Tojikiston o‘z konstitutsiyasiga ko‘ra dunyoviy davlat. Mamlakatda har qanday diniy tashkilot va birlashmalar faoliyat yuritishi uchun avval davlat qaydidan o‘tishi kerak. Hatto kichik masjidlar ham Tojikiston hukumati qoshidagi Diniy ishlar qo‘mitasida alohida diniy tashkilot sifatida ro’yxatdan o’tadi. Birgina Xo‘jand shahrida 48 ta diniy birlashmalar mavjud.
Tojikistonda islom diniga e’tiqod qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etgani uchun ham diniy birlashmalarning aksariyatini masjidlar tashkil etadi. Mamlakat bo‘yicha 4000 dan ortiq masjidlar amal qiladi. Xo‘janddagi 48 ta diniy birlashmadan 40 tasi masjidlar.
“Xo‘jand shahrida bitta markaziy jome masjidi, yana to’rtta jome masjidlari va 35 ta besh vaqtli masjidlar, hammasi Hanafiy mazhabida, amal qiladi. Yana yettita nasroniylik dinidagi birlashmalar va bitta bahoiy diniy birlashmasi Tojikiston hukumati qoshidagi Diniy ishlar va tanzimu an’ana qo‘mitasidan qayddan o‘tgan. “Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar haqida”gi qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida faoliyat qiladi. O‘z faoliyatlari yuzasidan bizga hisobot berib turishadi”, – deydi Xo‘jand shahar ma’muriyati Diniy ishlar va tanzimu an’ana bo‘limi mudiri Muhsin Mirkamolov.
Butun mamlakat bo‘ylab diniy tashkilotlar orasida eng gavjumi masjidlar hisoblanadi. Xo‘jand shahar markazidagi Shayx Muslihitdin markaziy jome masjidi bosh imom-xatibi Huseyn Mo‘sozodannig aytishicha, bu masjidga juma namozlarini ado etish uchun nafaqat shahar ahli, balki atrof shahar va nohiyalardan ham kelishadi.
“Melodiy 695 yilda islom dini Movarounnahr va Xurosonga kirib kelgan. Shu jumladan, Samarqand, Buxoro, Xo‘jand va bu atrofdagi boshqa shaharlar islomni qabul qiladi. Islom dini bag‘rikeng din, chunki islom barcha dinlarni ehtirom qiladi. Biz xudoga ishonamiz, barcha osmoniy kitoblarga, samoviy dinlarga, masehiyat ya’ni, nasroniy, yahudiy va xudo tomonidan yuborilgan barcha kitoblarni, barcha payg‘ambarlarni e’tirof qilamiz. Islom ularni kitob ahli sifatida e’tirof va ehtirom ham qiladi. Shariat nuqtai nazaridan biror din, biror mazhab, biror millat yoki xalqni tahqir qilish mumkin emas. Bu bag‘rikenglik. Har kim o‘z yo‘lida. Siz o‘z diningiz yo‘lida, biz o‘z dinimiz yo‘lida. Bu bag‘rikenglik, Qur’on nuqtai nazaridan, payg‘ambar alayhissalom hadislari nuqtai nazaridan. Eng yaxshi amal odamlar orasida izzat va ehtirom. Din aytgan barcha narsalar xalq manfaatiga. Lekin dindan suiiste’mol qilmaslik kerak. Hech kim millatlar, dinlar orasida fitna, adovat qo‘zg‘ashga haqli emas. Biz mana, Xo‘jand shahrida, Sug‘d viloyatida, Tojikistonda bu yerdagi barcha dinlar vakillari bilan bordi-keldi qilamiz, bir-birimizning izzat va ehtiromimizni joyiga qo‘yamiz. Bayram kunlari bir-birimizni tabriklaymiz. Bu bizning diniy bag‘rikengligimiz”, – deydi Mo‘sozoda.
Tojikistonda e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan islom dinidan so‘ng ikkinchi o‘rinda nasroniy dini turadi. Mamlakat bo‘ylab bu dinning katolik, pravoslav va protestant yo‘nalishlarining har biriga qarashli bo‘lgan o‘nlab diniy tashkilotlar rasmiy qaydga olingan.
Xo‘jand shahridagi Muqaddas Mariya Magdalina pravoslav cherkovi ruhoniysi Yuriy Tarasovning aytishicha, bu din rus imperiyasi Markaziy Osiyoni ilk bor zabt etgan XVIII asrda kirib kelgan.
“Bizning bu jamoat bu yerda o‘tgan asrning 40-yillaridan beri amal qiladi. Pravoslavlar bu yerda XVIII asrdan beri mavjud, rus imperiyasi kelgan paytlarda bu yerda, daryo sohilida ibodatgoh qurilgan. Bu orada bir necha bor ibodatgoh yangilangan. Bu ibodatgoh 2010-yilda qurilgan. Hozir ibodatxonaga odam kam keladi. Bu yerda yashayotgan nasroniylardan taqriban ikki foizi keladi. Ularga ibodatgohga kelishga hech kim xalaqit bermaydi. Rossiyada ham hozir shunday, kam odam ibodatxonalarga boradi. Ibodat qilishni u yerda hech kim taqiqlamaydi, bu yerda ham hech kim taqiqlamaydi. Odamlar o‘zi shunga o‘rganib boryapti. Sobiq Sovet ittifoqi paytida diniy e’tiqod taqiqlanar edi, shunga qaramay yoshi kattalar ibodat qilar edi. Hozir ham asosan yoshi kattalar cherkovga keladi. Yoshlar juda kam. Yildan yilga ibodatxonaga kelayotganlar soni deyarli o‘zgarmaydi, albatta, Rossiyaga ko‘chib ketayotganlar, vafot etayotganlar hisobidan kamaymoqda. Lekin keskin o‘zgarish yo‘q”, – deydi Tarasov.
Ruhoniyning aytishicha, Xo‘jand shahridagi pravoslavlar biror davlat organi yoki boshqa din vakillari tomonidan hech qanday bosim his qilmaydi.
“Bu yerda ajratishlar yo‘q. Cho‘qintirilganlar keladi, ba’zan cho‘qintirilmaganlar ham keladi, masalan, tabobat uchun suv olishga kiradi, biz ruxsat beramiz. Ibodatga keladiganlar orasida turli millat vakillarini ko‘rish mumkin, tatarlar, juhudlar, ruslar, ukrainlar. Bizda boshqa dinlar bilan ziddiyatlarga borish ham kuzatilmaydi, masalan musulmonlar bilan. Qo‘shnilar bilan ahilmiz”, – deydi Tarasov.
Shariat nuqtai nazaridan biror din, biror mazhab, biror millat yoki xalqni tahqir qilish mumkin emas. Bu bag‘rikenglik. Har kim o‘z yo‘lida. Siz o‘z diningiz yo‘lida, biz o‘z dinimiz yo‘lida.
Ammo tahlilchilar fikricha, yangi paydo bo‘lgan din yoki diniy yo‘nalishlarga, shuningdek, Tojikistonga oxirgi o‘n yilliklarda kirib kelgan dinlarga e’tiqod qiluvchilarga nisbatan jamiyatda bosim o‘tkazilish holatlari uchraydi.
Haqiqatan ham protestantizm yo‘nalishidagi bir necha diniy birlashma vakillari jamiyatda diniy bag‘rikenglik holati ko‘ngildagidek emasligi sababli o‘z e’tiqodlarini pinhon tutishlarini ma’lum qilishdi. Ayni paytda nisbatan yangi din bo‘lgan bahoiy vakillari ham o‘z nomlari sir qolishi sharti bilan suhbatlashishdi.
1863-yili Eronda paydo bo‘lgan bahoiy dini Tojikistonda rasman faoliyat qiladi. Poytaxt Dushanbe va mamlakatning bir necha shaharlarida bu dinga qarashli bo‘lgan birlashmalar rasman qaydga olingan.
“Bahoiy dini bir necha shahar, qishloq va shaharchalarda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Xo‘jand shahrida ham. Xudoga shukur, bahoiylar bugun ibodatda ozod va erkin o‘z e’tiqodlariga amal qilishadi. Bizning baxtimiz, dunyoviy davlatda istiqomat qilishimizda. Boshqa dinlar bilan munosabatlarimiz haqida aytadigan bo‘lsak, oramizda o‘zaro tushunish mavjud. Bahoiy dinining asosiy maqsadi barcha xalqlarning birligidir. Odamlarning dini, irqi, mazhabidan qat’i nazar barcha xalqlarning birligini e’tirof etadi. Chunki kichik-kichik farqlar ham bora-bora tafovutlarga, farqlarga olib keladi. Bahoiylar birlikni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishadi”, – deydi biz bilan suhbatda bahoiy dinining Xo‘jand shahridagi mas’ullaridan biri.
Ammo huquq himoyachilarining aytishicha, boshqa din vakillari tomonidan o‘tkazilgan bosimdan shikoyat qilib huquq-tartibot organlariga shikoyat qilish holati deyarli uchramaydi.
“Mening ish tajribamda “vijdon erkinligi va diniy birlashmalar”ga oid biror muammo yuzasidan murojaat qaydga olingani yo‘q”, – deydi Tojikiston advokatlar ittifoqining Sug‘d viloyati mintaqaviy bo‘limi raisi Sadriddin Saidov.
Uning aytishicha, Tojikiston qonunlari barcha diniy tashkilotlarga bir ko‘z bilan qaraydi va ular qonun oldida teng huquqlidir.
“Diniy birlashmalarni alohida qonun tartibga oladi. Tojikiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar haqida”gi qonuni. Bu qonunga ko‘ra, diniy birlashmalar qaydga olinadi va amal qiladi. Diniy birlashmalarga oid barcha masalalarni shu qonun tartibga soladi. Tojikistondagi barcha diniy birlashmalar qonun oldida teng huquqli”, – deydi Saidov.
Ammo xalqaro huquq tashkilotlari Tojikistonni diniy e’tiqod va vijdon erkinligi ortidan odamlar ta’qibga olinadigan davlatlar qatoriga qo‘shib keladi.
Mamlakatdan tashqarida istiqomat qiladigan tojik muxoliflari amaldagi hukumatni so‘z erkinligi kabi diniy e’tiqod va vijdon erkinligini ham cheklab kelishda ayblaydi.
Tahlilchilar fikricha esa bu yerda holat juda chigal va murakkab. Sababi Tojikiston 2015-yilgacha Markaziy Osiyodagi yagona diniy siyosiy partiya amal qiladigan davlat edi. Ammo 2015-yilda bu paytgacha mamlakatda faoliyat qilib kelgan, hatto parlamentda vakillariga ega bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasi Oliy sud tomonidan ekstremistik va terroristik tashkilot, deb topildi va uning faoliyati taqiqlandi.
Tahlilchi Saidvaqqos Qorixonov fikricha, yuqoridagi holatda diniy e’tiqod va hokimiyat uchun siyosiy kurash uyg‘unlashib ketganligi uchun ham bu masala yuzasidan xulosa qilish qiyin,“bunday holatda tomonlar bir-birini ayblashi ham tabiiy”.
Qorixonovning biz bilan suhbatda aytishicha, Tojikistonda dinlararo ziddiyatlar deyarli kuzatilmaydi. Hatto Xo‘jand shahrida rasman amal qiladigan uch dinning paydo bo‘lish tarixi boshqa-boshqa zamon va makonlarga to‘g‘ri kelsa ham bu dinlarning umumiy jihatlari ham ko‘p.
“Sug‘d viloyatida rasman faoliyat qiladigan nasroniylik dini, islom yoki bahoiy dini haqida aytadigan bo‘lsak, har uchchala din ham tavhidiy dinlar. Ularning kelib chiqishi somiy dinlardan, ya’ni arab yarim oroli dinlaridan, ibrohimiy dinlardir. Bu dinlarning konsepsiyasida asl maqsadi bag‘rikenglikdir, tartib va o‘zaro tushunishdir. Har uchchala dinning ham asosiy maqsadi insonlarni saodatga yetkazish. Saodat din nuqtai nazaridan nima deganimizda, saodat insonlarning xudodan roziligi va xudoning insonlardan roziligi”, - deydi dinshunos olim.
Facebook Forum