Breaking News

"Surxondaryo fuqarosi", xalqaro mutaxassis: O'zbekiston demokratiyaga tayyor


Toronto, Kanada
Toronto, Kanada

Hamza Tursunov 2002-yilda “Umid” dasturi orqali Amerikaning San Xose davlat universitetida iqtisod va moliya sohasida o’qishini tugatib, O’zbekistonga qaytganida “Surxondaryo fuqarosi ekansiz” deya Toshkentda imkoniyat eshiklarini yopishgan.

Vatanda qiynalgan yosh mutaxassis yana xorijga ketgan va o’tgan 18 yil mobaynida nafaqat G’arb balki Sharq davlatlarida ham o’z professional o’rnini topdi va muvaffaqiyat qozondi. Bu borada Britaniyaning Durham universitetida ham o’qib, magistrlik unvonini oldi. Hamza hozirda Kanadaning Toronto shahrida yashaydi. Yirik xalqaro kompaniyada yuqori lavozimda ishlaydi.

O'tgan yillar ichida O'zbekistonga borib, vaziyatni o'rgangan vatandosh xususiylashtirish va muxolifat zaruriyati haqida o’z takliflarini olg’a surmoqda. Hamza O’zbekistonda demokratiyaga tayyor, deya ishonadi. Demokratiyadan qo’rqmaslik kerak, bunday sistemani prezident yoki ijroiya organi emas, fuqarolar barpo etadi, deydi vatandosh.

Yangi davrga dadil qadam qo’yish O’zbekiston demokratiyaning tub talablari – hurfikrlilik, bahs-munozara, siyosiy raqobat va tanlovdan o’zini tiymasligi lozim, deydi Hamza. Uning nazarida O’zbekistonda bu borada samimiy va ezgu harakatlar, ijtimoiy jarayonlar boshlangan. To’siq qo’ymaslik zarur, deya undaydi u.

Hamzaga ko’ra, O’zbekistonda “nomenklaturani ishdan bo’shatish kerak”. Lekin sistemadagi illatlar, tub muammolar yosh va iqtidor tanlaydimi?

Yulg’ichlar orasida yoshlar va keksalar, vatanda va xorijda ilm olganlar, mahalliy va xorijiy tajribaga egalar bor. Korrupsiyaga qarshi kurashni sektorma-sektor qanday olib borish mumkin?

O’zbekiston siyosiy va iqtisodiy islohotlar talab qiladigan shartlarga chiday oladi, deydi Hamza. Buning ustiga jamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyevni quvvatlab turibdi, demak, sinovlarga dosh bera olishiga ishonch bor, qa’tiyat bor, deya qo’shadi u.

O’zbekistonda hozir eng muhim o’zgarishlarni men vatanparvarman deb maqtanadigan mansabdorlar emas, deydi Hamsa, balki kichik va o’rta bizneslarni yuritayotgan, yangicha sohalarga qo’la urayotgan tadbirkorlar.

Hukumat regulyatorlik qilish bilan cheklanib, iqtisodiy erkinlik uchun yo’lni keng ochib qo’yishi kerak, deydi vatandosh. Uning tasvirlashicha, O’zbekistonga hozir “kislorod” yetishmayapti, ham mamlakatdagi, ham xorijdagi fuqarolar dadilroq hissa qo’shishi uchun.

Hamza Tursunov 1999-2002 yillarda "Umid" dasturi orqali AQShda o'qigan. Keyinchalik Britaniyada magistrlik unvonini olgan.
Hamza Tursunov 1999-2002 yillarda "Umid" dasturi orqali AQShda o'qigan. Keyinchalik Britaniyada magistrlik unvonini olgan.

Hamza davlat rolini kamaytirib, taraqqiyot uchun fuqaroga ko’proq erkinlik beraverish kerak degan taklifni olg’a suradi. Uningcha, O’zbekistonda islohotlar bo’lmoqda lekin ularning meva berishi uchun vaqt kerak.

Ayrim o’zgarishlar hozir ko’rinmasligi va sezilmasligi mumkin, deydi u, biroq kelajakda odamlar hayotiga ijobiy ta’sir o’tkazishi kerak. Biroq, deydi Hamza, xalq kutaverib charchagan, yana o’nlab yil ko’z tikib o’tirishni xohlamaydi.

Odamlarning farovon yashashga haqqi bor va agar shu yo’lda harakat qilayotgan bo’lsa, davlat ularga dalda bo’lishi lozim. Xorijda, ayniqsa demokratik jamiyatlarda yashayotgan o’zbekistonliklar bunday tuzumlar haqida amaliy tajribaga ega, deydi suhbatdosh, bundan foydalanish kerak.

Albatta, chet el bilimi va malakasiga ega bo’lish odamni albatta vijdonli va halol qilib qo’ymaydi, biroq o’z taklif va mulohazalari bilan rahbarlarga murojaat qilayotganlarni tinglash zarur.

Hamza tahlilicha, O’zbekistonda nomenklatura demokratiyani xohlamasligining sababi ular bu tizim nima ekanini tushunmaydi. Biladi lekin xohlamaydi emas, deya ta’kidlaydi vatandosh, bilishmaydi va anglashmaydi, aks holda istak ham bo’lar edi.

Prezident Mirziyoyev xalqparvar va xaqparvar lider, deydi Hamza Tursunov, shu bois ham real oppozitsiyadan cho'chimasligi kerak
Prezident Mirziyoyev xalqparvar va xaqparvar lider, deydi Hamza Tursunov, shu bois ham real oppozitsiyadan cho'chimasligi kerak

Hamza O’zbekistonga 1,3 milliard dollar sarmoya kiritib, quyoshdan energiya olish sanoatini rivojlantirishga bel bog’lagan “SkyPower” kompaniyasida yuqori lavozimda ishlaydi. “Amerika Ovozi” bilan muloqotda mutaxassis kompaniya va Toshkent orasidagi kelishmovchiliklar haqida bafurja gapirib berdi. “SkyPower” ish boshlashga qiynalmoqda, lekin yechim topish umidini boy bermagan deydi u. Masala ortidagi omillar haqida mana bu link orqali tanishish mumkin.

Har qanday yirik muammoni hal etish bir kishiga bog’liq bo’lib qolmasligi zarur, deydi Hamza, O’zbekiston investitsiya muhiti haqida gapirar ekan. Mansabdorlar zarur qarorlarni vaqtida qabul qila olishi va fursatni boy bermasligi kerak. Chunki dunyo kutib o’tirmaydi. Mamlakat esa imkoniyatlarni boy beradi.

Bu borada ham Hamza O’zbekistonga muxolifat nima uchun kerakligini eslatadi. Tizimni tergab turuvchi demokratik kuch kerak. Hamza nazarida Prezident Mirziyoyevga bunday o’zgarishdan tahdid bo’lmaydi, chunki islohotlar ortidagi asosiy odam uning o’zi.

“Shavkat Miromonovich hech narsani o’zgartirmay eski tuzumni davom ettirishi mumkin edi. Hech qanday tavakkalsiz va xavf-xatarsiz”.

Suhbatdosh O’zbekistonning hozirgi rahbarini xalqparvar va haqparvar inson, xalq ichidan chiqqan lider deb biladi.

Hamza fikricha, respublikada sog’lom muxolif fikrlash rivojlana boshlagan. Buni u blogerlar, jamoatchi faollar va ayrim ziyolilarda ko’radi.

Ular davlat rivojlanishi uchun o’z muqobil g’oya va tanqidiy-tahliliy yondashuvlarga ega, deydi suhbatdosh. Xalq orasida ko’plar ularni eshityapti, quvvatlayapti va bu bilan mamlakat barqarorligiga hech qanday raxna solinayotgani yo’q. Fikrlar orasida raqobat bo’lishi jamiyatni oldinga yetaklashi kerak.

Hamza Tursunov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
Hamza Tursunov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

O’zbekistonliklarning katta sonda demokratik davlatlarga chiqishi, bunday tuzumlarning mazasini tatishi, qolaversa texnologik taraqqiyot tufayli bugun global jarayonlar haqida ko’proq tushuncha va bilimga ega ekani jamiyatning ko’zini ochmoqda, uni uyg’otmoqda deydi Hamza.

Uning xulosasi shuki, O’zbekistonda demokratik salohiyat bugun o’sgan va sinovlarga yanayam tayyor.

O’zbekiston shaxsga sig’inish madaniyati chuqur ildiz otgan jamiyat. Odamlar har ikkinchi gapida davlat rahbarini maqtashga o’rgangan. Hamza nazarida bular yengsa bo’ladigan illatlardir.

Hamzaning o’zi hukumatda ishlashni istamaydi, chunki xususiy sektorni kuchliroq va erkinroq maydon deb hisoblaydi. O’zbekistondagi mansabdorlar singari prezident oldida tik turib, bloknotiga yozadigan rasmiy bo’la olmasligini aytadi.

“Hech kimga boshimni ega olmayman”, - deydi u, inson hur bo’lib yashashi zarurligini eslatar ekan.

Hamza O’zbekiston kelasi yilgi prezident saylovlarigacha muxolif partiya vujudga kelishiga ishonmaydi. Milliy mafkura degan narsani shakllantirish kerak, deydi Hamza, va unda “o’zbek” emas, “o’zbekistonlik” tushunchasiga urg’u berish kerak, toki mamlakatda yashaydigan har qanday elat vakili shu yurt fuqarosi ekanidan faxrlansin.

Pasportni olib qo’yish mumkin, lekin o’zlikni hech kim ololmaydi, deydi vatandosh. Hamza ayni damda Kanada fuqarosi lekin O’zbekiston fuqaroligidan ham chiqmagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG