Breaking News

Turkmanistonda qancha siyosiy va diniy mahkum bor?


Ashgabat ko'chalarida
Ashgabat ko'chalarida

Turkmaniston Markaziy Osiyoning eng yopiq davlati sifatida qolmoqda. AQSh nazarida Turkmaniston Tojikiston singari diniy erkinlik eng cheklangan davlatlardir. Turkmanistondagi ko’rsatkichlar nafaqat diniy, balki oddiy insoniy huquqlar ham keskin toptalayotgani bilan ko’zga tashlanadi.

Turkmanistonda ham O’zbekistondagi kabi prezidentning kutilmagan o’limi ortidan hokimiyat o’zgargan edi. Marhum Saparmurod Niyozovning o’rniga hokimiyatga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov avvaliga demokratik o’zgarishlar va’da qildi, ammo ko’p o’tmasdan mamlakat Niyozov davriga xos diktaturaga qaytdi.

Hokimiyat almashishi ortidan turkman jamoatchiligida boshlangan umidlar tezda so’nib, faollar va muxoliflar mamlakatni tark eta boshladi, Berdimuhammedov hokimiyati mustahkamlanar ekan, tazyiqlar yanada kuchaydi.

Davlat matbuoti “marmarga burkangan Turkmanistoning oltin asri” haqida bong urayotgan bo’lsa-da, mamlakatda qashshoqlik, taqachilik avj olayotgani kuzatiladi.

Bu manzarada jamoatchilikka millatning ustuni, iste’dodli qo’shiqchi, mohir chavandoz, usta poygachi, tadqiqotchi olim kabi turli qiyofalarda namoyon bo’layotgan Prezident Berdimuhammedov injiqliklari diktatura ramzlaridek ko’rinadi.

Turkmaniston haqida ma’lumot kam, ammo xorijdagi turkman faollar mamlakatda nimalar bo’layotganidan xalqaro jamoatchilikni ogohlantirishga harakat qilib kelmoqda.

Shunday manbalardan biri - “Turkmen News” nashri. "Amerika Ovozi” bu nashr muharriri Ruslan Myatiyev bilan Turmanistondagi bugungi vaziyat haqida suhbatlashdi.

Ruslan Myatiyev: AQShning Turkmanistondagi diniy tazyiqlar bo’yicha hisoboti juda dolzarb. Turkmanistonda musulmon davlati bo’lishiga qaramasdan har qanday diniy faollik keskin ta’qibga olinadi. Nazarimda, buning sababi hukumat dinni o’zi surayotgan davlat g’oyasiga raqobatchisi sifatida ko’radi, dindorlar faolashishidan jiddiy qo’rqadi. Mamlakatda esa davlat surayotgan g’oya ishonch kam, chunki odamlar televideniyeda boshqa narsa, ko’chadagi real hayot mutlaqo boshqa ekanligini ko’rib turishibdi. Televideniye avval “Oltin asr” haqida, hozir esa “baxtiyorlik va qudrat asri” haqida gapirmoqda. Ammo odamlar ko’chada oziq ovqat uchun navbatda turishga majbur. Bu televideniye ko’rsatayotgan hayotning mutlaqo aksi. Bunday nochor vaziyatda din ko’plar uchun yagona umidga yalanmoqda, ayrimlar dinga jiddiy berilishmoqda, ayrimlar turli oqimlarga qo’shilishmoqda. Albatta, turli ekstremistik oqimlar ham bundan foydalanishyapti, chunki ijtimoiy tarmoqlarda turkman tilidagi turli chiqishlarni uchratish mumkin. 2012-yillardan turli ma’ruzalar eshitgan yoki diniy adabiyot o’qigan, yig’ilish o’tkazganlarga nisbatan jiddiy tazyiqlar, ularni uzoq muddatga qamash boshlandi.

Ruslan Myatiyev, "Turkmen News" sayti muharriri
Ruslan Myatiyev, "Turkmen News" sayti muharriri

"Amerika Ovozi": Karimov davridagi O’zbekistonda ham shunga o’xshah vaziyat edi. O’sha paytda mamlakatda 15 mingga yaqin diniy mahkumar bor deb ko’rilardi. Hozir Turkmanistonda shunga o’xshash vaziyatmi?

Ruslan Myatiyev: Bilasizmi, Turkmaniston yopiq davlat va biror raqamlar haqida ishonch bilan gapirish mumkin emas, ammo AQShdagi tadqiqotlarga ko’ra, qamoqdagi mahkumlar indeksi bo’yicha Turkmaniston dunyoda uchinchi o’rinda turadi, Xitoy va AQShdan keyin, agar bu indeks aholi soniga taqqoslansa. Turkmaniston qamoqxonalari to’la, 700-800 nafar kishiga mo’ljallangan qamoqxonalarda ommaviy hibslar amalga oshirilgan paytlar 3 minggacha mahkumlar saqlangani haqida ma’lumotlar bor.

"Amerika Ovozi": O’zbekistonda diniy mahkumlar asosan aksilkonstutsiyaviy harakatda ayblanishgan. Turkmanistonda qanday?

Ruslan Myatiyev: Turkman hukumati uchun ham konstitutsiyaviy tizimni ag’darishga harakat asosiy ayblov deyish mumkin, yana diniy adovat qo’zg’atish bo’yicha ham ayblovlar ko’p. Lekin haqiqatda bu odamlarning aksariyati o’z e’tiqodiga ko’ra yashashni ma’qul bilgan dindorlar qatlami deyish mumkin. Masalan, ular to’y qilishadi, ammo bu to’yda spirtli ichimliklar yo’q, yoki boshqa masalada ham din talabiga amal qilishga urinishadi. Albatta, bu yerda qanday qilib musulmon mamlakatda buning uchun dindorlarni jazolash mumkin degan savol tug’iladi. Lekin afsus shunday, bizning hukumat bunga o’ta toqatsiz. Ha, machitga borishga taqiq yo’q, ayniqsa juma kunlari odam tiqilib ketadi. Hukumat buni taqiqlamaydi, ammo boshqa tomondan musulmonlarni aroq va cho‘chqa go’shti bilan tekshirishdan seskanmaydi. Biz bu haqda ko’p yozganmiz, deylik politsiya ko’chada soqoli o’sgan bir dindorni ushladi, avvalo uni soqolini darhol qirishadi, keyin esa unga aroq quyib, cho’chqa go’shti bilan iste’mol qilishni talab qilishadi. Keyin unga aytishadi, bo’ldi seni e’tiqodin buzildi, sen harom yeding deb. Bundan maqsad albatta musulmonning reaksiyasini bilish, agar u ichmasa, rad etsa, ha demak buning ortida nimadir bor, degan xulosa qilishdir. Umuman odamlarni soqolini majburiy qirish tajribasi keng tarqalgan, politsiyaga olib kelib, soqoli, keyin esa soqolsiz suratga olishadi. Turkmanistonda ayniqsa so’ngi vaqtga kelib nafaqat dindorlar, balki ijtimoiy tarmoqlar chiqqan faollarga nisbatan ham tazyiqlar jiddiy kuchaydi. Hozirgacha bir necha faol aynan ijtimoiy tamorda qoldirgan izohi, yoki biror surat qo’ygani, nimadir yozgani uchun hibsga olinmoqda. Bu ham bejizga emas, chunki mamlakat tashqarisida yashayotgan faollar rejimga qarshi kurashni kuchaytirishdi, turli davlatlarda Turkmanistondagi diktaturaga qarshi namoyishlar, aksiyalar o’tkazishmoqda, mamlakat aholisini ham shunga chaqirishmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG