AQSh Davlat kotibining Demokratiya, huquq va mehnat masalalari bo'yicha muvonini Liza Peterson yillik hisobotni Kongressga taqdim etar ekan, jahon bo'ylab qonun ustuvorligi bilan bog'liq vaziyatni murakkab, deya tasvirladi.
45 yildirki, Davlat departamenti BMTga a'zo mamlakatlarda inson huquqlari qanchalik e'zozlanishi haqida yillik tahlilnoma chiqaradi. Vashingtondan bu davlatlarga nisbatan siyosatni belgilashda hisobotdagi faktlar va xulosalarni inobatga olish kutiladi.
Bu yilgi tahlilnoma 198 qismdan iborat bo'lib, ularda shuncha mamlakatdagi ahvol ko'rib chiqilqan.
Peterson xonimga ko'ra, manbalar asosan hukumatlar, nohukumat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari.
"Byuromiz har bir davlatdagi elchixonamiz va vazirligimizdagi tegishli mutaxassislar bilan yaqindan ishlab, to'plangan ma'lumotlarni tekshiradi", - deydi davlat kotibi muovini.
1977-yilda o'sha paytdagi prezident Jimmi Karter Davlat departamentida Demokratiya, huquq va mehnat masalalari bo'yicha byuro ochib, uning zimmasiga erkinlikni targ'ib qilish vazifasini yuklagan.
BMT Inson huquqlari deklaratsiyasi bunda asosiy qo'llanma, deya eslatadi Peterson.
"Bu davr mobaynida byuromiz mamlakatma-mamlakat huquq himoyachilari va fuqaro jamiyati faollari bilan bog'lanib, ular bilan hamkorlikda adolat va demokratiya urug'ini sochadi", - deydi rasmiy.
"Muammolarning ko'pi azaliy. Shu bilan birga, yangi masalalar ham talay. Bayden ma'muriyati o'z tashqi siyosatida huquq va demokratiyani ustun qo'yadi. Shunday ekan, bu hisobotdagi tafsilotlarga e'tibor jiddiydir".
Peterson deydiki, bu tahlilnoma bilan Amerika huquqqa hurmat borasida boshqa davlatlardan ustun ekanini da'vo qilmaydi.
"Biz o'zimizda va dunyo bo'ylab vaziyat yaxshilanishi uchun harakat qilamiz" ,- deydi rasmiy.
Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, ayni damda jahonda dezinformasiya, ya'ni axborotni manipulyatsiya qilish, buzuq ma'lumotlar berish va yovuz maqsadlarda yolg'on tarqatish hollari kengayib, bunday ishlarni siyosat darajasiga olib chiqqan hukumatlar jamiyatma-jamiyat insonlar ongini zaharlamoqda.
"Bu hisobotning maqsadi oddiy: faktlar xatlovi. Hamkorlik qilayotgan mamlakatlardagi haqiqatni anglash, u yerda xalq hayoti osonlashishi uchun hissa qo'shish. Insonlar dardiga befarq emasmiz. Huquqbuzarlik hollarini qayd etib, adolat ta'minlanishiga chaqiramiz va undaymiz", - deydi Peterson.
O'zbekiston
AQSh hisobotida ta'kidlanishicha, 2021-yilda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka qayta saylangan O'zbekistonda huquq bilan bog'liq asosiy muamomolar quyidagilardir: qotilliklar, qiynoqlar, noinsoniy munosabat, asossiz qamoqqa olish va hibsda saqlash, siyosiy mahbuslar, so'z va matbuot erkinligini tahqirlash, fuqarolarning uyushish va birga norozilik bildirishini cheklash, hukumatni tanqid qilishga toqat qilmaslik va tanqidchi fuqarolarga bosim o'tkazish, siyosiy faollikni cheklash, inson savdosi, gomoseksual odamlarga jinoyatchi sifatida qarash, mehnatkashlar manfaatlari uchun mustaqil kurashganlarga tazyiqlar.
2017-yilda boshlangan islohotlar hozirga kelib sustlashgan. Hukumat huquq va adolat ta'minotini yaxshilanib borayotganini bildirsa-da, qonunlar, qarorlar, bayonot va va'dalar real vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirayotgani sezilmaydi.
Turkmaniston
Qiynoqlar, qamoqda noinsoniy munosabat, ichki ishlar va xavfsizlik xodimlarining fuqarolarga nisbatan shafqatsiz harakatlari, asossiz hisbga olishlar, siyosiy mahbuslar, sud mustaqil emasligi - qo'shni mamlakatlarda bo'lgani kabi Turkmanistonda ham bu muammolar chuqur ildiz otgan. Davlat departamentining qayd etishicha, Markaziy Osiyoning eng yopiq mamlakatida shaxs huquqlari sistematik tarzda buziladi. Matbuot va internet bag'oyat cheklangan.
Hukumat nazoratidan tashqaridagi har qanday harakat jazolanadi. Fuqaro adolat izlashi qiyin va izlagani uchun tazyiqqa uchraydi. O'zbekiston singari Turkmanistonda ham muxolifatga toqat qilinmaydi. Odamlarning siyosiy maqsadlar ostida, xususan muqobil siyosatni targ'ib qilib birlashishiga yo'l qo'yilmaydi.
Tojikiston
Tojikiston ichki ishlar va xavfsizlik organlari zo'ravonligi bilan tanilgan tizimlardan biri bo'lib, hukumat idoralari amalga oshirgan huquqbuzarliklar aksariyat hollarda tekshirilmaydi.
Qiynoqlar, asossiz qamashlar, siyosiy va diniy fikrlari uchun tazyiqqa olish, adliya va sud sistemasidagi korrupsiya, soxta ayblovlar, axborot oqimiga to'siqlar qo'yish, internetni bloklash, jinsiy tahqirlash, xotin-qizlarni kamsitish, gomoseksual insonlarni azoblash - qo'shni mamlakatlar kabi Tojikistonda ham bular keng qanot yozgan huquqbuzarliklardir.
Qirg'iziston
Odamlarning nom-nishonsiz yo'qolish hollari, ichki ishlar va xavfsizlik organlarining odamlarni asossiz hibsda ushlashi, ularni qiynoqqa solishi yoki o'ldirishi, sudlardagi poraxo'rlik, jurnalistlar va media tashkilotlarga do'q-po'pisa, nohukumat tashkilotlarga bosim, fuqaro jamiyatini cheklash. Markaziy Osiyoning nisbatan erkin hisoblangan davlati bo'lmish Qirg'izistonda bu muammolarning ayrimlari so'nggi yillarda avj olib, vaziyatni og'irlashtirgan.
Tizim adolatni ta'mnlashga va'da berib, mansabdorlarni huquqbuzarligi uchun jazoga tortsa-da, ayblanuvchilar ko'p hollarda qamalmaydi, qutulib ketadi.
Qozog'iston
Hukumat nomidan o'ldirish va qiynoqqa solish holatlari Qozog'istonda oldindan kuzatiladi va mustaqillikning 30-yilida ham kamaymagan. Sudlar - boshqaruv qo'lida o'yinchoq. Qo'shni davlatlardagidek, hukumatga yoqmaganlar siyosiy mahbuslarga aylanadi. Erkin so'z va erkin matbuotga toqat past. Jurnalistlar va blogerlarga bosim va tazyiqlar, norozilik bildirgan fuqarolarni ezish, siyosiy faollikni va mitinglarni cheklash, ishchi-mehnatkashlarga o'zlarini himoya qilish uchun birlashishga yo'l bermaslik va sistematik yulg'ichlik.
O'tgan bir yil ichida bir necha yuqori lavozimli rasmiy sudga tortilgan. Biroq ayblanuvchilar orasidan huquq-tartibot tizimi va ma'muriyatda ishlaganlar aksariyat hollarda korrupsiya sabab adolatdan qochishga muvaffaq bo'lgan.
Facebook Forum