Breaking News

AQSh uyg’urlar va tibetliklar masalasida Xitoyga bosimni kuchaytirmoqda


Inson huquqlari faollari AQShning Tibetda va Shinjonda inson huquqlari masalasiga e’tiborni kuchaytirayotganini olqishlarkan, huquq tashkilotlarining targ’iboti qisman bunga sabab bo’layotganiga ishora qiladi.

Shinjondagi uyg’urlar va Xitoyning Himolay mintaqasida yashovchi tibetliklar yarim asrdan buyon kommunistik tuzumdan diniy va madaniy erkinlikka erishishga intilib keladi.

"Sharqiy Turkiston [Shinjon]dagi gumanitar inqirozga alohida e’tibor qaratish Amerika milliy manfaatlariga to’g’ri keladi; uyg’urlar masalasida bo’lgani kabi insoniyatga qarshi qatliom va jinoyatlar qayerda sodir bo’lmasin chora ko’rishga da’vat etish Amerika qadriyatlari va an’analari bilan hamohangdir”, - deydi Jahon uyg’urlari kongressi vakili Dilshod Rashid.

Uning aytishicha, amerikaliklar liberal demokratik mamlakatlar kabi Xolokostga o’xshash qatliomlarning takrorlanmasligi uchun zaif diniy va etnik guruhlarni himoya qilishga va’da bergan.

Bundan tashqari, Qo’shma Shtatlar so’nggi 4 yildan beri Xitoy bilan savdo masalasida, Xitoyning Osiyodagi dengizlarda hududiy kengayishi bo’yicha tortishib keladi.

Ayrim mamlakatlar va inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, Xitoy bir milliondan ziyod uyg’urlar va boshqa millatga mansub musulmonlarni lagerlarda saqlab kelmoqda. Pekin bu muassasalarni hunar-ta’lim markazlari deb atarkan, ular yordamida diniy ekstremizm va terror xurujlariga chek qo’yishga harakat qilayotganini da’vo qiladi.

1951-yilda Xitoy nazoratiga o’tgan tog’li Tibetda hukumat buddist ibodatxonalarini o’z nazoratiga olishga urinmoqda, tibetliklarni o’z tilida ta’lim olish imkoniyatidan ayirib, xitoy tilida ta’lim dasturlarini joriy etmoqda. Bunday siyosat tanqidchilari muntazam ravishda hibsga olinib, uzoq muddatga qamalmoqda.

So’nggi 5 yildan beri AQSh hukumati Xitoyning Gonkongda Pekin siyosatiga qarshi faollikka qo’ygan cheklovlarini, Tayvan havo sarhadlari uzra harbiy samolyotlari parvozlarini tanqid qilib keladi.

Bosimni kuchaytirish

AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan oy Pekin Qishki Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qilganida Xitoyning uyg’urlarga muomalasini asosiy sabab qilib ko’rsatgan.

23-dekabr kuni esa Bayden Kongressda har ikki partiya vakillari kelishib qabul qilgan “Uyg’urlarni majburiy mehnatga jalb qilishga qarshi” (Uyghur Forced Labor Prevention Act) qonunni imzoladi. Hujjat Shinjonda majburiy mehnat vositasida ishlangan mahsulotlarning AQSh bozoriga kirishini taqiqlaydi.

20-dekabr kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken inson huquqlari masalalari bilan shug’ullanuvchi o’rinbosari Uzra Zeyaga Tibet masalalari bo’yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi lavozimini ham yukladi.

Davlat departamenti veb-sahifasida aytilishicha, maxsus muvofiqlashtiruvchi tibetliklar huquqlarini ta’minlash masalasini targ’ib qilgan holda ularning o’ziga xos diniy, til va madaniy o'zligini saqlashga yordam beradi.

Amerikalik qonunchilar dekabr boshida Baydendan Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan uchrashib, tibetliklar huquqlari masalasi bilan faol shug’ullanishga chaqirgan.

Bayden bosim ostidami?

Taybeylik olim Xuan Kvey Boning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Baydenning Tibet va Shinjon mavzulariga e’tibori AQShning inson huquqlari masalasidagi an’anaviy siyosati bilan hamohangdir, biroq boshqa tarafdan Amerikadagi inson huquqlari tashkilotlarining ichki lobbichilik harakatlari natijasi bo’lishi ham mumkin.

Vashingtondagi “Stimson markazi”da Sharqiy Osiyodagi jarayonlarni kuzatayotgan tahlilchi Yan Sanga ko’ra, Shinjondagi lagerlarni yaratish tashabbusi ortida viloyat Kommunistik partiya qo’mitasini 2016-yildan o’tgan yil oxirigacha boshqargan Chen Tsuango turibdi. Aynan uning siyosati tufayli uyg’urlarning diniy erkinligi ham cheklandi.

Siyosatshunosning aytishicha, mehnat lagerlari siyosatining foydadan ko’ra Xitoy xalqaro obro’siga yetkazayotgan zararining ko’pligi mamlakat rahbariyatini bir necha kun oldin Chenni lavozimidan bo’shatishga majburlagan.

“Talabalar erkin Tibet uchun” kampaniyasi rahbari Pema Doma nazarida, Bayden hukumatining Tibet va Shinjonga kattaroq e’tibor berishiga huquq tashkilotlarining faolligi sababchidir.

"Inson huquqlari himoyachilarining shijoati, ko’p narsalarni boshidan kechirgan va Xitoy hukumatiga qarshi tanqidiy fikr bildirishda davom etayotgan bu insonlarning dovyurakligining natijasi bu”, - deydi Doma.

Unga ko’ra, kampaniya faollari Bayden ma’muriyatini tibetliklar va uyg’urlarni Xitoy madaniyatiga assimilyatsiya qilish harakatlariga qarshi turishga da’vat etmoqda.

"Bayden ma’muriyati oldingi administratsiyalardan farqli siyosat yuritish uchun javobgardir", - deydi faol.

Xitoyning munosabati

Xitoy rasmiylari Vashingtonning g’arbiy hududlariga nisbatan harakatlarini o’z ichki ishlariga aralashuv deya qoralamoqda. So’nggi paytlarda Pekin buni qat’iylik bilan takrorlamoqda.

Xitoyning “Sinxua” davlat axborot agentligi AQShning Shinjonga qarshi sanksiyalarni o’z ichiga olgan qonunini qoralab, uni “yolg’onga to’la” hujjat, “qonunchilik orqali Xitoy ichki ishlariga aralashishga qaratilgan umidsiz urinish” deb atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG