Ukrainada urushning 13-kuni. Tunda ham Rossiya harbiy vertolyotlari tinmagan. Ukraina havo mudofaasi tizimi va zirhli texnika yo’q qilingani aytilmoqda.
Bugun urush zonasidan chiqmoqchi bo’lgan odamlar uchun bir necha shaharda gumanitar korridor ochilgan. Rasmiy Kiyev Mariupolda Rossiya harbiylarini sulhni buzganlikda, insonparvarlik yordami va evakuatsiyaga hozir aholi yo’lini o’qqa tutganlikda ayblamoqda. Shimoldagi Sumi shahridan esa mingga yaqin xorijiy fuqaro olib chiqilgan.
AQSh prezidentining rafiqasi Jill Bayden Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan ukrainalik ayollarni kurashi uchun, rus ayollarini esa urushga qarshi namoyishlari uchun olqishladi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa Boltiq davlatlarida bo’lib, uch mamlakat rahbariyati bilan uchrashuvlari chog’ida ularga ruhiy va texnik madad va’da qildi.
Rus bosqinidan xavotirlangan Latviya, Litva va Estoniya AQSh va NATOdan o’z mamlakatlarida alyans qurollari va askarlari sonini oshirishni so’ramoqda.
Estoniya Bosh vazirasi Kaya Kallasning aytishicha, kriptovalyuta, neft, dengiz bandargohlarini ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shish kerak.
“Putinning urush mashinasini ishdan chiqarish kerak, Rossiyani erkin dunyodan butunlay yakkalatish lozim”, - dedi u.
Boltiq mamlakatlarining xavotir olishicha, Putin Ukrainani qo’lga olganidan so’ng e’tiborini ularga qaratadi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushdan qochayotgan vatandoshlari uchun insonparvarlik korridorlarini kengaytirishga, Qizil Xoch jamiyatini faolroq bo’lishga chaqirdi.
Zelenskiy G’arbga Ukraina havo sarhadini yopishni iltijo qilishda davom etmoqda. AQSh Polshadan “Mig” rusumidagi eski sovet samolyotlarini Ukrainaga berishni so’ragan edi, biroq Varshava bunday qilmaslikka qaror qildi. Rossiya uchinchi mamlakatlar mojoga aralashsa, chora ko’rishi haqida ogohlantirgan.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya-Ukraina urushi tashqariga tarqalmasligi kerak deya bugun yana bayonot berdi.
"Bu hozirgidan-da xavfliroq va halokatliroq bo’ladi. Vaziyat izdan chiqib ketishi mumkin”, - dedi u.
Blinken ketidan Stoltenberg ham Latviyada bordi.
AQSh va G’arb Rossiyaga tunmay sanksiyalar qo’yishda davom etar ekan, Rossiya bosh vazirining o’rinbosari Aleksandr Novak Germaniyaga “Shimoliy oqim-1” quvuri orqali tabiiy gaz to’xtatilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
“Shimoliy oqim-2” quvuri faoliyatining man qilinishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarga asosli javob bo’ladi bu”, - dedi rasmiy.
Yevropa Ittifoqi chetdan xarid qilayotgan tabiiy gazning 45 foizini Rossiyadan oladi.
AQShning Rossiyaga qo’ygan iqtisodiy sanksiyalari Amerikaning o’zida aks-sado bermoqda. Benzin narxi salkam rekord darajaga yaqinlashib, bir galloniga 4 dollardan oshdi. Har ikki partiya vakillari chora ko’rishni so’rab, Prezident Jo Bayden va uning ma’muriyatiga bosim qo’ymoqda. Biroq qanday choralar ko’rilishi kerakligi haqida hamfikrlik yo’q.
“Shu tobda Rossiyadan neft import qilishni taqiqlashga doir biror qaror qabul qilingani yo’q. Ichki muhokamalar ketmoqda, Yevropa va dunyodagi hamkorlar va hamkasblar bilan muhokamalar o’tkazilyapti”, – deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Baydenni shunga chaqirib kelgan.
"Rossiya eksportlarini boykot qilish kerak, xususan nefti va neft mahsulotlaridan voz kechish lozim. Madaniy qoidalarga amal qilishmasa, madaniy dunyodan mahsulot va xizmatlar olmasliklari kerak”, - dedi Zelenskiy.
So’nggi haftalarda AQSh rasmiylari neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlar, jumladan Rossiyaga do’st va sanksiyalarga qarshi Venesuela bilan yoqilg’i olishning muqobil variantlari haqida gaplashgan. Oq uy vakillari Saudiya Arabistoni va Eron rasmiylari bilan ham muloqot qildi.
Neft va gaz bobida Rossiyaga tobe Yevropa mamlakatlarining ba’zilari Rossiyaning yoqilg’i sektorini sanksiya bilan siylash rejasiga qarshi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh bu ishni Yevropasiz qilishi mumkin.
AQShda yoqilg’iga narxlar 2008-yildan beri bu qadar yuqori bo’lmagan. Ba’zilar bu masalada hukumati siyosatini yoqlamoqda.
"Rossiyadan neft sotib olishni bas qilish zarur. To’g’ri, inflyatsiya kuchayadi, ammo bu ishni qilmasak bo’lmaydi”, - deydi bir amerikalik.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Prezident Bayden Saudiya Arabistonidan neft ishlab chiqarishni oshirishni so’rab Riyodga safar qilishi mumkin.
Bu o’rtada kecha Belarusda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uchinchi bor ko’rishdi.
"Muloqot biz kutganday bo’lmadi. Kelasi gal kattaroq qadam qo’yishga kelisha olamiz degan umiddaman. Muzokaralar davom etadi”, - deydi Rossiya prezidentining delegatsiyaga rahbarlik qilayotgan yordamchisi Vladimir Medinskiy.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, Prezident Zelenskiy mojaroni tugatish maqsadida Rossiya rahbari bilan uchrashishga umid qilmoqda.
"Ikki prezident o’rtasida bevosita muloqot bo’lishini anchadan beri xohlaymiz, chunki bilamizki, yakuniy qaror Putinning qo’lida. Agar Putin qo’rqmasa, o’tirib Zelenskiy bilan gaplashsin”, - deydi vazir.
Kreml Putinda Zelenskiy bilan uchrashish niyati va rejasi yo’qligini bildirib keladi.
Ertaga Turkiyaning Antalya shahrida Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari uchrashishi kutilmoqda. Qator davlatlar, jumladan Turkiya, Isroil, Qozog’iston mojaroda vositachilikni taklif qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi jangovar zonalardan aholini evakuatsiya qilishni va buning uchun gumanitar korridorlar ochishni taklif etarkan Ukraina hukumatiga ko’ra, Kreml ularni Rossiya va unga ittifoqchi Belarusga evakuatsiya qilmoqchi.
Fransiyaning BMTdagi elchisi Nikolya de Rivyerning aytishicha, ukrainaliklar Rossiyadan boshpana olishni istamaydi.
Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzyaga ko’ra, ukrain harbiylari evakuatsiyaga to’sqinlik qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi va BMT rasmiylarining aytishicha, Ukrainadagi urush natijasida 5 millionga yaqin odam mamlakatni tark etishi mumkin. 24-fevraldan beri 1 milliondan ortiq ukrainalik qo’shni Polshaga qochgan.
Ukrainaning g’arbiy chegarasidan Polshaga o’tgan odamlarning aksariyati qochqinlar markazlarida jon saqlamoqda. Ba’zilari Polshadagi qarindoshlarinikida turibdi. Kuzatuvchilarga ko’ra, Polsha hukumati bu qadar ko’p qochqinni tez sur’atda joylashtirishga muvaffaq bo’ldi.
“Turmush o’rtog’im Ukrainada qoldi. Uni chiqarishmadi. 18 yashar katta o’g’lim ham. Uni armiyaga jalb qilishdi. Oilamiz bo’linib qolgan. Ko’ngillilar bizga maslahat va yordam berishyapti, ish topishda ko’maklashishyapti. Bu yerda birovga yuk bo’lishni istamaymiz, ishlab yegan nonimizni halollashni xohlaymiz, bizdan foyda bo’lishini istaymiz”, - deydi Polshaga uch farzandi bilan borgan bir yol.
Ukraina rahbarining Rossiyaga qarshi urushda mamlakatiga yordam berish haqidagi da’vatlariga minglab xorijliklar ijobiy qaramoqda. Zelenskiy 16 ming xorijlik Ukrainaga kelayotgani haqida ma’lum qildi. Litva, Latviya, Estoniya, Polsha, Isroil, AQSh va Kanada fuqarolari shular jumlasidan.
Britaniya matbuoti 150 britan ko’ngillisining Ukraina qurolli kuchlariga qo’shilgani haqida xabar qilmoqda. Gruziya, Xorvatiya, Fransiya va boshqa mamlakatlardan ham sobiq harbiylar Ukrainaga yo’l olmoqda.
Jonatan ismli amerikalik mamlakati Ukrainaga qo’shin yubormaganidan xunob.
“Ukrainada jang qilmoqchi bo’lgan yoki gumanitar yo’nalishda ishlamoqchi bo’lganlarga imkon qadar ko’p ma’lumot va maslahat beryapman”, - deydi u.
Xyustonlik olim Mayk Nut Ukrainaga bormoqchi bo’lgan ikki ko’ngilli xarajatlarini qoplashga qaror qilgan.
“Shu ikki odamga Ukrainagacha chipta olib berib, jang maydoniga yana ikki odamni qo’shish orqali savob ish qilgandayman”, - deydi u.
Amerikalik ko’ngillilar orasida Roud-Aylend, Tenessi shtatlaridan ham odamlar bor. 33 yashar kanadalik oshpaz Brayzon Vulsi harbiy tajribasi yo’qligiga qaramay, Zelenskiy da’vatiga “labbay” deb javob berdi.
“Ovqat pishirishdan boshqasi qo’limdan kelmaydi. Agar ularga oshpaz kerak bolsa, jon deb boraman. Frontga odam kerak bo’lsa ham tayyorman. Handaq qazish ham qo’limdan keladi. Muhimi foydam tegsa bo’ldi”, - deydi Vulsi.
Rossiya Mudofaa vazirligining o’tgan hafta bildirishicha, xorijiy jangarilar yollanma kuchlar sifatida ko’riladi va ularga urush asirlarini himoya qiluvchi xalqaro qonun-qoidalar qo’llanilmaydi.
AQSh hukumati fuqarolariga Ukrainani tark etishni yoki u yerga bormaslikni tavsiya qilgan. Davlat departamenti amerikaliklarni Ukraina xalqiga gumanitar yordam yuborish bilan shug’ullanayotgan insonparvarlik tashkilotlarini qo’llab-quvvatlashga chaqirib keladi.
Rossiya hukumati AQShni Ukrainada 30 dan ortiq biologik laboratoriyalar o’rnatib, turli sinovlar o’tkazganlikda, yuqumli kasalliklar yaratganlikda ayblayapti.
Rossiya Qurolli kuchlarining yadroviy, biologik va kimyoviy mudofaa kuchlari qo’mondoni general-leytenant Igor Kirillovning aytishicha, AQSh bu loyihalarga 200 million dollardan ko’p pul sarmoya qilgan va ayni paytda Ukrainada bu laboratoriyalar zudlik bilan yo’q qilinmoqda.
Facebook Forum