Ukrainada urush boshlanishi va Rossiyaning sanksiyalarga tortilishi ortidan Turkiyada oziq-ovqat narxi oshmoqda. Ukraina mojarosi tufayli Qora dengizdan deyarli barcha oziq-ovqat eksporti sezilarli darajada kamaygan.
“Biz taxminan 10 million tonna yuqori navli bug'doy import qilishimiz kerak. Rossiyada eksport ustidan nazorat o’rnatilganini hisobga olsak, ularda buncha bug’doyni yetkazib berish imkoniyati bor-yo’lqigini bilmayman. Ukraina Turkiyaning g'alla va moyli o'simliklar bozorida birinchi o'rinda turar edi, endi bu bozor yo'q. Albatta, Turkiya boshqa bozorlardan ham xarid qilishi mumkin, lekin ular uzoqroqda joylashgani bois transport xarajatlari va narxi qimmat bo’ladi”, - deydi turkiyalik ekspert Attila Yashiloda.
Turkiya import qilingan g'allaga qaramligi bois allaqachon narxlar o’sishni boshlagan.
“Turkiya don kengashi oʻtgan yili iyunda bugʻdoyning bir tonnasini 262 AQSh dollari evaziga import qilgan boʻlsa, oʻtgan hafta bu 456 dollarni tashkil etdi. Bu kamida ikki baravar qimmat. Mamlakat importga qaramligi, Ukraina urushi tufayli jahon oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi hamda xaridlar uchun to’lov valyutada qilinishi bois Turkiya og’ir badal to’layapti”, - deydi yana bir tahlilchi Ali Akbar Yildirim.
Turkiya lirasi qadri o'tgan yili keskin tushib ketdi va hanuz bosim ostida. Bug'doy importi uchun to'lov dollarda to'lanishi, qolaversa, Ukraina urushi boshlanishidan oldin inflyatsiya allaqachon 50 foizga yetgani hisobga olinsa, vaziyat yanada og’irlashgan.
Turkiyada nonushta uchun ishlatiladigan, kunjut bilan qoplangan simit nonning narxi deyarli ikki baravar qimmatlashgan.
Hukumat un uchun subsidiya e’lon qilganiga qaramay, narxlarning yana oshishi kutilmoqda.
“Non narxining oshishi yaqin oylarda namoyon bo'ladi. Tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv to’lovlarining oshishi bilan non narxi ham oshadi. Gap faqat un narxida emas; xamirturush ham bor. U oldin 60 lira edi, hozir 160 liraga chiqdi. Ustiga-ustak ish haqi bor”, - deydi ulgurji novvoy Metin Chelik.
Shu paytgacha kamdan-kam uchragan ish tashlashlar endi Turkiyada ham tez-tez sodir bo’lmoqda. Ishchilar narxlar o’sishiga mutanosib ravishda ish haqinining oshirilishini talab qilmoqda.
“Agar siz boshqa hech narsa topa olmasangiz, faqat non bilan ovunasiz. Novvoyxona va un sanoati xodimlari hozir to‘rt lira bo‘lgan o‘rtacha non yoz oylarida yetti liragacha ko‘tarilishi mumkinligini aytishyapti. Buning ta’siri iqtisodiyotdan tashqarida ham seziladi va Erdo'g'anning obro’siga ham hech qanday foyda keltirmaydi", - deydi Yeshiloda.
Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an kelasi yili qayta saylanishi kutilmoqda.
Tahlilchilarning ogohlantirishicha, mahalliy ishlab chiqarishni koʻpaytirish oʻrniga bugʻdoyni qimmat narxlarda import qilish davom etsa, Erdoʻgʻon saylovda jiddiy yo’qotishlarga duch kelishi mumkin.
Facebook Forum