va taslim bo’layotgan ukrain askarlari tashlab ketayotgan xorijiy qurollarni o’zlashtirmoqda.

Zelenskiy urush bilan birga Rossiya vakillari bilan virtual muzokaralar kechayotganini aytib, muloqotdagi ayrim olg’a siljishlarga ishora qildi.

"Muloqot og’ir kechmoqda, ammo muhimdir. Har bir urush bitim bilan yakunlanadi. Uchrashuvlar davom etmoqda, muzokaralarda pozitsiyalar haqiqatga ancha yaqinlashmoqda”, - dedi Zelenskiy.

Ukraina xalqi va rahbariga dalda berish maqsadida seshanba kuni Kiyevga Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo Chexiya, Polsha va Sloveniya bosh vazirlari tashrif buyurdi.

Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy “biz sizlarni yolg’iz qoldirmaymiz” deb aytdi.

Yevropani bir tomonlama siyosat yuritayotganlikda ayblayotgan Rossiya Yevropa Kengashidan chiqishga qaror qildi. Ikkinchi jahon urushidan so’ng tuzilgan tashkilot qit’ada inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanadi.

Rossiya Yevropa Kengashining inson huquqlari konvensiyasiga ortiq amal qilmasligini ham bildirdi. Ya’ni oddiy rossiyaliklar bundan keyin Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudiga huquqlarining poymol etilishi yuzasidan shikoyat qila olmaydi. Shu kuni Yevropa Kengashi ham Rossiyani o’z safidan chiqarishga ovoz berdi. Rossiya bu tashkilotga 1996-yilda a’zo bo’lgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kiyev va boshqa shaharlar atrofidagi rus qo’shinlarida Ukrainani ishg’ol qilish rejasi yo’qligini, asosiy maqsad Ukrainadagi natsist hukumatning kelajakda Rossiyaga yadro quroli bilan tahdid solishining oldini olish ekanini aytdi.

Bu o’rtada AQShning “Fox News” axborot telekanali tasvirchisi Pyer Zakrjevski va unga yordam bergan ukrainalik jurnalist Aleksandra Kuvshinova Kiyev tevaragida mashinasining hujumga uchrashi oqibatida halok bo’lgan. Kanal muxbiri Benjamin Xol jarohat olib, kasalxonaga yetkazilgan.

55 yashar Zakrjevski Iroq, Afg’oniston, Suriya kabi qaynoq nuqtalarda ishlagani aytiladi. Kuvshinova 24 yoshda bo’lgan.

Bundan bir kun oldin Kiyev oblastining Irpin shahrida amerikalik jurnalist Brent Reno otishmada nobud bo’lgan.

BMTning Taraqqiyot dasturi xulosasiga ko’ra, agar Ukrainadagi urush yil oxirigacha cho’zilsa, har 10 ukrainalikning 9 nafari qashshoqlikka yuz tutishi mumkin. Agentlik ma’muri Akim Staynerning aytishicha, urush Ukrainaning taraqqiyot bobidagi 18 yillik yutuqlarini yo’qqa chiqarishi mumkin.

Xalqaro valyuta jamg’armasi hisobiga ko’ra, Ukraina iqtisodiyoti 2022-yilda urush oqibatida 10 foizga qisqaradi. Biroq mojaro cho’zilsa, vaziyat yanada yomonlashishi aytilmoqda.

Britaniya Rossiyadan neft mahsulotlarini xarid qilishni to’xtatishi ketidan Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoniga muqobil energiya manbalari sifatida qaramoqda. Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bugun Fors ko’rfazi mintaqasida, har ikki mamlakat rahbarlari bilan uchrashib, neft ta’minoti va Rossiyaga bosimni oshirish xususida gaplashyapti.

Jahon bozorida neft narxining ko’tarilishi nafaqat Britaniya, balki Yevropaning qolgan qismi, AQShda benzin va boshqa neft mahsulotlarining qimmatlashishiga olib keldi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden ham amirliklar va Saudiya Arabistoni bilan gaplashmoqchi edi, biroq na Abu-Dabi amiri, na Saudiya qirolining o’g’li uning qo’ng’iroqlariga javob bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG