Breaking News

AQSh ekspertlari Qozog'istondagi voqealarni qanday tahlil qilmoqda?


Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti 10-yanvar kuni virtual majlis o'tkazib, Qozog'istondagi vaziyatni muhokama qildi. Armaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Belarus va Rossiya a'zo.
Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti 10-yanvar kuni virtual majlis o'tkazib, Qozog'istondagi vaziyatni muhokama qildi. Armaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Belarus va Rossiya a'zo.

Qozog'istonda Nursuton Nazarboyev davri rostdan ham bitdimi? Rossiyaning keyingi qadamlari nima bo'lishi mumkin? AQSh qanday siyosat yuritishi kerak?

Qozog'iston hukumatiga ko'ra, o'tgan haftadagi notinchliklarda kamida 164 kishi nobud bo'lgan. 10-yanvar kuni mamlakat bo'ylab motam marosimlari o'tar ekan, sakkiz mingdan oshiq kishi hibsda.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Qo'shma Shtatlar va G'arbdagi boshqa davlatlar, shuningdek, qo'shnilar Qozogistonni zo'ravonlikni to'xtatib, barqarorlikni tiklashga, inson huquqlarini hurmat qilishga, fuqaro va hukumat orasida muloqotni yo'lga qo'yishga chaqirgan.

Qozog'iston a'zo ekan, Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) mamlakatga 2500 harbiy safarbar etib, vaziyatni o'nglashga bel bog'lagan.

Amerika siyosatdonlari Kreml fursatdan o'z nufuzini oshirish uchun unumli foydalanyapti, deya xulosa qilmoqda.

Atlantika kengashidan sobiq elchi Jon Herbst tahlilicha, xavfsizlik organlarini idora eta olmay qolgan Prezident Qosim-Jo'mart Tokayev iltimosi aslida butunlay Rossiya rahbari Vladimir Putinning qarori bo'lishi mumkin. Herbst nazarida KXShT kirishi ortida ikki muhim omil bor.

"Birinchidan, Rossiya sobiq sovet hududidagi ta'siri faqat Ukraina, Gruziya va Moldovada emas, boshqa davlatlarda ham kuchli bo'lishini xohlaydi. Markaziy Osiyoning iqtisodiy jihatdan eng to'q davlatida siyosiy rolga ega bo'lish Rossiya uchun ayni muddao", - deydi Herbst.

"Ikkinchidan, To'qayev oldida boshqa variant ham bor edi: Xitoy yetakchiligidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti. Rossiya bu blokda ham bor. AQShga nisbatan aksariyat hollarda bir qarashda bo'lsa-da, Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya raqobatda".

Herbst Qozog'iston aholisining rasman 18 foizi etnik rus ekaniga, ular va mamlakat tabiiy boyliklarining 60 foizdan oshig'i Rossiyaga yaqin shimoliy hududlarda joylashganiga ham ahamiyat beradi.

Kremlning bundan keyingi qadamlari nima? 2000-yillarda Ukraina va O'zbekistonda elchilik qilgan Jon Herbst taxminlarga berilmaydi, ammo Ukraina bilan chegarada o'n minglab askarini shay holatda ushlab turgan Putin janubdagi missiyani qanchalik eplay olishini shubha ostiga oladi. G'arb Rossiya bilan Ukraina yuzasidan muloqot boshlar ekan, Markaziy Osiyodagi bu inqiroz ta'siri hisobga olinishi lozim, deya undaydi Herbst.

Vashingtonda siyosatdan dars beradigan va Markaziy Osiyo bo'yicha Oksus ilmiy jamiyatini yuritadigan Edvard Lemon fikricha, Qozog'istonda g'alayonlar xalqning hukumatdan norozi ekani sabab boshlangani oydek ravshan.

"Qimmatchilik, mas'uliyatsiz boshqaruv, korrupsiya, adolatsizlik, yakkahokimlik... Ommani ko'chaga olib chiqqan muammolar shular", - deydi Lemon onlayn muloqotda.

Mamlakatning bir necha qismida namoyishlar avj olar ekan, hukumat yangilanishi e'lon qilindi. Elboshi Nursulton Nazarboyev Milliy xavfsizlik kengashi raisligidan ketdi. Xavfsizlik organlaridagi rahbarlar ham yangilana boshladi. Hozirga kelib bir nechasi, jumladan Karim Masimov, Nazarboyevga eng yaqin insonlardan biri, qamoqda va davlatga nisbatan xiyonatda ayblanmoqda.

Dastlab xalq bilan muloqot qilamiz degan To'qayev bir necha soat ichida yondashuvni o'zgartirdi. Namoyishlar terror harakati deya bong urib, prezident tartibni buzgan ommaga nisbatan kuch ishlatishni buyurdi.

Internet va boshqa aloqa tizimlari uzilgani bois Qozog'istonda aslida nima bo'layotgani haqida xolis ma'lumot olish, faktlar to'plash yanada qiyinlashgan. Asosiy manba hukumat ekan, xabarlarni tasdiqlash va jamoatchilik bilan gaplashish, agar ichkarida bo'lmasangiz, deyarli mumkin emas.

Markaziy Osiyoni uzoq yillardan beri o'rganib keladigan amerikalik ekspertlar To'qayevning da'volarini asossiz deb bilsa-da, namoyishchilarning hammasi ham qonunni hurmat qiladigan, tinch tarzda arzini aytishga bel bog'lagan odamlar bo'lmagan, deya qayd etadi. Dinamikani to'g'ri tahlil qilish uchun jarayonda ishtirok etganlar bilan yaqindan gaplashish, ularni savolga tutish lozim.

Qozog'istonda oldin ham namoyishlar bo'lgan. Turli viloyatlarda turli masalalar yuzasidan norozilik chiqishlar kuzatilgan. O'tgan 2-3 yilda bir haftalab namoyishlar davom etgan paytlar bo'lgan.

Pitsburg universitetidan professor Jennifer Murtazashvili deydiki, namoyishlarning ildizi mahalliy.

"Hukumat fuqarolarning nolalarini ilk bor eshitgani yo'q. To'qayev mahalliy boshqaruvni yaxshilashga, tizimda islohotlar qilishga va'da bergan edi, lekin bajarmadi. Prezident norozilik ortidagi omillarni juda yaxshi biladi", - deydi Murtazashvili.


Boshqa tadqiqotchilar ham bu fikrga qo'shiladi. Qozog'istonning iqtisodiy ko'rsatkichlari qo'shni davlatlarnikidan yuqori, ammo hatto shunday holatda ham ko'plab fuqarolar sabr kosasi to'lib, namoyishlarga chiqqanini joyidan olingan o'nlab video tasvirlarda ko'rish mumkin. Qurollanmagan fuqarolar; miting bo'layotgan ekan, men ham borib norozi ekanimni bildiraman, deya markaziy xiyobonlarga chiqqan qozog'istonliklar.

Biroq bu chiqishlar to'polon va buzg'unchilikka aylandi, deydi rasmiylar. Norasida ko'ringan omma orasida maxsus tayyorlanib kelgan guruhlar bo'lgan, deydi mutasaddilar, va bu to'dalar hokimiyatni ag'darishga uringan.

Namoyishlar tabiatini biladigan mutaxassislar fikricha Qozog'istonda rahbariyatni to'ntarish uchun harakat bo'lmagan. Ommaviy chiqishlar tartibsizliklarga yetaklashiga dunyo azaldan tez-tez guvoh bo'ladi. Olomon bir joyga to'plaganida kim nima qilayotganini nazorat qilish qiyin.

Hukumat fuqarolarning keng ko'lamda noroziligini hazm qilolmay kuch ishlatishga qaror qilib, keyin esa uni ekstremizmga qarshi chora deya izohlashga urinishi ham xalqaro maydonda yangilik emas, ayniqsa Markaziy Osiyo va sobiq ittifoqning boshqa hududlarida. Qo'shni O'zbekistonda, qolaversa, yaqin o'tmishda Belarusda va Rossiyada ham shunday holatlar bo'lgan.

Qozog'istonning energetika sohasini tadqiq qilgan Ariel Koen deydiki, hukumat vaziyatni qanchalik tez o'nglay olishi muhim.

"Birinchidan, xalqni ko'chaga olib chiqqan iqtisodiy-siyosiy masalalarni hal etish kerak. Odamlar maoshlar oshsin, narxlar pasaysin, deydi. Namoyishlarga kriminal elementlar qo'shilgani ehtimoldan xoli emas. Radikal ruhdagi odamlar ham ishtirok etgani, huquq-tartibot xodimlariga qonli hujumlar qilingani, nazorat izdan chiqib ketgani haqida ma'lumotlar bor", - deydi Koen.

Siyosatdonlarga ko'ra, Qozog'iston ikki mojaro ichida: biri hukumat va undan norozi fuqarolar orasida, ikkinchisi esa elita ichida.

AQShning Qozog'istondagi sobiq elchisi Uilyam Kortni nazarida To'qayev professional diplomat va muloqotga usta, ammo prezident sifatida kuchsizligi, xavfsizlik organlarini to'liq nazorat qila olmagani ayanchli holatlarga yetaklagan.

"Rossiya kuchlari kirib bordi, ammo ularning Qozog'iston fuqarolariga nisbatan munosabati nihoyatda nozik masala. Har qanday xato, masalan rus harbiysining biror qozog'istonlikni otib qo'yishi inqirozga yetaklashi mumkin", - deydi sobiq elchi.

"Rossiya qo'shinlari respublika shimolida yig'ila boshlashi ham xavotir uyg'otadi. Rossiyadagi ultramillatchi guruhlar Qozog'istonda ruslar ko'p viloyatlarni federatsiyaga qo'shib olish kerak deya undab keladi", - deydi Kortni.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog'iston ahli, kim internetga kira olayotgan bo'lsa albatta, KXShT missiyasi kirayotganini keskin qoraladi. To'qayev zaif rahbar sifatida ko'rinib, uning hokimiyatda qolishini Moskva ta'minlab berayapti, deya qoralandi.

Bayden ma'muriyati Nur-Sultonni qonun ustuvorligini ta'minlab, aloqa tizimlarini tiklashga, fuqaro erkinliklarini e'zozlashga chaqirgan. Davlat departamentiga ko'ra, Amerika Qozog'iston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashda davom etadi. Biroq Kortni fikricha, bu ish endi yanada qiyinlashdi.

Buyog'iga To'qayev Nazarboyevning odamlaridan qutula oladimi yoki ularni idora eta oladimi? Boshqa tomondan, To'qayvening o'zi ham ulardan biri emasmi? Agar o'tgan yillarda u prezident sifatida bu guruhdan ajralgan bo'lsa, o'z atrofiga kimlarni yig'a oldi va ular qanchalik sadoqatli? To'qayev yana qancha vaqt hokimiyatda tura oladi, hatto KXShT va Rossiya quvvatlovi bilan? Amerikalik mutaxassislar shu savollarni o'rtaga tashladi.

Qo'shni hukumatlar, jumladan O'zbekiston va Tojikiston rahbarlari Toqayev bilan muloqotda va u barqarorlikni tiklay oladi degan umidda.

Murtazashvili deydiki, xalq nima xohlayotganini bilish uchun mahalliy faollar bilan gaplashish kerak, viloyatma-viloyat, shaharma-shahar va tumanma-tuman. Namoyishchi kim degan savolga shu tarzda javob topish mumkin. Ichkaridagi muxolif guruhlarni kimlar boshqaradi? Buni aniqlash uchun ham chuqur izlanish lozim.

Ariel Koen ta'biricha, To'qayev o'z xohishi bilan ishdan ketish ehtimoli juda past. U muammolarda boshqalarni ayblab, javobgarlar ozmi-ko'pmi javobgarlikka tutildi, deya ta'kidlayveradi.

Tadqiqotchi fikricha, bugungi qozog'istonliklar o'tmishdagi ocharchilik va urushlarni bilmaydi, ularni his qila olmaydi. Bugungi talablar ijtimoiy-iqtisodiy adolatsizlik va tengsizlik bilan bog'liq, ya'ni Qozog'istonda boylar va qashshoqlar orasidagi tafovut kengaygan.

Boshqa avtokratik davlatlar bilan qiyoslaganda Qozog'iston nisbatan erkinroq muhit bo'lib kelgan, shu bois iqtisodiy jihatdan rivojlana olgan, deydi Koen va Murtazashvili.

Biroq daromad kimga va qayerga ketayotgani doimiy savol ostida, Nazarboyevning doirasi - eng boy qatlam, siyosiy va iqtisodiy qarorlar ularning manfaatlarini ko'zlaydi, degan qarash keng tarqalgan. Ichkaridagi va xorijdagi ekspertlar ham buni tasdiqlaydi.

Qozog'istondagi balolarda OAV, nohukumat tashkilotlar va terroristlar ayblanishi G'arbga qarshi da'volarni ham kuchaytirgan. AQSh odatda namoyishchilarni quvvatlaydi, huquq himoyachilarining boshini silaydi, deya to'polonlar ortida turganlar aslida Vashingtonda bo'lishi mumkin, degan taxminlar ham yangramoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki o'tgan hafta Rossiyadan chiqayotgan bunday dezinformatsiyani qoralab, asossiz, uydirma gaplar, deya javob qildi.

Qozog'iston taqdiri Qozog'iston ahli qo'lida va shunday bo'lishi kerak, deydi amerikalik mutaxasssislar. AQSh tinchlik, erkinlik va demokratiyani targ'ib qilaverishi kerak.

Uilyam Kortni fikricha, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi Qozog'istondagi vaziyat sabab o'zgarmaydi va Kremlning NATO yuzasidan qo'yayotgan talablariga AQSh salbiy javob berishda qat'iy ekan, Vashingtonda ham pozitsiya o'zgarmaydi.

AQSh Qozog'iston barqaror va ochiq davlat, plyuralistik jamiyat bo'lishidan manfaatdor, deydi iste'fodagi diplomat. Vashington, shuningdek, Rossiyaning "imperial xohishlariga" nisbatan ham Qozog'iston suverenitetini quvvatlab turishi kerak.

Lekin ekspertlar Davlat departamentidan kuchliroq bayonot kutishgan edi.

Qozog'iston Belarus emas, deydi Kortni. 30 yildan beri yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan hukumatni qoralash AQShga oson emas. Nazarboyev ma'muriyati, keyin esa To'qayev prezidentligi davrida ham Vashington va Nur-Sulton ko'plab regional va global masalalarda birga ishlay olgan. Vaziyatni ehtiyotkorlik bilan o'rganib, izoh berishyapti, deydi Kortni.

Afg'onistondan chiqib ketgan AQSh Markaziy Osiyoda endi qanday real manfaatlarga ega? Murtazashvili Bayden ma'muriyati shuni oydinlashtirishi kerak, deydi.

Boshqa mutaxassislarga ko'ra ham Amerika mintaqadagi eng yirik iqtisodiy hamkori va dunyoning 40 foiz uranini ishlab chiqaruvchi davlat beqaror ekan, hozirgidan keskinroq munosabat bildirishi lozim edi. Zo'ravonlikni to'xtatib, muloqot qiling, deya undash yetmaydi.

Murtazashvili fikricha, Rossiya xavfsizlikka qarab, Xitoy esa iqtisodiy jihatdan yordamlashishi Markaziy Osiyo uchun bir tomondan qulay tuyuladi. Lekin bugun regionda kim nima istashini respublikalarning o'zlari hal qiladi, deydi olima. Ular qudratli davlatlardan o'z manfaatlari yo'lida qanday foydalanish borasida ancha tajribaga ega.

O'tgan bir haftada oydinlashgan haqiqat shuki, Nazarboyevning Qozog'istoni endi yo'q. Uning o'rnida - zaif boshqaruv ostidagi beqaror Qozog'iston. Yaqin kelajakda saylovlar o'tgan taqdirda ham ular mamlakatni qanchalik o'zgartirishi shubha ostida, chunki parlament mustaqil emas, muxolifat ham tarqoq.

Lekin bu xulosaga qo'shilmaydiganlar ham talay. Nazarboyev taxtdan tushgan, ammo u yetishtirgan hokimlar, vazirlar va muovinlar, diplomatlar, qolaversa barcha sohalarga rahbarlik qilayotganlar faoliyatini davom ettiradi. Mas'ullar o'zgarishi mumkin, ammo xalq hayotida konkret o'zgarishlar bo'lmas ekan, Qozog'iston Nazarboyev ta'siri ostida yashayveradi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG