Ukraina-Rossiya urushining 14-kuni Kiyev mamlakatning neytrallik maqomini muhokama qilishga hozirligi haqidagi xabarlar bilan kuzatildi. Bu haqda Ukraina prezidenti idorasi rahbari Igor Jovka ma’lum qildi.
10-mart kuni Antalyada Rossiya, Ukraina, Turkiya tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi uchrashuv kutilmoqda. Turkiya tomoni muloqotning asosiy maqsadi otishmalarni to’xtatish, ziddiyatni muzokara qilish ekanligini bildirgan. Prezident Rajab Toyib Erdog’an muloqotning davomli bo’lishiga umid qilmoqda.
Ukraina ultimatumlarni qabul qilmasligi, ammo mamlakatning ehtimoliy neytrallik maqomini muhokama qilishga hozirlik bildirdi.
Prezident Volodimir Zelenskiy Prezident Vladimir Putin bilan ham bevosita muloqotga hozirligi, ammo Ukraina taslim bo’lish shartlarini qabul qilmasligini aytgan edi.
Muzokaralarga oid so’nggi xabarlardan qat’i nazar urush davom etmoqda. 24-fevral tongida boshlangan urushga ikki hafta bo’ldi.
Ukraina aholisining 2 milliondan oshig’i qochqinga aylandi. Bu mamlakatdan chetga, Yevropa davlatlariga chiqqan qochqinlarning sonidir.
Mamlakat ichkarisida, markaziy va sharqiy viloyatlardan g’arbiy hududlarga qochayotgan aholi soni esa ancha ko’p. Ukraina yo’llarida sharqdan g’arbga tomon harakatlanayotgan transport oqimi tinmaydi. Poyezdlarning harakat jadvali bir necha marotaba ko’paytirilgan, qochqinlar, aholi evakuatsiyasi uchun maxsus yo’nalishlar joriy qilingan.
Urush tinch aholi, yosh bolalar hayotiga ham zomin bo‘lmoqda. Ukraina hozirgacha 50 ka yaqin bolalar qurbon bo’lganini, tinch aholidan umumiy qurbonlar soni 500 dan oshganini ta’kidlayapti.
Harbiy talafotlar borasidagi raqamlar ham bir qadar bahsli ko’riladi. Ukraina armiyasi 12 mingdan oshiq rus askarlari, 80 dan oshiq vertolyot, 50 ka yaqin qiruvchi samolyotlar, 100 dan oshiq harbiy texnika yo’q qilingani haqida hisobot bermoqda.
Rossiya tomoni ochiqlayotgan raqamlarda esa Ukrainadagi amaliyot davomida 2 mingdan oshiq harbiy obyektlar, mingdan oshiq harbiy texnika yo’q qilingani ta’kidlanadi.
Urush davrida tomonlarning harbiy talafotlarga doir ma’lumotlari hamisha bahsli ko’rib kelingan.
Urush chizig’ida Rossiya armiyasi siljishi asosan Kiyev qamali kuchayib borayotgani bilan kuzatiladi. So’nggi ma’lumotlarda Kiyevni zabt etish uchun Ramzan Qodirov rahnamoligidagi chechen qo’shinlari, xususiy harbiy kompaniya sifatida tanilgan “Vagner” jangchilari, shuningdek, maxsus batalyonlar jalb qilinayotgani aytiladi.
Ayni paytda Rossiya qo’shinlarining asosiy kuchi Kiyev ostonasida to’planmoqda. Avvalroq bir necha kilometrga cho’zilgan Rossiya harbiy texnikasi harakati haqida ma’lumotlar chiqqan edi. Hozirda bu harbiy texnika Kiyev ostonasida to’xtagan.
Kolonnaning nima sababdan jangga tashlanmayotgani yuzasidan turli taxminlar mavjud, jumladan, logistik muammolar, ta’minot bilan bog’liq yetishmovchiliklar va Kiyev ishg’oli uchun hal qiluvchi hujumga buyruq kutilayotgani.
Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushidan ikki hafta o’tib shuni aniq aytish mumkinki, urush turli siyosiy qarashlardagi ukrain jamoatchiligini birlashtirgan, Rossiya Ukraina ustidan shiddatli g’alaba qilishiga doir mavjud qarashlarning haqiqatdan uzoqligini ko’rsatmoqda.
Facebook Forum