AQSh rahbari Jo Bayden Ukrainaning murojaatiga javoban qurol-yarog’ va mudofaa vositalaridan iborat yana 800 million dollarlik yordam paketini e’lon qildi. Biroq Vashingtonning Ukraina havo sarhadlarini yopish xavfli ekani haqidagi pozitsiyasi o’zgarmagan.
“Bu bilan, joriy haftaning o’zida Ukrainaga xavfsizlik bo’yicha yangi yordamlarimiz miqdori 1 milliard dollarga yetdi, – deydi Bayden. – Yangi paket havo hujumiga qarshi 800 ta mudofaa tizimini o’z ichiga oladi, toki Ukraina armiyasi ularning xalqiga hujum qilayotgan samolyot va vertolyotlarni to’xtata olsin, o’z havo sarhadlarini himoya qila olsin”.
Prezident tilga olgan 800 ta “Stinger” raketalaridan tashqari, AQSh Ukrainaga quyidagilarni yo’llaydi:
- 2000 ta tankka qarshi “Javelin” raketalari
- 1000 dona zirhga qarshi qurollar
- 6000 ta AT-4 zirhga qarshi tizimlar
- granatamyot, pulemyot, miltiq va dubulg’alar
- 20 milliondan ortiq o’q-dori
16-mart kuni Prezident Volodimir Zelenskiy AQSh qonunchilariga virtual tarzda murojaat qilib, yordamni oshirishni so’radi. U nutqida 11-sentabr terror hujumlarini, 1941-yilda Perl-Xarbor harbiy bazasiga hujum kabi AQSh tarixidagi eng achchiq, og’riqli sahifalarni tilga olib, Ukraina ham bugun xuddi shunday dahshatni boshdan kechirayotganini ta’kidladi.
Zelenskiy G’arb davlatlaridan Ukraina osmonini Rossiyaning qiruvchi samolyotlari uchun yopishni so’rab kelmoqda. NATO alyansining javobi shuki, Rossiya samolyotlarini urib tushirish uchinchi jahon urushiga turtki beradi.
Buning o’rniga Vashington Rossiyaga, ayniqsa Prezident Vladimir Putinga yaqin oligarxlarga kuchli sanksiyalar joriy etish yo’lini tanlagan. Bu ish Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.
Oq uyda jurnalistlar bilan savol-javob paytida Prezident Bayden Putinni “urush jinoyatchisi” deya atadi.
“Rossiya kuchlari Mariupolda eng yirik kasalxonada yuzlab shifokor va bemorlarni garovda ushlab turgani haqidagi xabarlarni ko’rdik. Bu vahshiylik. Butun dunyo Ukrainani qo’llab-quvvatlayapti, Putinga bu ishlari juda qimmatga tushadi”, - deydi AQSh prezidenti.
Facebook Forum