Breaking News

Uyg'urlar hikoyasi: Xitoy lagerlarida hayot qanday? (2-qism)


Xitoy lageridan omon chiqqan uyg'urlar hikoyasi (2-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Xitoy kasb-hunar markazlari deb ataydigan Shinjondagi maxsus zonalarda aslida nima yuz beryapti? Ushbu lagerlarda bo’lib chiqqan uyg’urlar va dronlar yordamida olingan ba’zi tasvirlar u yerdagi real voqelik haqida xulosa chiqarishga yordam beradi. Lagerlardan omon chiqqan uyg’urlarning aytishicha, Xitoyda uyg’urlar va boshqa ozchilik turkiy elatlar diniga e’tiqod qilgani uchun tazyiq ostiga olinmoqda.

Ushbu tasviriy san’at asari Xitoydagi uyg’ur musulmonlarga qarshi olib borilayotgan genotsid haqida hikoya qiladi. U 2015-yil Xitoy lagerida o’tirib chiqqan 33 yoshli Mehrigul Tursun tomonidan yaratilgan.

Mehrigul asari Davlat departamentining AQSh tashqi siyosati haqida ma’lumot beruvchi “ShareAmerican” vebsaytida e’lon qilindi.

Muallifning aytishicha, 2015-yil uni yangi tug’ilgan uch egizak farzandidan ayirib, uch yil lagerda saqlashgan. Bu orada farzandlaridan biri ochlikdan halok bo’ldi.

“2015-2018-yillar orasida hayotim barbod bo’ldi. Qamoqda meni ham ruhan, ham jismonan qiynashdi. Qamoqda to’qqiz ayol vafot etganini o’zim ko’rdim”, - deya xotirlaydi ayol.

40 yoshli Zumrad Dovud majburiy lagerda ikki oy vaqt o’tkazgan. Shu davrda Xitoy doktorlari unga noma’lum dori bergan. Shundan beri turmush o’rtog’im bilan farzand ko’ra olmayapmiz, deydi u.

“Oltmish ikki kun davomida ko’p narsani boshimdan o’tkazdim. Shulardan biri majburlab dori ichirish edi. Ular bizga dorini berib, uni yutganimizga ishonch hosil qilish uchun og’zimizga barmoqlarini tiqib tekshirib ko’rishar edi”, - deydi ayol.

Zumrad Amerikaga qochib kelib, bu yerda tekshiruvdan o’tganda, doktorlar uning sterilizatsiya qilinganini, endi farzand ko’ra olmasligini aytishgan.

Uyg'urlar saqlanayotgan lagerlardan biri, Shinjon, Xitoy, 2019-yil, noyabr
Uyg'urlar saqlanayotgan lagerlardan biri, Shinjon, Xitoy, 2019-yil, noyabr

60 yoshli Abdulahad Nur hozir Kanadada yashaydi. Xitoy rasmiylari undan qamoqxonadagi uchinchi yili uchun xarajatlarni to’lashni talab qilganda, u Qozog’istonga qochganini aytadi. Politsiya meni qidirishdan to’xtamadi, deydi u.

“Qirg’iziston, O’zbekiston va Qozog’istonga Xitoy razvedka xizmatlari kelib, uyg’urlarni qidirishadi va politsiyaga topshirishadi. Ular kelib, bizni qo’lga olishdi va yana Xitoyga jo’natishdi”, - deydi u.

Britaniyalik advokat Rodni Dikson Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudda lagerlaridan omon chiqqan uyg’urlar ishini himoya qiladi. Uning aytishicha, Xitoy xavfsizlik xizmatlari xorijda uyg’urlarni qo’lga olib, lagerlarga qayta olib ketish holatlari ko’p uchraydi.

“Tojikistonning o’zida minglab odam deportatsiya qilingan yoki g’oyib bo’lgan. Bir paytlar Tojikistonda 3000 atrofida uyg’ur yashagan. Hozir ular soni 100 taga tushib qolgan. Boshqa qo’shni mamlakatlarda ham shunday bo’lyapti”, - deydi Dikson.

Xitoy lageridan omon chiqqan uyg'urlar hikoyasi (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

O’nlab mamlakatlar, xususan, AQSh Xitoyning uyg’urlarga ko’rsatayotgan tazyiq siyosatini keskin tanqid qiladi. Xitoy qurolli kuchlariga yoki uyg’urlarga nisbatan qo’llangan siyosatga aloqador 34 tashkilot AQSh tomonidan sanksiyaga uchragan. Pekin uyg’urlarning huquqlari buzilayotganini keskin rad qilib, lager deb atalayotgan maskanlarda aslida uyg’urlarga kasb-hunar o’rgatilayotganini, radikalizm va ekstremizmga qarshi ta’lim-tarbiya berilayotganini aytadi.

"AQSh sanksiyalari deb ataladigan bu narsa Qo'shma Shtatlarning Shinjon masalasi orqali Xitoyni nazorat qilishga bo’lgan yovuz niyatini hamda inson huquqlari va demokratiyaga oid soxta asoslar ostiga berkitilgan ikkiyuzlamachi avtoritar tabiatini to'liq fosh qiladi", - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.

Ekspertlar fikricha, Xitoyning uyg’urlar siyosati negizida islomofobiya hamda mintaqaning tabiiy resurslari, xususan, neft va gaz ustidan nazoratni boy bermaslik istagi yotibdi.

“Shinjon ham iqtisodiy, ham geografik jihatdan muhim hudud. Iqtisodiy nuqtai nazardan, u qimmatli tabiiy resurslarga boy”, - deydi Ratgers universiteti professori Enji Abdulqodir.

Inson huquqlari bo’yicha BMT Oliy komissari ayni paytda vaziyatni o’rganish uchun Shinjonga tashrif buyurish maqsadida Xitoy rasmiylari bilan muzokara olib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG