AQSh razvedkasi rasmiylarining ogohlantirishicha, fazoda raqobat sur’ati va ko’lami nihoyat darajada kuchayadi. Xususan, mamlakatning azaliy raqiblari Xitoy va Rossiya 2019-yildan buyon fazoga oid aktivlarini 70 foizga oshirgani inobatga olinsa.
“Asosiy strategik raqiblarimiz Rossiya va Xitoy AQSh hamda uning ittifoqchilarining fazoviy qudratini zaiflashtirish uchun choralar ko’rmoqda”, - dedi AQSh razvedkasi ofitseri Jon Xat 12-aprel kuni Pentagonda “Fazo xavfsizligini ta’minlash masalalari – 2022” hisobotining taqdimot marosimida so’zlar ekan.
Zobitning izohlashicha, 2019-yilda ilk shunday hisobot taqdimoti o’tganidan buyon AQShning raqiblari fazo operatsiyalarini barcha kategoriyalar, xususan, kommunikatsiya, navigatsiya, texnologiya va tadqiqotlar bo’yicha kuchaytirishga erishdi.
“Fazo kengliklari tobora harbiylashib bormoqda. Xitoy va Rossiya fazoviy mudofaani mustahkamlashga urinar ekan, orbital tirbandlik ortgan”, deyiladi so’nggi hisobotda.
Xatning bildirishicha, Xitoy va Rossiya fazo qatlamini zamonaviy urushlarda g’olib chiqishning muhim makoni sifatida ko’rmoqda. Ular AQShning fazoviy tizimlarga qaram ekanini yaxshi biladi va mamlakatni zaiflashtirishning choralarini izlamoqda.
“Xitoy yoki Rossiyaning qay bir qudratliroq raqib ekani muhim emas. Bu ikki davlatning fazoga doir har bir xatti-harakatidan ko’z uzmaslik lozim”, - deydi Xat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Pekin o’z fazoviy dasturi haqida bayonot berar ekan, mamlakat avvalo insoniyatning fazoga doir bilimlarini kengaytirish va ilmiy taqdiqot hamda hamkorlikni tinchlik maqsadida yo’lga qo’yishini bildirgan. Shuning bilan birga, Xitoyning milliy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish hamda mamlakat qudratini mustahkamlashga alohida urg’u bergan.
AQSh razvedkasi tahlilchisi Kevin Rayderning ta’kidlashicha, o’z iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanib, Xitoy fazodagi harbiy qudratini sezilarli darajada oshirishga erishgan. O’z armiyasini har tomonlama modernizatsiya qilishga urinayotgan Rossiya ham fazoda ustunlik qilish uchun intilmoqda.
AQSh razvedkasining so’nggi hisobotida bu ikki davlatning Oy va Mars dasturlariga alohida e’tibor qaratilgan. Rayderning nazdida, Pekin va Moskvaning bu dasturlari sof ezgu maqsadlarni nazarda tutmaydi va Vashington buni tahdid sifatida baholashi lozim.
Xitoy allaqachon Oy va Mars sathiga robot mashinalarini joylashtirgan. Xitoy bilan yaqin hamkorlikka ega Rossiya ham Oy missiyasi bo’yicha dadil qadamlar tashlashga shay turibdi.
Facebook Forum