Rossiya qo’shinlari Azov dengizi bo’yidagi Mariupol shahrini ishg’ol qilishga intilar ekan, uni qurshab olib, o’qqa tutmoqda.
“Rossiyaning beto’xtov bombardimonlari, jumladan qochayotgan odamlarni o’qqa tutayotgani aholiga dahshatli vaziyatni tark etishga to’sqinlik qilyapti”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris xavfsizlik masalalari xususida gaplashish uchun Polshaga bordi.
Polsha Prezidenti Andjey Duda bilan uchrashgan Harris bu mamlakatni yuz minglab ukrainalik qochqinlarni o’z bag’riga olgani uchun olqishladi, ularning ba’zilari bilan uchrashdi ham.
Ukrainadan qochgan 2 milliondan oshiq ukrainalikning yarmidan ko’pi Polshada boshpana olgan.
AQSh vitse-prezidenti Rossiyani urush jinoyatlarida ochiq ayblamasa-da, Ukrainada “tasavvur qilib bo’lmaydigan darajada vahshiyliklar” sodir etilayotganini aytdi.
Ertaga Harris Ruminiyada ham bo’lishi kutilmoqda. 2-martdan beri bu mamlakatda AQSh va Ruminiya harbiylari qo’shma mashg’ulotlar o’tkazmoqda.
Pentagon NATOga a’zo ittifoqchi davlat havo mudofaasi uchun “Patriot” rusumidagi raketalarning ikkita batareyasini Polshaga yubordi.
Ukrainadagi mojaroga bevosita aralashish Rossiya bilan harbiy to’qnashuvga olib kelishi mumkinligi haqidagi AQSh va NATO xavotirlariga qaramay, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamkor davlatlardan Ukraina havo sarhadlarini yopishni va qiruvchi samolyotlar berishni so’rashda davom etmoqda.
“Insonlar hayoti haqida gap ketyapti. Tezroq hal qiling. Mas’uliyatni boshqaga yuklamang. Qiruvchi samolyotlarni yuboring bizga”, - dedi u.
Polsha o’zining eski “MiG-29” samolyotlarini AQShning Germaniyadagi harbiy bazasiga yuborishni taklif etdi, biroq Vashington Ukrainaga uchish xavfli ekaniga ishora qilib, bunday tashabbusdan voz kechdi.
“Urushni yanada kuchaytirish ehtimoliga qo’l urmaslik uchun har bir qadamni o’ylab bosishimiz kerak”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.
Shunga qaramay, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga gumanitar yordam va boshqa turdagi qurollar yuborishini bildirmoqda.
Masalan, samolyotlarga qarshi “Stinger” raketalarini. Birlashgan Qirollik ham shu kabi mudofaa sistemarlarini Ukrainaga uzatmoqchi.
AQSh Vakillar palatasida Rossiyadan neft va boshqa yoqilg’i mahsulotlari importini taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilindi. Bundan bir kun oldin Prezident Jo Bayden shu ma’nodagi farmon imzoladi. Qonunchilar, shuningdek, Rossiyani Jahon savdo tashkilotidan chetlashtirmoqchi. Palata Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam uchun 13,6 milliard dollar ajratishga ham ovoz berdi.
AQSh Senati loyihani shu hafta ovozga qo’yishi kutilmoqda.
AQSh Rossiya neftining o’rnini bosish uchun muqobil manbalar izlamoqda. Hafta boshida Venesuelaga Amerika delegatsiyasi borib keldi. Vashington Saudiya Arabistoni bilan neft importi haqida gaplashmoqchi, biroq Bayden ma'muriyati vakillarining nolishicha, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Oq uy rasmiylari qo'ng'iroqlariga javob bermayapti.
Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 mamlakat rahbarlari kelasi ikki kun davomida Fransiyada majlis qilib, Rossiya yoqilg’isi tobeligidan qutulish va kollektiv mudofaani kuchaytirish haqida gaplashmoqda.
Muhokamalar Parij tevaragidagi Versal saroyida o’tmoqda. Bir asr oldin dunyo rahbarlari Birinchi jahon urushiga yakun yasagan, ammo shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushiga zamin yaratgan sulh bitimini aynan Versalda imzolagan edi.
Fransiya Yevropa Ittifoqiga ayni damda raislik qilmoqda. Qayta saylanishga umid qilayotgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uchun bu aprelda bo’ladigan saylovdan oldin reytingini oshirish uchun yaxshi imkoniyat hamdir.
“Ukrainada boshlangan urush yevropaliklar ongini shokka solib qo’ydi. Biz o’z mudofaamiz uchun ko’proq pul saflashimiz kerak degan xayolga boryapmiz”, - deydi “Jak Delor” tahlil institutidan Sebastyan Melar.
Ukrainadagi urush NATOga a’zo bo’lmagan Shvetsiyani Kiyevni qurol va harbiy uskuna bilan ta’minlashga, 1815-yildan beri betaraf bo’lgan Shveysariyani esa bu maqomga zid holda Rossiyaga sanksiya qo’yishga majburladi. Shvetsiya va Finlyandiya endilikda NATOga qo’shilish ustida o’ylanmoqda, ayrim a’zo davlatlar esa yillar davomida ilk bor mudofaaga xarajatlarini oshirmoqda.
“So’nggi olti kunda Yevropa xavfsizligi va mudofaasida oxirgi 20 yilga qaraganda kattaroq o’zgarishlar ro’y berdi”, - dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.
AQSh buni olqishlarkan, Yevropa mamlakatlarini ko’pdan beri NATO doirasida harbiy xarajatlarini oshirishga chaqirib kelgan.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Vashingtondan mustaqil bo’lgan harbiy strategiya ustida ham ishlamoqda. Makronning aytishicha, bunday tizim NATOni to’ldiradi.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Tramp ma’muriyati bilan notekis munosabatlar va Amerikaning Afg’onistondan tartibsiz evakuatsiyasi “eski qit’a”ni shunday qadam tashlashga majbur qildi.
“Amerika doim ham kerak bo’lganda bizga yordam bera olmasligi mumkinligini va o’z xavfsizligimizni o’zimiz ta’minlashimiz kerakligini tushundik”, - deydi Melar.
Ba’zi mutaxassislar Yevropa mudofaa tizimini yaratishga bir necha yil ketishini taxmin qilmoqda.
Bugun Turkiyaning janubdagi Antalya viloyatida Ukraina va Rossiya tashqi ishlar vazirlari uchrashdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining aytishicha, Dmitro Kuleba va Sergey Lavrov undan vositachi bo’lishni so’ragan.
Kuleba, asosan, ikkita masalani ko’targanini aytdi – aholiga jangovar zonalarni tark etish uchun, xususan qurshovdagi Mariupolda, insonparvarlik korridorlarini ochish hamda 24 soatlik sulh e’lon qilish.
“Bu yerga gumanitar maqsadda keldim, biroq vazir Lavrov insonparvarlik korridori haqida muloqotga tayyor emasligini, bu masalani tegishli idoralar bilan muhokama qilishini aytdi”, - dedi Kuleba.
Ukraina vaziri uning mamlakati Rossiyaning taslim bo’lish haqidagi talabini bajarmasligini bildirdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Ukrainaga xorijdan ko’p qurol kelayotganidan tashvish bildirib, minglab mobil zenitli raketa moslamalari yovuz kuchlar qo’liga tushib qolishi haqida ogohlantirdi.
“Albatta, biz Ukrainaning betaraf bo’lishini istaymiz. Prezident Putin bu haqda ko’p marotaba so’zlagan, NATO kengaymasligiga ko’p urg’u bergan. Biz Ukraina xalqi yoki davlatini xavfsizlikdan ayirmoqchi emasmiz. Ukraina davlati, Yevropa mamlakatlari va Rossiya xavfsizligi kafolatlarini muhokama qilishga tayyormiz”, - dedi Lavrov.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, chorshanba kuni uchta shahardan 35 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Sumi, Energodar va Kiyev oblastidagi shaharlar nazarda tutilmoqda.
Zelenskiyga ko’ra, Rossiya hujumi natijasida chorshanba kuni Mariupolda tug’ruqxona va bolalar kasalxonasi vayron bo’lgan.
Lavrov ushbu ayblovga munosabat bildirar ekan, hujumdan uch kun oldin kasalxonadan xodimlar va bemorlar chiqarilib, Ukraina Milliy gvardiyasi tarkibiga kiruvchi “Azov” batalyoni jangchilari u yerga kirib olganini aytdi.
Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov AQSh va G’arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga ziyon yetkazayotganini tan oldi, biroq sanksiyalar oqibatlarini yumshatish uchun tegishli choralar ko’rilayotganini aytdi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qabul qilgan va qo’llab-quvvatlagan mamlakatlarning Rossiyada biznes qilgan ko’p yirik kompaniyalari faoliyatini to’xtatgani haqida ma’lum qilgan. Rossiyalik qonunchilar ayni damda bu kompaniyalar mulkini natsionalizatsiyalashtirish ehtimolini muhokama qilmoqda. Ya’ni xorijiy kompaniyalar Rossiya tasarrufiga o’tkazilib, ularning boshqaruvi mahalliy kadrlar qo’liga topshiriladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat Yevropa Kengashidan chiqayotganini ma’lum qildi.
Rossiya Yevropani nodemokratik yo’llar bilan xususiy mulkni olib qo’yayotganlikda ayblamoqda. Jumladan bugun Britaniya hukumati rossiyalik milliarder Roman Abramovichning hisob raqamlari va mulkini muzlatish haqida qaror qabul qildi.
Sanksiyalar bosimi ostida “Chelsi” futbol klubini sotishga majbur bo’lgan tadbirkor Londonning bugungi qarori ketidan endi bu imkoniyatdan mahrum. Klub sotilgan taqdirda ham Bosh vazir Boris Jonson ma’muriyati pul Abramovich hisobiga tushmasligini aytadi.
"Putinning Ukrainaga qarshi zolim hujumini qo’llab-quvvatlaganlarga qo’nim bermaymiz”, - dedi Jonson.
London, shuningdek, “Rosneft” rahbari Igor Sechin, “Rossiya banki” raisi Dmitriy Lebedev, milliarder Oleg Deripaska, “Gazprom” rahbari Aleksey Miller va “Transneft” davlat neft quvuri kompaniyasi prezidenti Nikolay Tokarevni ham qora ro’yxatga qo’shgan.
Facebook Forum