Breaking News

Mafkuraviy ekstremizm yoki qonli ekstremizm? O'zbekistondagi e'tiqod erkinligi AQShda muhokamada


Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan virtual seminarda O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi, Vashington, 13-aprel, 2022
Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan virtual seminarda O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi, Vashington, 13-aprel, 2022

Yaqinda O'zbekistondagi vaziyat bilan tanishib qaytgan Nadin Maenza, AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi raisi, respublika hukumati islohotlarni jadallashtirib, uning idorasi va umuman, xalqaro hamjamiyat bergan tavsiyalar asosida e'tiqod erkinligini kengroq ta'minlay boshlaydi, degan umidda.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi har yili dunyo bo'ylab bu boradagi ahvolni o'rganib, tahlilnoma chiqaradi. Uning katta bir qismi tavsiyalardan iborat bo'lib, Kongress a'zolari, shuningdek, Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa organlarga muayyan davlat bilan aloqa va hamkorlikda uzviy huquqlarga e'tibor berish so'raladi.

O'zbekiston Islom Karimov prezidentligi davrida ancha yillar bu komissiyaning qora ro'yxatida edi. Respublika, AQSh nazarida, diniy erkinlik eng qo'pol tarzda toptalgan va qamoqxonalari aynan e'tiqodi uchun sudlangan insonlar bilan to'la mamlakat edi. Komissiya buni isbotlovchi hisobotlar chiqarib, Vashingtonga Toshkent bilan oldi-berdini shu bois cheklashni maslahat berar, Karimov ma'muriyatini jazolashga undar edi.

2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda islohotlar dasturini e'lon qilganida komissiya, Amerikadagi boshqa idoralar qatori, uni olqishlagan va ijobiy o'zgarishlar qilishda yordamlasishni va'da qilgan.

Shundan beri O'zbekiston uchun eng salmoqli yutuqlardan biri shuki, u e'tiqod erkinligini eng og'ir tarzda poymol etuvchi mamlakatlar qatoridan chiqqan. Komissiyaga ko'ra, respublika endi maxsus kuzatuvdagi davlat.

Maenza xonim va uning hamkasblari O'zbekistonda e'tiqod bilan bog'liq qonunlar demokratlashib, azaliy cheklovlar olinib, diniy mahbuslar soni kamayishini kutmoqda.

Diniy mahbuslar yoki mahkumlar deganda komissiya aynan dindorligi va hukumat nazoratidan tashqarida dinni targ'ib qilgani uchun hibs qilingan, sudlangan va jazolanayotgan insonlarni nazarda tutadi.

O'zbekiston hukumati siyosiy va diniy mahbuslar yoki mahkumlar degan tushunchani ko'p hollarda inkor etadi. Mutasaddilar deydiki, hibsxonalar va qamoqxonalarda o'tirganlar noqonuniy harakatlarda gumon qilib, konkrety ayblovlar bilan yuzlashib, qilmishi uchun javob berayotgan insonlar.

O'tgan besh yil mobaynida Prezident Mirziyoyev jinoyatini tan olib, pushaymon ekanini isbotlagan minglab mahkumlarni afv etib, erkinlikka chiqargan.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 2021-yildagi hisobotidan
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 2021-yildagi hisobotidan

Biroq amerikalik huquqshunos Stiv Sverdlov hisobicha, O'zbekistonda hamon 2000 dan oshiq odam diniy mahkumdir.

Respublikaning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov bu sonni savol ostiga oladi. Diplomat deydki, Sverdlovning 2021-yilning kuzida AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi uchun yozgan tahlilnomasining ayrim qismlari haqiqatni aks ettirmaydi. Yaqinda bu hisobot o'zbek va rus tillarida ham chiqdi.

O'zbekiston elchisi uning davlati dunyoviy tizim ekaniga urg'u berib, ta'kidlaydiki, Qonunlarni buzganlikda aybdor deb topilib, panjara ortida o'tirganlarga begunoh deb qarash noto'g'ri.

"Hukumat e'tiqod erkinligini ta'minlashga bel bog'lagan. Qay dinga sig'inishidan qat'i nazar, fuqaro dunyoviy qonun-tartibga bosh egishi kerak", - deydi Vahobov, Vashingtonda virtual seminarda so'zlar ekan.

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi olib borgan muhokamada BMTning Diniy erkinlik bo'yicha maxsus vakili Ahmed Shahid ham so'zladi.

Besh yilcha oldin O'zbekistonga safar qilib, hisobot taqdim etgan diplomat deydiki, Mirziyoyev ma'muriyati bu sohada boshlagan ezgu ishlarini to'xtatmasligi va islohotlarga zo'r beraverishi kerak.

"Oxirgi paytlarda islohotlar susaygani haqida eshitayapmiz. Aksincha, ular avjiga chiqishi lozim, chunki e'tiqod erkinligi uzviy huquqlardan biridir", - deya eslatadi Shahid.

Elchi Vahobov qonunchilikdagi o'zgarishlarni qayd etib, davlat fuqaro uchun erkin muhit yaratishga intilmoqda, deydi. Masalan, o'tgan yillar ichida qator nasroniy guruhlar ro'yxatdan o'tib, qonuniy tashkilotlarga aylangan.

Nadin Maenza va u raisligidagi komissiyaning yana bir a'zosi Nuri Turkel O'zbekistonni aylanar ekan, o'z e'tiqodini kiyimi va ko'rinishi bilan bemalol namoyon etayotgan erkaklar va ayollarni kuzatgan.

"Hijobda yurgan xotin-qizlar ko'paygani diqqatimni tortdi", - deydi Maenza.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi yillar davomida "O'zbekistonda hijob va soqolga qarshi ayovsiz siyosat"ni tanqid qilgan. Hozirga kelib esa bu borada vaziyat ancha yaxshilanganini e'tirof etsa-da, komissiya vaqti-vaqti bilan fuqarolar aynan dindor ko'ringani uchun ham tazyiqqa uchramoqda, deya xavotir bildiradi.

Stiv Sverdlov O'zbekistonda hukumat radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi choralar ko'rishga majbur ekanini tan oladi.

"Bu tahdidlar real ekaniga shubha yo'q", - deydi huquqshunos. "Ammo mafkuraviy mutaassiblik va qonli mutaassiblik orasidagi farqni aniqlab olish kerak".

Sverdlovga ko'ra, odamlar fikri uchun emas, noqonuniy xatti-harakati uchun javob berishi kerak.

Hukumatga ko'ra esa jamiyatda tuzumga qarshi mafkurani yoyish, xususan islomiy boshqaruvni targ'ib qilish, amaldagi dunyoviy sistemani barbod qilishga undash jinoyat deb ko'riladi.

"E'tiqod erkinligi va davlat xavfsizligi... Muvozanatni ta'minlash nihoyatda qiyin, ammo O'zbekiston harakat qilayapti, qonun ustuvorligini ta'minlashga bel bog'lagan", - deydi elchi Vahobov.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tavsiyasiga ko'ra, adolatsiz qamalganini da'vo qiladigan fuqarolar ishi qayta ko'rib chiqilib, ularning huquqlari himoya qilinishi uchun yo'l berilishi lozim.

Jorj Vashington universitetidagi seminarni mana bu link orqali (ingliz tilida) tomosha qilish mumkin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG