Breaking News

Tahlilchi: ShHTning Dushanbe sammiti tashkilot tarixidagi eng qizg‘in yig‘ilish bo‘ladi


ShHT a'zolari Dushanbeda, iyul, 2021.
ShHT a'zolari Dushanbeda, iyul, 2021.

16-17-sentabr kuni Tojikiston raisligida Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining 20 yilligiga bag‘ishlangan yubiley sammitida Afg‘oniston ishtirok etmaydi. Tojikistonda jamoatchilik bu yig‘ilishga a’zo davlatlardan Pokistonni taklif etmaslikka chaqirib kelmoqda. Dushanbega ShHTga a’zo davlatlardan Xitoy, Rossiya va Hindiston rahbarlari ham kelmasligi, onlayn qatnashishi ma’lum bo‘ldi. Tahlilchilar ShHTning Dushanbe sammiti tashkilot tarixidagi eng qizg‘in yig‘ilish bo‘lishini aytmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ShHTning Dushanbe sammitida 20 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishini xabar qildi. Bosh kotib Vladimir Norov va tashkilotning aksilterror tuzilmasi mintaqaviy ijro qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov bevosita ishtirok etadi. Uchrashuvda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham masofadan onlayn ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, mintaqaviy tashkilotlar – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Kollektiv Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (KXHT), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (SVMDA), Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT), Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi rahbarlari (EIIR) ham ShHTning yubiley sammitida qatnashadi.

Ammo kuzatuvchi davlatlar orasidan Afg‘oniston ShHTning Dushanbe sammitida ishtirok etmaydi. Odatda, yig‘ilish ishtirokchilarini taklif etish tashkilot raisi zimmasida bo‘ladi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mas’ulining aytishicha, Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘aniga taklifnoma yuborilgan edi. Ammo qo‘shni davlatdagi oxirgi o‘zgarishlardan so‘ng Kobulda o‘z hokimiyatini e’lon qilgan Tolibonga taklifnoma berilmagan.

Afg'onistonning sobiq rahbari Ashraf G'ani
Afg'onistonning sobiq rahbari Ashraf G'ani

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hamda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Tojikistonga tashrif buyuradi.

Shuningdek, ShHT kuzatuvchi davlatlari rahbarlari – Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov faxriy mehmon sifatida Dushanbega kelishi rejalashtirilgan.

Ammo a’zo davlatlardan Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, kuzatuvchi davlatlardan Mo’g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux sammitda onlayn qatnashadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 12-sentabr kuni Rossiya Prezidenti ham 15-sentabr kuni Dushanbega tashrif buyurishini bildirgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida Vladimir Putin bilan muloqoti rejalashtirilganini ham xabar qilgandi. Ammo 14-sentabr kuni Putinning Dushanbe safari bekor qilingani ma’lum bo‘ldi va bu ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tojik ziyolisi Abubakr Do‘stmurodzodaning o‘z “Facebook” sahifasida yozishicha, mintaqaning ikki yirik davlatlari “ikki tomonlama o‘yin” olib bormoqda. Vladimir Putin va Si Szinpin eng qaltis vaziyatda o‘zlarini chetga olmoqda. Ular har doim iflos siyosat olib borishgan...”, deydi u.

Tojik tahlilchisi Xayrullo Mirsaidovning aytishicha, Rossiya Prezidentining ShHT va KXHT yig‘ilishlariga kelmasligining sababi koronavirus bilan bog‘liqligi ishonarli emas.

“Putinning Dushanbe sammitiga kelmasligi, uning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulay vaziyatga tushib qolishning oldini olishdir. Chunki Dushanbeda Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchrashi kutilmoqda. Axir o‘ylab ko‘ring, Putin Afg‘oniston bo‘yicha hamma masala uning ishtirokisiz hal bo‘lganligini qanday sharhlaydi?”, - deydi tahlilchi.

Ekspertning fikricha, Tolibonning homiylari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning pozitsiyasini o‘zgartirishga harakat qiladi.

“Toliblarning hozirgi homiylari Pokiston va Xitoy Prezident Rahmonni o‘z pozitsiyasidan chekinish va Afg‘onistonning yangi hokimiyatiga ehtirom ko‘rsatishga ko‘ndirishga urinadi. Ammo Emomali Rahmon Afg‘onistonda ko‘pchilikni tashkil etadigan etnik tojiklariga xiyonat qilib, ularning taklifiga ko‘nadimi?”, - deya savol qo‘yadi tahlilchi.

“Ayniqsa, Tojikistonning asosiy moliyaviy ta’minotchisi bo‘lgan Xitoy tomonidan bosim kuchayadi. Rasmiy Moskvaning Afg‘onistonda inklyuziv hokimiyatni e’tirof etishi haqidagi fikrlaridan umid yo‘q. Chunki Tashqi ishlar vaziri Lavrov Afg‘oniston hukumatining ma’qul tarkibini sanab, mutlaq ko‘pchilikni tashkil etadigan tojiklarni emas, balki birinchi navbatda mamlakat aholisining oz qismini tashkil etadigan hazoralar va o‘zbeklarni tilga oldi”, - deydi tahlilchi.

6-sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Biz Afg‘oniston jamiyatining barcha spektrini aks ettiradigan hukumat tuzish jarayonini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz. Shu jumladan, toliblar, boshqa etnik guruhlar, faqatgina pushtunlar emas, balki hazoralar, o‘zbeklar, tojiklarni ham”, - degan edi.

Tahlilchi Mirsaidov fikricha, rasmiy Toshkent o‘z tanlovini qilgan, toliblar bilan muloqot qilishini bildirgan bir paytda Tojikiston hukumati og‘ir holatda qolmoqda.

“Prezident Rahmonda o‘z pozitsiyasini saqlab qolish uchun imkoniyat juda kam. Men Pokiston rahbariyatining tashrifiga qarshi Dushanbe ko‘chalarida ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgani kabi norozilik namoyishlari bo‘lishini xohlardim, ammo Tojikiston rasmiylari bunga ruxsat bermaydi. Umuman olganda, ShHTning Dushanbe sammiti jinoiy guruh boshliqlarning yig‘ilishi kabi tashkilot tarixidagi eng qizg‘in yig‘ilish bo‘ladi”, - deydi tahlilchi.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon
Pokiston Bosh vaziri Imron Xon

Ayni kunlarda bir guruh tojik ziyolilari ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hukumatidan Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning Dushanbega tashrifini to‘xtatishni talab qilib, murojaatnoma yo‘lladi.

“Biz Tojikiston fuqarolik jamiyati faollari xalqaro hamjamiyat tomonidan Afg‘onistonning jafokash xalqi taqdiriga nisbatan befarq munosabat ko‘rsatilayotganidan norozimiz”, deb boshlangan murojaatnomada Pokiston Tolibon guruhini qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi. Imron Xonning 16-17 kunlari ShHT sammitida qatnashishining oldini olish, uning Dushanbega tashrifini bekor qilish so‘raladi.

Ammo Tojikiston rasmiylari fuqarolik jamiyati faollarining bu murojaatnomasiga hech qanday javob bergani yo‘q. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi 13-sentabr kuni “Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon taklifiga ko’ra, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon rasmiy safar bilan Tojikistonga kelishi”ni ma’lum qildi.

Afg'onistonlik qochoqlar Tojikistonga xavf soladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:46 0:00

Tahlilchi Xayrullo Mirsaidov fikricha, Imron Xonning tashrifidan asosiy maqsad Kobuldagi yangi hokimiyat masalasida rasmiy Dushanbening pozitsiyasini o‘zgartirishdir.

“Tojikiston Kobuldagi yangi hokimiyatni tan olishi, umuman, toliblar bilan muloqotga kirishishi Afg‘oniston uchun muhim. Chunki Afg‘onistonning elektr energiyasi bilan ta’minlanishi, energiyaning tarnziti va boshqa ko‘plab iqtisodiy loyihalar Tojikiston bilan bog‘liq. O‘zbekiston elektr energiyasi Tojikistonnikiga nisbatan qimmat, chunki ularning issiqlik elektr stansiyalari gaz bilan ishlaydi. Tojikiston hozir ham Afg‘onistonga elektr energiyasi uzatishda davom etmoqda, chunki Kobulda boshqa alternativ variant yo‘q. Bundan tashqari, Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga o‘tadigan “CASA-1000” loyihasi deyarli eskpluatatsiyaga tayyor”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG