AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi forumida so'zlagan mutaxassislar tahlilicha, Qozog'iston va Qirg'iziston Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan urushidan eng qattiq aziyat chekishi tayin. Har ikkalasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida federatsiya bilan chambarchas bog'liq.
AQSh Mudofaa universiteti professori Mariya Omelicheva nazarida, bu mojaroning Markaziy Osiyodagi aksi aynan qanday bo'lishi hali aniq emas.
Bu, deydi u, hukumatlarga va mamlakatlardagi siyosiy-iqtisodiy muhitga bog'liq.
Tojikiston va O'zbekiston ham ulkan zarar ko'rishi kutilmoqda, ayniqsa Rossiyada mehnat qiladigan fuqarolardan keladigan daromad pasayishidan. Ekspertlar taxminicha, umuman olganda, zarar bu yil 25 foizda bo'lishi mumkin. Rossiyadan import miqdori pasaya boshlagan.
"Hukumatlar islohotlar yo'lidan boradimi yoki bu ta'sirga nisbatan vaqtincha moslashadimi? Moslashishga ko'proq moyil ekanini kuzatayapmiz", - deydi Omelicheva.
Ya'ni, deya tushuntiradi olima, boshqaruvlar e'tibori mojaro ta'siridan konstruktiv saboq olib, tizimdagi muammolarni hal etishga emas, murakkablashib borayotgan vaziyatni imkon qadar nazorat qilib, qisqa muddatli yechim izlashda.
Biroq hukumatlar, jumladan Qozog'iston va O'zbekiston rasmiylari, har ikkisi bilan band ekanini bildirgan. Prezidentlar Qosim-Jo'mart To'qayev va Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy islohotlarga zo'r berilayotganini da'vo qiladi. Shu bilan birga ularning ma'muriyatlari ayni damdagi taranglikni yumshatish uchun choralar ko'rayotganini aytadi.
Rossiyaning qator bizneslari Markaziy Osiyoga ko'cha boshlagan. G'arb sanksiyalari ostidagi davlat tadbirkorlari mintaqadan panoh va imkoniyatlar izlamoqda. O'zbekiston va qo'shnilar ularga ochiq.
"Markaziy Osiyo mamlakatlarida Rossiyaga tobelik davom etadi. Migrantlar soni kamayishi mumkin, lekin iqtisodiy bog'liqlik ozaymaydi", - deya taxmin qiladi Omelicheva.
Unga ko'ra, Xitoyning roli kelasi yillarda yanada oshadi. Rossiyaga ham uning madadi kerak.
Omelicheva deydiki, Xitoy o'zini Markaziy Osiyo ishchilariga ochmaydi. Sarmoyani ham tanlab-tanlab qiladi. Pekin ahamiyatni tabiiy boyliklarga va xomashyoga qarataveradi.
Professor, shuningdek, "islomiylashish" - ko'zdan qochirmaslik kerak bo'lgan muhim omil, deya ogohlantiradi. Terrorchilar va ekstremistlar Markaziy Osiyodan jangari yollash uchun harakatlarni kuchaytirgan, targ'ibot yangilangan, mutaassib to'dalar jamoatchilik fikrini ijobiylashtirishga urinmoqda, deydi ekspert. Hukumatlar bundan ogoh ekani ma'lum, deya qo'shadi Omelicheva.
"Rossiyaning harbiy qudrati tasavvur qilingandek yuqori emasligini ko'rib turgan Markaziy Osiyo davlatlari o'z xavfsizliklarini ta'minlashda unga tayana olmasliklarini ham anglab yetayotgan bo'lishi kerak", - deydi professor, Ukrainadagi urush Kreml xohlaganidek ketmayotganiga ishora qilib.
Omelicheva hukumatlarni avvalo fuqarolar dardiga quloq tutishga undab, norozilik kayfiyati beqarorlikka yetaklovchi asosiy omil ekanini eslatadi.
AQSh Mudofaa universitetidan yana bir professor, harbiy masalalar bo'yicha yetakchi ekspert Rojer Kangas fikricha ham Rossiyaning Ukrainadagi urushi oqibatlari haqida xulosa qilishga erta.
"Media roli va ta'siri, urush qayerda qanday talqin qilinayotganini unutmang", - deydi Kangas.
Ga'rb ommaviy axborot vositalari o'zlarini ishonchli deb o'ylashi mumkin, ammo dunyoning boshqa qismlarida ular ukrainparast va Ukraina himoyachisi, ya'ni neytral tomon emas.
"Hozirgi qutblashish Sovuq urush davridagiga o'xshash va qarorlar ham shunday yondashuv mahsuli bo'lishi tayin, - deya mushohada yuritadi Kangas. - Rossiyaning nufuzi tushayapti. Hatto uning tarafdorlari ham buni tan olmoqda. Urush Kreml xohlagan maqsadlarga yetaklamadi. Harbiy kuchi ishonchni oqlamadi".
Rossiya oldingi urushlar, masalan, Gruziya, Suriya va Chechenistondagi harakatlaridan farq qiladigan darajada zaif ekani ayonlashdi, deya kuzatadi tadqiqotchi.
"Rossiya mintaqada hech kim tenglasha olmaydigan qudrat degan ishonch hozir pasaygan, chunki Ukrainada bu isbotlanmayapti".
Prezident Vladimir Putin va uning ma'mjuriyati buni ochiq tan olmasa-da, jamoatchilik fikri va fuqaro jamiyati Kreml qarorlariga ta'sir qilayapti, deydi Kangas. Harbiy qo'mondonlar tez-tez yangilanmoqda, strategiya va taktika har kuni boshqacha.
Ammo qonli urush davom etib, har kuni begunoh insonlarning yostig'i qurimoqda. Kangas tahlilicha, Rossiyaning bu harbiy operatsiyalari "zamonaviy, tez, puxta va nishonni biladigan" harakatlar emas, aksincha eski davrlardagi uzoq va izdan chiqqan amaliyotlarni eslatadi.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun tarixiy sinov shuki, deydi Kangas, ular kim tomonda bo'ladi? Nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy-tijoriy va madaniy jihatdan? Harbiy hamkorlik ham ko'proq kim bilan bo'ladi?
Hozir respublikalar "betarafmiz" deb turibdi, ammo kelasi ikki yilda, besh yilda yoki 10 yilda ular qanday bloklar yoki strategik sheriklarda bo'ladi?
Moskva boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi va uning asosida tashkil topgan guruhning kelajagi bormi? Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining-chi?
Kangas hukumatlarni, ekspertlarni va umuman, jamoatchilikni shu savollar haqida o'ylashga undaydi.
Jorjtaun universitetidan professor Sergey Gretskiy fikricha, Toshkent va Nur-Sulton Rossiyadan o'nlab ming mutaxassislarga eshik ochib, federatsiyadan kelayotgan sarmoyadorlarni siyosiy jihatdan quvvatlayotgani - bu hukumatlarning uzoqni o'ylab ish tutayotganidan dalolat.
"Bu -proaktiv, o'z vaqtida qilinayotgan qarorlardir", - deya izohlaydi Gretskiy.
Uning tahlilicha, hozirda Rossiya bozori mintaqaga yanayam ochilgan. Markaziy Osiyo mahsulotlariga talab oshgan. O'zbekiston, Qozogiston, Qirg'iziston va Tojikiston fursatdan foydalanishga urinmoqda, deydi olim, ular Rossiyadan qochmayapti, aksincha, sistematik jihatdan yaqinlashmoqda.
Gretskiy G'arb sanksiyalarining salbiy ta'siri beqiyos bo'lishini ham qayd etadi. Qolaversa, deydi u, "Rossiyaga tobe" deya qaraladigan hukumatlarning bundan keyingi qadamlari yanayam keskinroq baholanishi tabiiy. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya qilmishlaridan qanday saboq oldi, degan savol yangrayveradi.
Facebook Forum