AQSh harbiy ravedkasining yuqori lavozimdagi rasmiysi fikricha, siyosatchilar va qonunchilar Xitoydan kelayotgan tahdidni jiddiy qabul qilmayapti.
Joriy yilda AQShning Hind-Tinch okeani qo’mondonligi, Pentagon va razvedka idoralari Xitoyning o’sib borayotgan harbiy qudrati, kibermaydondagi faoliyati va josuslik kampaniyasi haqida qayta-qayta ogohlantirgan.
Ammo quloq tutayotganlar ozchilik, deydi kontr-admiral Maykl Studemen, Hind-Tinch okeani qo’mondonligida razvedka bo’yicha direktor.
“Vashingtonda bu ogohlantirishlar qanchalik aks-sado berayotganini aytish qiyin. Ba’zi bir ssenariylarga e’tibor qaratish ham mushkul”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlarda ko’pchilik o’rtada urush kelib chiqishini ehtimoldan yiroq deb hisoblasa, deydi Studemen, Xitoy singari mamlakatlar bunday ehtimolni kurashning tabiiy bir qismi deb hisoblaydi. Xususan, Si Zinpin rahbarligidagi Xitoy global kuch sifatida AQShdan o’zib ketishga barcha imkoniyatni ishga solishga tayyor.
“Si Zinpin – makkor. Maqsad vositani oqlaydi. Orzu unga erishishning har qanday usulini oqlaydi”, - deydi kontr-admiral.
Maykl Studemen bu haqda birinchi bor ogohlantirayotgani yo’q. Mart oyida o’tgan virtual konferensiyada u yaqin orada Xitoy o’z manfaatlarini himoya qilish uchun harbiylarini dunyoning istagan nuqtasiga safarbar eta olishini bashorat qilgan edi.
AQShning Hind-Tinch okeanidagi kuchlari sobiq qo’mondoni, admiral Filip Deyvidson ham qonunchilar savollariga javob berar ekan, Xitoy “o’z ambitsiyalarini tezlashtirayotgani” haqida so’zladi.
Bayden ma’muriyatiga ko’ra, tahdid jiddiy qabul qilinmoqda.
Milliy razvedka idorasi rahbari Avril Xeynsning ta'kidlashicha, Xitoy “razvedka idoralari uchun – prioritet”.
O’tgan hafta AQSh tadqiqotchilari sun’iy yo’ldosh orqali olingan suratlarga asoslanib, Xitoy Gansu provinsiyasida qit’alararo ballistik raketalar uchun shaxtalarni ko’paytirayotganini ma’lum qildi.
“Bu xavotirli. Xitoyning maqsadlari borasida savollar tug’diradi. Ushbu hisobot va boshqa jarayonlar Xitoyning yadroviy arsenali kutilganidan tezroq oshishiga ishoradir”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Shunga qaramay, ba’zi harbiy yetakchilar fikricha, Xitoy keng qamrovli harbiy harakatlarga qo’l urishi, masalan Tayvanni bosib olishi ehtimoldan yiroq.
“Tayvan orolini butunligicha bosib olmoqchi bo’lsa, Xitoy harbiy salohiyatini ancha oshirishi kerak bo’ladi”, - deydi general Mark Milli.
Hukmronlikka erishish yo’lida Xitoy oldida to’siqlar talay.
“Xitoy boshqa mamlakatlarda muayyan natijaga erishish uchun o’z kuchidan qanchalik ko’p foydalansa, munosabat ham shunga yarasha kuchli bo’ladi, o’sha mamlakatlar uning ta’sirini rad etishga moyil bo’ladi”, deyiladi RAND tahlil markazi hisobotida.
“Pyu” tadqiqot markazi so’roviga ko’ra, rivojlangan davlatlarda Xitoy imiji salbiyligicha qolmoqda. 17 davlatda o’tkazilgan so’rov ishtirokchilarining aksariyati Pekinning shaxsiy erkinliklarga nisbatan munosabatidan norozi.
“Ular qo’llayotgan taktika ko’plab davlatlarda salbiy baholanadi, lekin bu Xitoyning Gongong kabi joylarda yondashuvi o’zgaradi degani emas. Pekin bosimni yanada oshirishi mumkin”, - deydi kontr-admiral Maykl Studemen.
Facebook Forum