Breaking News

Islom Hamkorlik tashkiloti uyg’urlarga befarqlikda ayblanmoqda


Xitoyning uyg'urlarga zulmiga qarshi namoyish. Indoneziya, 4-yanvar, 2022.
Xitoyning uyg'urlarga zulmiga qarshi namoyish. Indoneziya, 4-yanvar, 2022.

AQSh Pekinni Shinjon hududida uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlar vakillariga qarshi genotsid jinoyatini qo’llayotganlikda ayblagani musulmon davlatlar orasida sezilarli rezonans uyg’otmadi. Xususan, 57 mamlakat a’zo bo’lgan Islom Hamkorlik tashkiloti (IHT) uyg’urlar qatliomi va ularga qarshi repressiya borasida sukutda. Tashkilotning joriy haftada o’tgan oliy darajadagi forumida esa Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I yuksak ehtirom bilan qarshi olindi.

Mezbon Pokiston tomonidan IHT ning 48-sessiyasiga taklif etilgan Van I Islomoboddagi forumda nufuzli mehmon sifatida qatnashdi va ochilish marosimida so’zga chiqdi. Kutilmaganda, diplomat 24-mart kuni Afg’onistonga tashrif buyurib, Xitoy investitsiyasi va quvvatlovidan umidvor bo’lib turgan Tolibon hukumati vakillari bilan uchrashdi.

Vashingtonda asoslangan Uyg’ur huquqlarini himoya qilish kampaniyasi Xitoy diplomatining forumga taklif etilishini ham, IHT ning uyg’urlarga qarshi repressiya borasida sukutda qolayotganini ham birday qoralamoqda.

“Uyg’urlar o’zlarini musulmon sifatida namoyish eta olmayotgan va Islomga erkin e’tiqod qila olmayotgan bir paytda Pokistonning Van Ini nufuzli mehmon sifatida takif etgani ayanchli hol”, deb yozdi kampaniya sayti.

AQSh Xitoyni Shinjon avtonom hududida genotsid hamda insoniyatga qarshi jinoyatni amalga oshirayotganlikda ayblab keladi. Vashington ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlar majburiy mehnatga tortilayotgani, ayollar majburiy sterilizatsiya qilinayotgani, 1 milliondan ziyod musulmon aholi “qayta tayyorlash” lagerlarida hibsda ekani, mahkumlar qiynoqqa tortilib, ayollar zo’rlanayotgani, Islom dinini yo’qotish kampaniyasi avjida ekanidan bong urib kelmoqda.

Bu ayblovlarni inkor etib kelayotgan Pekin esa Shinjonda barcha etnik guruhlar “teng va baxtiyor” yashayotganini iddao qilmoqda.

IHT rohinja va afg’on musulmonlari yuzlashayotgan muammolar, Falastindagi holat, Jammu va Kashmir masalalarini ko’tardi, biroq, askariyat hollarda, uyg’urlar genotsidiga ko’z yumib kelmoqda, deyiladi Uyg’ur huquqlarini himoya qilish kampaniyasi sayti xabarida.

Faqatgina Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog’lu uyg'urlar mavzusini ko’tarishga jur’at etdi.

“Xitoyda uyg’urlar va boshqa musulmonlar diniy huquqlari va madaniy o’zligini himoya qilish yo’lida aziyat chekmoqda. Uyg’urlar muammosiga befarqlik adolatdanmi?” – deya murojaat qildi Turkiya bosh diplomati forumning ochilish marosimida so’zlar ekan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG