Breaking News

Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?


Almati ko'chalari, 7-yanvar, 2022
Almati ko'chalari, 7-yanvar, 2022

2022-yilning 4-5 yanvar kunlari Qozog'istonda avj olgan namoyishlar va ularga hukumatning munosabati xalqning hukumatdan qanchalik norozi ekani, shuningdek, boshqaruv fuqaro qarshiligini hamon hazm qila olmasligini oshkor qildi.

Minglab odamlar siyosiy va iqtisodiy o'zgarishlar talabi bilan ko'chada ekan, 2019-yilning mart oyida rahbarlikdan ketayapman degan Nursulton Nazarboyevning aslida ketmagani oydinlashdi. Milliy xavfsizlik kengashi raisi sifatida o'rnini saqlab qolib, rasman shu maqom, norasman esa tizimda unga sodiq kishilar orqali Qozog'istonni boshqarishda davom etgani namoyon bo'ldi.

Prezident Qosim-Jo'mart To'qayevning hukumat yangilanadi degan va'dasiga namoyishchilar ishonmadi va chiqishlarni davom ettirdi. Parlament, prezident rezidensiyasi va rasmiy idoralar, aeroportlar va jamoat joylariga hujum qilindi.

To'qayev namoyishchilar oddiy fuqarolar emas, chetdan yordam olayotgan va hatto ayrim hollarda ajnabiy fuqarolar degan iddaolar bilan xavfsizlik kuchlariga tartibni buzgan shaxslarni ayamay o'qqa tutishni buyurdi. Yuzlab insonlar o'ldi, minglab odamlar hibsda, o'nlab fuqarolar bedarak ketgan. Millionlab dollarlik zarar ko'rilgan.

Qozog'iston hamon axborot vakuumida. Mutasaddilarga ko'ra, internet va boshqa aloqa tizimlari astalik bilan tiklanmoqda, ammo Qozog'iston bilan bog'lanish deyarli mumkin emas.

Bir necha kun oldin ham Qozog'istonda islohotlar jadal, xalqaro hamjamiyat bilan muvozanatli aloqadamiz, global maydonda faolmiz va mustaqilligimiz mustahkam deb turgan hukumat unga qarshi namoyishlarning uchinchi kunidayoq Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so'radi. Madad beriladi degan javob darhol olindi. Bu blok shu paytgacha biror a'zosi hududiga harbiy kuch kiritmagan edi.

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan onlayn forumda so'zlar ekan, "Ozodlik" radiosining qozoq jurnalisti Merhat Sharipjonov deydiki, ommaviy norozilik ruhini aks ettirgan chiqishlar noma'lum shaxslar tomonidan zo'ravonlikka aylantirildi.

Pragadan ulangan jurnalist tahlilicha, To'qayevning bu chiqishlar 20 minglik jangarilar tomonidan olib borilgan va tashqi kuchlar tashkil etgan voqealardir degan iddaolari safsata.

Biroq u o'zi to'plagan ma'lumotlardan xulosa qiladiki, namoyishchilar orasida zo'ravonlikka berilganlar anchagina. Xavfsizlik organlari tomonidan ataylab provokatsiya qilish uchun ommaga qo'shilganlar ham bor, deydi jurnalist, ya'ni vaziyatni izdan chiqarib, masalani boshqa yoqqa burish uchun harakatlar bo'lgan.

Milliy xavfsizlik qo'mitasining raisi va Nursulton Nazarboyevning yaqin odamlaridan biri Karim Masimov qamoqqa olinib, davlatga xiyonatda ayblanayotgani, boshqa rasmiylar ham hisbdaligi, ba'zilari o'zini o'ldirgani - tizimda hokimiyat uchun kurash keskinligidan dalolat, deydi Sharipjanov.

Nazarboyev qani va qay ahvolda? "Buni bilmaymiz... Unga sodiq odamlar hamon qudratni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ichkarida ziddiyatlar talay", - deydi Sharipjanov.

Nazarboyevning matbuot xizmatiga ko'ra, u vatanda va xalqdan To'qayevni quvvatlashni so'ramoqda.

"Hukumatning biror gapida asos yo'q, unga nisbatan ishonch juda past", - deydi Sharipjanov.

Jurnalist qator omillarga urg'u beradi: Qozog'iston elitasida yillar davomida jinoiy hollar aniqlangan; rahbariyat va uning oilasi bilan bog'liq korrupsion va g'ayriqonuniy jarayonlar to'xtamagan; tekshiruv-tergovlar hamisha mavhum tugagan yoki yopilgan; dushmanlar esa hamisha tashqaridan izlangan. Tizim yolg'on gapirishga usta, xalq esa buni biladi.

Sharipjanov fikricha, To'qayev hokimiyatda qolish uchun Nazarboyevning odamlarini yo'qotishga harakat qilaveradi va juda bo'lmaganda ayrim yo'nalishlarda islohotlar boshlashga urinadi.

Moskvadan gapirgan tadqiqotchi Temur Umarov tahlilicha, Almati va boshqa shaharlardagi voqealar hokimiyatni kuch bilan ag'darish uchun harakat bo'lmagan.

"Rahbariyat bu chiqishlarni uni ag'darish uchun qilingan terakt sifatida ko'rsatmoqchi, ammo jarayonlarga qarasangiz, bunga dalil yo'q. Ommaviy qoz'galishning eng kattasi Almati shahrida bo'ldi. Rahbariyatni kuch bilan ketkazish niyatida bo'lishganida nega Nur-Sultonda emas, boshqa joylarda namoyish qilishdi? Nega jamoat joylari, infratuzilma va xususiy mulkka hujum qilindi?"

Umarov fikricha, xaosda asosiy zararni xalqning o'zi ko'rgan. Namoyishchilar yagona maqsadda ko'chaga chiqmagan, deya xulosa qiladi u.

"Bu voqealar va hukumatning munosabati davlat va xalq bir-biridan qanchalik uzilganini ko'rsatdi. Odamlar uchun madad manbai hukumat emas, - deydi Umarov. - Hukumatdan norozi ekani uchun ko'chaga chiqqanlar chetda qolib ketib, buzg'unchilikka beriganlar e'tibor markazida bo'ldi".

Umarov ta'biricha, Nazarboyev ketsin, deb talab qilganlar To'qayevning ham ketishini xohlaydi, chunki u ham oldingi prezidentning odami. Ikkinchidan, deydi u, To'qayev rahbarlikda Rossiya yordami bilan qolayotgani ayon ekan, uning siyosiy pozitsiyasi yanayam zaiflashdi.

Tahlilchi bundan buyon Qozog'istonda anti-demokratik qadamlar tashlanaveradi degan fikrda. Faollar allaqachon tazyiq ostida, qatorasiga sudlanmoqda. Nohukumat tashkilotlar, OAV va huquq himoyachilari faoliyatini cheklovchi qonunlar va qarorlar chiqsa ajabmas.

AQShning Michigan Universitetidan Polin Jouns nazarida Nazarboyev 2019-yilda birinchi bor ketgan bo'lsa, 2022-yilda uning ikkinchi ketishi uchun zarba berildi.

"Prezidentlikda qolish uchun oltinchi bor o'z nomzodini qo'ymay, tinch yo'l bilan chetga chiqishga qaror qilganini ko'plar olqishlagan edi. Lekin u aslida ketmadi", - deydi Jouns.

Buni aniq tushunib yetgan omma o'z talablarini qo'yayotganidan hukumat hayron bo'lmasligi kerak, deydi olima.

"Yonilg'i narxi qimmatligidan yuzaga kelgan norozilikka boshqa iqtisodiy muammolar ham turtki berdi va ular siyosiy o'zgarish qilish talabiga aylandi", - deya sharhlaydi Jouns.

Amerikalik ko'plab ekspertlar nazarida ham To'qayev Nazarboyevni rasmiy vazifasidan olib va unga yaqin odamlarni ishdan haydab, tub muammolarga ularni aybdor deb ko'rsatmoqda. Bu esa Nazarboyev o'tgan 30 yil davomida qurgan Yangi Qozog'iston tushunchasini yo'qqa chiqaradi. Nazarboyev zamonaviy davlatchilkning otasi, Qozog'istonni dunyo xaritasida yorqinlashtirgan, uni dunyo bilan bog'lab, milliardlab dollar sarmoya jalb qila olgan lider emas, korrupsioner va zolim diktator sifatida ta'riflanmoqda.

Nazarboyev - namoyishchilarni ezadigan, suverenitetga tahdid solib, chetdan harbiy yordam olib, hokimiyatni saqlab qolishga bel bog'lagan tizim boshidagi shaxs, deydi namoyishchilar.

Jouns fikricha, To'qayev islohotlar emas, repressiya yo'lidan boradi. Namoyishchilarni terrorist deb atagan rahbar ularning talablariga jiddiy qarashi ehtimoldan yiroq, deydi tadqiqotchi.

Bu esa Qozog'istonni siyosiy jihatdan G'arbdan uzoqlashtirib, Rossiya va Xitoyga yanada yaqinlashtiradi. Rossiya boshliq harbiy blokni kiritib, Qozog'iston aynan Moskva va Pekinga yetakchiligidagi yakkahokimlikka asoslangan doira ichida.

Nazarboyev uch o'nyillikda targ'ib qilgan muvozanatli tashqi siyosat hozirda mutlaq yo'qqa chiqar ekan, Qozog'istonning AQSh va Yevropadagi nufuzi ham shunga yarasha bo'ladi, deya taxmin qiladi Jouns.

AQShning Pitzer kollejida dars beruvchi Barbara Junisbay nazarida Qozog'istonda siyosiy-iqtisodiy vaziyatdan norozi aholi namoyishga chiqqani tabiiy hol. Bu chiqishlar natijasida esa siyosiy tizim tarqoq ekani yanayam oydinlashdi.

"Qozog'iston mustahkam va bir tartibda faoliyat yuritadigan siyosiy tizim emas... Nazarboyev uzoq yillar davomida elita orasidagi muvozanatni saqlab keldi. Buni har doim eplay olmadi. Bilganlarimizga qarab aytishimiz mumkinki, mamlakatda Nazarboyev oilasi bosh rolda", - deydi Junisbay.

Qozog'istonlik boshqa arboblar va sobiq rasmiylar ham shunga ahamiyat qaratadi: Almati, xususan, Nazarboyev oilasi mahkam egallagan shahar. Respublikaning eng yirik shahri. Hukumatga qarshi namoyishlar ham, zo'ravonliklar ham yana shu yerda yanayam keng ko'lamda kechgani shu bois ajablanarli hol emas.

Lekin, deya so'raydi ekspert, nima uchun Almati tartibbuzarlikka qarshi himoyalanmadi? Boshqa joylarda va namoyishlarda xavfsizlik xodimlari hamisha hozirlik ko'rib, tayyor turar edi-ku. Nega bu safar, namoyishlar boshlanganini bila turib, xavfsizlik sektori ildam harakat qilmadi?

"Demokratik davlatlarda ham hukumatga qarshi namoyish qilish oson emas. Shunday ekan, namoyishga chiqqan qozoqlarga qoyil qolish kerak", - deydi u.

"Namoyishlarni terrorizmga bog'lash juda oson va qulay... Tanqidchilarni qoralaysiz, ularga qarshi choralarni strategik zarurat deb asoslashga urinasiz va terrozim global tahdid ekan, umid qilasizki, xalqaro hamjamiyat ham sizni tushunadi", - deydi Junisbay.

Lekin "Amerika Ovozi" tinglagan biror mutaxassis nazarida Qozog'istonda shu kunlarda terror harakati qilingani haqida hech qanday isbot yo'q.

Garvard universitetidan Nargis Kassenova tahlilicha, To'qayev aslida juda zaif lider. Nazarboyev unga bu lavozimni berganida qudrat to'liq unga o'tmagan. Keyingi yillarda ham uning kuchi ortmadi. Tizimda real kuch uchun kurash avjida ekan, norozi ommaning namoyishlari bu ziddiyatni yanyam fosh etdi, deydi Kassenova.

"To'qayev xavfsizlik organlarini idora eta olmaganidan ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qilgan bo'lishi mumkin", - deydi u.

"Namoyishlar, zo'ravonliklar... To'qayev "terrorizm" va "tashqi kuchlar aralashuvi" kabi da'volar bilan kuch ishlatish qarorini oqlashga urinmoqda."

Hozirga kelib, deydi Kassenova, Nur-Sulton vaziyatni sal boshqacha izohlamoqda. Hokimiyatdagi yangi odamlar yondashuvni sal yumshatishga urinayotgandek, ya'ni to'polonda faqat tashqi kuchlar, ichki elementlar ham rol o'ynagan, degan.

"Ozgina bo'lsa ham islohotlar boshlanadi. Mamlakatda vaziyat og'ir ekani tan olindi. To'qayev tinimsiz shu haqda gapirmoqda. Eng yovuz va qonunbuzar odamlar qudratdan ketdi, buyog'iga o'zgarish bo'ladi, deb umid qilayotganlar bor... Lekin o'zgarish qilish nihoyatda qiyin ekanini ham bilamiz, - deydi Kassenova.

"Siyosiy elita kelisha oladimi? Hamma gap shunda. Xalq manfaatlarini o'ylaydigan, uning dardini ham hisobga oladigan liderlar chiqadimi? Xalq xavotirda, shubhasiz, ammo umidni boy bermay ijobiy o'zgarishlar kutayotganlar ham bor".

Bu ekspertlarning hammasi Qozog'istondan cheklangan miqdorda axborot chiqayotgani, namoyishchilar bilan muloqot yo'qligi, to'polonlarda gumon qilinayotgan odamlar tinglanmayotgani, xolis informatsiya olish deyarli mumkin emasligini e'tirof etadi. Ular o'zlari ishongan manbalardan ma'lumotlar olib, xulosa qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG