Mudofaa bo’yicha tahlilchilarning aytishicha, Xitoyning koinotdan harbiy maqsadlarda foydalanish salohiyati yildan yilga kuchayib bormoqda.
Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi bugun harbiy texnika tizimlarini koinotga olib chiqish yoki sun’iy yo‘ldoshlar yordamida yerdagi harbiy qurilmalarni kuzatishi imkoniyatiga ega, deydi mutaxassislar.
Xitoy oxir-oqibat dengizdagi dushman suvosti kemalarini aniqlash uchun koinotdagi sensorlardan foydalanish darajasiga yetadi, deydi Singapurdagi S.Rajaratnam Xalqaro tadqiqotlar maktabining AQShdan tashrif buyurgan katta ilmiy xodimi Richard Bitzinger.
"Kosmosdan harbiy maqsadda foydalanish o'z-o'zidan ravshan va agar xitoyliklar bu ishga qo’l urmasa, bu ahmoqlikdek gap”, - deydi u.
Xitoyning 2019-yilda e’lon qilingan milliy mudofaa rejasida Xalq ozodlik armiyasi havo kuchlarining kosmosdagi roli ortib borayotgani ta'kidlangan.
"Havo va kosmik imkoniyatlarni birlashtirish, shuningdek, hujum va mudofaa operatsiyalarini muvofiqlashtirish bo'yicha strategik talablarga muvofiq, Xalq ozodlik armiyasi hududiy havo mudofaasidan hujum va mudofaa amaliyotlariga o'tishni tezlashtirmoqda", deyiladi hujjatda.
Tayvandagi Ilg'or siyosat tadqiqotlari markazining Xitoy kengashi bosh kotibi Endryu Yangning aytishicha, kosmik qurilmalar Xitoyga bir necha turdagi raketalar bilan havo hujumlarini amalga oshirishda yordam berishi mumkin.
O’sib borayotgan harbiy salohiyat
Harbiy hujjatda aytilishicha, Xitoy havo kuchlari erta ogohlantirish, havo hujumlari va raketalarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini yanada yaxshilash ustida ishlarni davom ettiradi.
Noyabr oyida “Astronomiya” jurnali chop etilgan maqolaga ko’ra, xitoylik tadqiqotchilar gipertovushli, ya'ni tovush tezligidan kamida besh baravar tez uchadigan qurollarni, shu jumladan, raketa orqali koinotga uchiriladigan kosmik suzuvchi vositalarni sinovdan o'tkazgan.
Xitoyning o‘nlab yillik sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i Yerdagi harbiy texnikalarni kuzatish uchun “yuqori aniqlikdagi” fizio-magnit sensorlarga ega bo’lishi mumkin, deydi yana bir ekspert Kollin Koh.
"Xitoyning kosmik sun'iy yo'ldoshlar inventarida okeanlarni kuzatishga bag'ishlanganlari bor. Ulardan fuqarolik va potentsial harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin", - deya qo’shimcha qiladi Koh.
Yer va fazo o’rtasidagi aloqa
Tahlilchilarga ko'ra, Xitoy armiyasi kosmosdagi harbiy texnologiyalardan bahsli Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarida nazoratni kuchaytirish yo’lida foydalanishi mumkin.
"Xitoy doktrinasida shunday deyiladi: "Biz yaqin dengizlarni nazorat qilishimiz va ikkinchi orol zanjirida raqibga qarshi kurashish imkoniyatiga ega bo'lishimiz kerak", - deydi Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Grigoriy Poling.
Bu dengiz hududlarida Xitoy bilan bahslashayotgan Osiyo mamlakatlari uchun tahdiddir, deydi Gavayidagi Xavfsizlik tadqiqotlari Osiyo-Tinch okeani markazi professori Aleksandr Vuving.
Pekin allaqachon Janubiy Xitoy dengizidagi kichik orollarda harbiy angarlar va radar tizimlarini joylashtirgan. Bu hududlar ustidan Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vetnam ham suverenitetni da’vo qiladi. Baliqchilik va energiya zaxiralariga boy 3,5 million kvadrat kilometrlik suv yo'li olti mamlakat orasida anchadan beri talash.
Xitoy o'z-o'zini mustaqil boshqaruvchi Tayvanni ham o’ziga tegishli ekanini da’vo qiladi. Orol-davlatga Xitoy tomonidan harbiy hujum bo’lishi ehtimoli ham yo’q emas.
Asosiy e’tibor AQShga qaratilgan
Dunyoning eng yirik harbiy qudrati bo'lgan Qo'shma Shtatlar o'zining sobiq Sovuq Urushdagi raqibi Xitoyni ogohlantirish maqsadida Janubiy Xitoy dengizi va Tayvan yaqiniga tez-tez harbiy kemalar jo’natib turadi.
“Xitoy harbiy qudrat jihatidan o’sib bormoqda, - deydi Vuving. - Xitoy va AQSh o'rtasida dengiz qurollari poygasi bor. Xitoy hozirda AQShdan ko’ra ko’proq kemalarga ega. U mintaqadagi eng katta dengiz flotiga ega bo'lishi kutilmoqda”.
Qo'shma Shtatlar ham kosmosdan harbiy maqsadlarda foydalanishini bir necha o'n yillar oldin e'lon qilgan. 1958-yilda AQSh kosmik agentligi NASA tashkil etilgunga qadar AQSh Harbiy-dengiz kuchlari atmosfera va baland tog'larni tadqiq qilish uchun fazodan foydalangan. AQSh havo kuchlari hali ham GPS va raketaga qarshi mudofaa kuzatuvchi sun'iy yo'ldoshlarini fazoga uchiradi.
Xitoy ham, Qo'shma Shtatlar ham fazoda dushman raketalari “yorib kira olmaydigan” kosmik qalqonga ega emas. Ammo, deydi Bitzinger, Xitoy harbiy fazoda dunyoning eng kuchli ikki yoki uch davlatidan biri bo’lishga urinmoqda.
Facebook Forum