Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko’ra, O’zbekiston - Markaziy Osiyoning biznes uchun eng ochiq mamlakati. 90 davlat fuqarolari, deydi u, respublikaga vizasiz kelishi mumkin. 60 davlat fuqarolari uchun viza tartibi yengillashtirildi.
Biroq O'zbekiston oshkoralik, erkinlik va adolat bo'yicha reytinglarda hamon bag'oyat orqada. BMT Inson huquqlari kengashiga a'zo bo'lsa-da, respublika erkin bo'lmagan tizim va jamiyat hisoblanadi.
Toshkentda o'tayotgan xalqaro investitsiya forumida so’zlar ekan, O’zbekiston rahbari g’arbu-sharq ishbilarmonlarini olqishlab, ular uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini da’vo qildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi", - deydi Mirziyoyev.
"Bu sohada boshlagan ishlarimizni davom ettirib, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borish yanada kuchaytirilmoqda".
Prezident deydiki, mamlakatda har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlash va to‘liq himoya qilish eng ustuvor vazifa deb belgilangan.
"O‘zbekistonni qonun va adolat mustahkam qaror topgan demokratik mamlakatga aylantirish, mustaqil va kuchli sud-huquq tizimini shakllantirish eng oliy maqsadlarimizdan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi”, – deydi Mirziyoyev.
O'zbekiston rahbari islohotlarning katta qismi ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilganini ta'kidladi.
"So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi", - deydi prezidenrt.
200 ga yaqin yangi maktab qurilgan, uch mingdan ortiq maktablar ta'mirlangan.
Ekspertlar, jumladan chet ellik mutaxassislar, gap sonda emas, sifatda ekanini eslatadi. Biroq hukumat uchun hozir qamrov eng muhimi. Sifatni ham yaxshilash uchun harakat ketmoqda, deydi mutasaddilar.
"Ko‘p yillar davomida mamlakatimizni turli “qora ro‘yxat”larga kiritilishi uchun sabab bo‘lgan majburiy, jumladan, bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi", - deydi Mirziyoyev.
O'tgan bir yil ichida O'zbekistonda matbuot erkinligi sezilarli darajada orqaga ketib, xavfsizlik organlarining jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositlariga bosimi oshganiga qaramay, Mirziyoyev deydiki, "fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta’minlash, demokratik media makon yaratish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilmoqda".
Uning xorijiy investorlar va ehtimoliy sarmoyachilarga aytishicha, OAVni “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish ustida harakatlar jadal.
Forum O'zbekiston bilan azaldan ishlab keladigan va mamlakatdagi jaryonlarni kuzatadigan tomonlarga 2017-yilda Nyu-Yorkda kechgan investitsion tadbirni eslatdi. Mirziyoyev AQShga ilk safarida yuzlab tadbirkorlarni bir davraga yig'ib, ularga bugungidek murojaat qilgan, korporatsiya va firmalarni O'zbekistonga chorlagan edi.
O'shanda ham Mirziyoyev investitsiya samara berishini kafolatlashini aytgan edi. Hukumat bu davr mobaynida qator yutuqlarga erishganini qayd etadi, vaholanki, besh yildan beri faoliyatini boshlashga urinayotgan kompaniyalar bor.
Muammolarga qaramasdan bu forumga 1500 kishi qatnashish istagini bildirgani, deydi mutasaddilar, progressga ishonch va kelajakka umiddan darak.
O’zbekiston bu hafta Toshkentda xalqaro investitsiya forumida xorijlik tadbirkorlarga kamida 200 biznes loyiha taqdim etib, yatarlicha sarmoya jalb etish umidida.
Prezident Mirziyoyev bu proyektlarning samarasini kafotlashini aytib, chet ellik mehmonlarni uning hukumatiga ishonishga undamoqda.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qatnashuvchilar va hozirda mamlakatda ishlayotgan investorlar deydiki, O’zbekiston rahbariyatining bayonot va va’dalari ularni quvontiradi, ammo muvaffaqiyat real vaziyat va sharoitga borib taqaladi.
Siyosiy qarorlar va amaliyot bir-biridan yiroq, deydi Yevropadan kelgan bankir.
Hukumatga ko’ra, biznes muhit sezilarli darajada yaxshilangan. Xorijiy bizneslar buni e’tirof etsa-da, sud va huquq-tartibot organlariga ishonchi pastligini bildiradi.
Facebook Forum