Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 19-kun


Ukraina poytaxti Kiyev
Ukraina poytaxti Kiyev

Rossiya harbiy-fazo kuchlari Ukraina g’arbidagi Yavorov harbiy poligonini nishonga olishi ketidan Kiyev G’arb davlatlarini yana bir bor Ukraina havo sarhadini yopishga chaqirdi.

Xalqaro hayot - 14-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:07 0:00

Ukraina rasmiylariga ko’ra, hujumda 35 odam o’lgan, Rossiya 180 nafar xorijiiy jangari va xorijdan olingan qurollar yo’q qilinganini ta’kidlamoqda.

Urushdan oldin poligonda NATO qismlari ukrain askarlari bilan harbiy mashqlar o’tkazib turardi.

AQSh va NATO Ukrainadagi mojaroga bevosita aralashmasligini, biroq Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etishini yana bir bor bildirdi.

Londonlik tahlilchi Jastin Bronkning aytishicha, Ukraina g’arbidagi harbiy bazaga hujum ramziy ma’noga ega.

"Bu Rossiyaning G’arbdan Ukrainaga qurol uzatilishiga to’sqinlik qilishga qaratilgan ilk jiddiy harakatidir. Qurollar va ko’ngillilar Ukrainaga kirishi bilan mojaro zonasiga tushadi, nizoning bir qismiga aylanadi va G’arb buni doim tushungan va shu sabab qurollarni ehtiyotkorlik bilan uzatishga harakat qilmoqda”, - deydi Qirollik birlashgan xizmatlar instituti tahlilchisi.

Ukraina rasmiylarining da’vo qilishicha, Rossiya kimyoviy yoki biologik qurollarni ishga solishi mumkin.

“Ular bolalar kasalxonalarini bombardimon qilishdi. Qo’lidan har narsa keladi. Butun dunyo shu muammo yechimini topish bilan shug’ullanishi kerak”, - deydi Lvov meri o’rinbosari Andrey Moskalenko.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sullivan ham Rossiyaning bio-kimyo hujumi ehtimoli haqida ogohlantirdi.

“Bunday xavotirlar asosli. Hozir ular AQSh va Ukrainani kimyoviy va biologik qurollarni qo’llash ehtimoli haqida gapirishmoqda. Ammo aslida o’zlari shunga qo’l urib, boshqalarni ayblashmoqchi”, - deydi Oq uy rasmiysi.

Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkilotini Ukrainada AQSh yuritgani aytilayotgan biolaboratoriyalarni taftish qilishga chaqirdi, biroq bosh kotib idorasining bildirishicha, BMTda hozirda bunday mandat yo’q.

Sullivan bugun Rimda Xitoyning yetakchi diplomati Yan Dzechi bilan uchrashgan. AQSh rasmiysining da’vo qilishicha, Rossiya Xitoydan iqtisodiy va harbiy yordam so’ragan, jumladan unga qo’yilgan sanksiyalarni aylanib o’tishda. Sullivan Xitoyni bunday qilmaslikka chaqirib, aks holda Pekin jiddiy oqibatlar bilan yuzlashishini aytdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Pekindan qurol so’ragani haqidagi da’volar Amerika tarqatayotgan yolg’on ekanini ma’lum qildi.

Ma’lumki, Xitoy Ukrainadagi harbiy harakatlarni urush deyishdan bosh tortarkan, Rossiya da’vo qilganidek “maxsus harbiy amaliyot” deya atamoqda.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Yair Lapidning aytishicha, uning mamlakati Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni aylanib o‘tishda Moskvaga yordam bermaydi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Rossiya Suriyadan jangari yollash uchun bu mamlakatda o’ndan ortiq yollash punktlarini ochib, bir oyda 500 dollargacha maosh taklif etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi 16 ming xorijlik Ukrainada Rossiya tarafida jang qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Ukraina uchun jang qilish istagida bo’lgan xorijliklar ham talaygina.

“Kaliforniyadan keldim bu yerga. Demokratiya va ozodlik uchun, zamonamiz avtokratlariga qarshi kurashish uchun keldim”, - deydi Duayt Krou ismli amerikalik ko’ngilli.

Ukraina va Rossiya rasmiylari muzokaralarda yuzma-yuz muloqot formatidan virtual muloqotga o’tgan. Kiyevdagi rasmiylarga ko’ra, bunday muloqot deyarli har kuni o’tkazilmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari bilan uchrashishga umid qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri kamida 596 odam, jumladan 43 bola o’lgan, biroq Ukraina tarafi qurbonlar bundan ancha ko’p ekanini da’vo qilyapti.

Rossiya kuchlari bugun Xarkov, Mariupol va Kiyevni o’qqa tutgan. Sharqdagi bo’lginchi Donetsk xalq respublikasi vakillariga ko’ra esa, Ukraina kuchlari otgan raketa Donetsk shahri uzra urib tushirilib, qoldiqlaridan kamida 20 odam, jumladan bolalar o’lgan.

G’arbdagi ayrim moliyaviy tahlilchilar og’ir sanksiyalarga yuz tutgan Rossiya tashqi qarzini uzolmay bir necha oyda defoltga uchrashini taxmin qilarkan, Rossiya Moliya vazirligi yevro va dollarda muomala qilish uchun taqiqlar qo’yilgani sabab tashqi qarzni uzishda rubldan foydalanishini bildirdi.

Kuzatuvchilar Rossiya fuqarolik aviatsiyasi yaqin oylarda nochor holatga kelishini taxmin qilmoqda. Rossiyani samolyotlar bilan ta’minlagan AQShning “Boing” va Yevropaning “Aerobus” kompaniyalari sanksiyalar sabab Rossiyadagi samolyotlariga ortiq texnik xizmat ko’rsatmasligini va ehtiyot qismlar bilan ta’minlamasligini bildirgan. Sanksiya talablariga ko’ra Rossiyaga lizing asosida samolyot uzatgan kompaniyalar 28-martgacha ularni qaytarib olishi kerak, biroq Moskvada bu samolyotlarni qaytarish rejasi yo’q.

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar va Ukrainadagi urush nafaqat Rossiyaning o’ziga, balki Yevropadagi mamlakatlarga, xususan Germaniya avtosanoatiga ham zarar yetkazmoqda. Ukrainadan qismlar ta’minotining to’xtatilishi oqibatida Germaniyadagi ayrim zavodlarda ishlab chiqarishda uzilish ro’y bergan.

O’tgan hafta “Folksvagen” ikki shahardagi elektromobillar zavodlarida faoliyatni bir necha kunga to’xtatgan. Bu hafta Volfsburgdagi asosiy zavodda ham ishlab chiqarish to’xtatiladi.

"Folksvagen”, “BMV”, “Audi” va boshqa kompaniyalar zavodlarida ish to’xtamoqda”, - deydi Avtomobil boshqaruvi markazi direktori Stefan Bratsel.

Unga ko’ra, agar urush hali-beri to’xtamasa, ishlab chiqaruvchilar boshqa ta’minotchilarni qidirishga majbur bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG