Breaking News

Fransiya parlamenti: Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati genotsid


Fransiya parlamenti uyg’ur xalqiga qarshi zug’umni “genotsid” deya rasman qoraladi. Shinjonda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda, deyiladi rezolyutsiyada.

Muxolifatchi sotsialistlar va boshqa partiyalar tomonidan olg’a surilgan hujjatga ko’ra, Fransiya hukumati “xalqaro hamjamiyat doirasida va Xitoyga nisbatan tashqi siyosatida Shinjon mintaqasidagi ozchilik guruhni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko’rishi lozim”.

Xitoyning Parijdagi elchixonasi qarorni bema’nilik deya, ikki mamlakat aloqalariga putur yetishi haqida ogohlantirmoqda.

“Fransiya tomoni bu rezolyutsiyaning qanchalik bema’ni va zararli ekanidan xabardor. So’z va amal o’rtasida uyg’unlikni ta’minlab, Xitoy-Fransiya munosabatlarining sog’lom rivojlanishi uchun aniq choralar ko’rsin”, deyiladi elchixona bayonotida.

Pekin uyg’urlarga nisbatan genotsid sodir etilayotgani, ular majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqidagi da’volarni inkor etadi.

Ikki haftadan so’ng Pekinda Qishki Olimpiada boshlanadi. Qator G’arb davlatlari, jumladan AQSh, Britaniya va Avstraliya diplomatik boykot e’lon qilgan. Bu degani, diplomatlar va rasmiylar musobaqaga bormaydi.

Dekabrda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bunday boykotlardan naf yo’qligini, o’yinlarni “siyosiylashtirishga” qarshi ekanini ta’kidlagan edi.

O’tgan yili Niderlandiya parlamenti ham o’xshash rezolyutsiya qabul qilgani Xitoyning keskin tanqidiga uchragan. Italiya va Belgiya ham Xitoyni qoralagan bo’lsa-da, “genotsid” atamasini qo’llamagan.

"Reyter" axborot agentligi ma'lumotlaridan foydalanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG