Breaking News

Tolibon hukumati olqishlangan Toshkent bayonoti taassuflarga sabab bo’lmoqda


O’zbekiston Tolibonning muvaqqat hukumati bilan hamkorlikka tayyorligini bildirar ekan, Afg’oniston o’zbeklari yetakchisi marshal Abdul Rashid Do’stum Panjsherga borayotganiga doir xabarlar tarqalmoqda.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg’onistonda muvaqqat hukumat tuzilishini olqishlab, bu keng ko’lamli milliy kelishuvga, tinchlik va barqarorlikka erishilishi uchun ilk qadam bo’lishiga umid bildirgan.

O’zbekistonning bu bayonoti Afg’onistonda toliblar e’lon qilgan muvaqqat hukumatga nisbatan dunyodagi aksariyat davlatlar sukut saqlayotgan yoki tanqidga tutayotgan bir manzarada kuzatiladi.

Markaziy Osiyo miqyosida esa O’zbekiston toliblarning muvaqqat hukumatini tan olgan yagona davlat sifatida ko’rinadi. Tolibon taqdim etgan hukumat aksariyat davlatlar umid qilgan inklyuzivlikdan uzoq ekanligi uchun tanqidga tutilmoqda.

Muvaqqat hukumat tarkibi siyosiy yo’nalishda mutlaq Tolibon vakillaridan, etnik jihatdan esa aksariyati pushtunlardan tashkil topgan.

Afg’oniston aholisining yarmidan ortig’ini tashkil etuvchi boshqa millatlar, jumladan tojiklar, hazoralar, o’zbeklardan hukumatda vakillar borligi kuzatilmaydi, ayollarga esa mutlaqo o’rin berilmagan.

Toliblardan iborat monopol hukumat shakllangani Afg’onistonning o’zida, mamlakat tashqarisida, xalqaro jamoatchilikda ham jiddiy xavotir uyg’otgani kuzatiladi.

Afg’onistonning BMTdagi doimiy vakili G’ulom Isxakzay toliblar taqdim etgan hukumat inklyuziv emasligini ta’kidlar ekan, dunyo davlatlarini Tolibon hokimiyatini tan olmaslikka chaqirgan.

Tolibon nazoratidan chetda qolayotgan Panjsher vodiysidagi qarshilik harakati yetakchilari Ahmad Mas’ud, sobiq vitse-prezident Amrullo Solih ham afg’onistonliklar toliblar hokimiyatini tan olmasligi haqida bayonot qilgan.

Afg’onistondagi muvaqqat hukumat Toshkent tomonidan olqishlanishi O’zbekistonni toliblar hukumatini tan olgan sanoqli davlatlardan biriga aylantiradi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari hozircha bu borada biror rasmiy munosabat bildirmagan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonoti barobarida Dushanbeda Afg’onistonning Tojikistondagi elchisi ishtirokida matbuot anjumani o’tgan.

Bu anjumanda elchi Muhammad Zohir dunyo davlatlarini toliblar hokimiyatini tan olmaslikka chaqirar ekan, Panjsherda Tolibonni tan olmagan harbiy qo’mondonlar, jumladan marshal Do’stum ishtirokida katta yig’in kutilayotgani, ayni paytda asosan tojiklardan iborat bo’lgan qarshilik harakatiga mamlakatdagi boshqa millatlar, jumladan o’zbeklar, hazoralar va pushtunlar ham qo‘shilgani haqida bayonot qilgan.

Tolibon muvaqqat hukumatini e’lon qilishidan avval Panjsher ustidan nazorat o’rnatganini bildirgan edi. Ammo Afg’onistonning Tojikistondagi elchisiga ko’ra, qarshilik kuchlari Panjsherda toliblarga qarshi kurashni davom ettiryapti.

8-sentabr kuni O’zbekiston va Tojikiston prezidentlari o’rtasida Afg’oniston masalasi muhokama qilingan suhbat bo’lib o’tgan. Tojikiston matbuotidagi ma’lumotlarga ko’ra, prezidentlar Afg’oniston muammosi bo’yicha muloqotni davom ettirishga kelishishgan.

O’zbekistonlik kuzatuvchilar toliblar hukumatini tan olish masalasida xalqaro jamoatchilikdagi munosabatlarga tayanish lozimligini bildirib kelishayotgan edi. Toshkentning toliblar hukumatini olqishlab shoshilinch bayonot berishi taassuflarga sabab bo’lmoqda.

“Bizni TIV xuddi bir narsadan kech qolayotgandek, hammadan oldin gapiraman deb shoshilinch ravishda bayonot qildi. Nega shoshilishyapti, bilmadim. Bizdan oldin menimcha hali hech kim bayonot qilmagan. Qolaversa, birinchidan, tuzilgan hukumat toliblarni oʼzlari vaʼda berganidek boʼlmadi, yaʼni inklyuziv boʼlmadi. Ikkinchidan, bu hukumatga qarshi afgʼonlarni norozilik namoyishlari kengayib bormoqda. Uchinchidan, O‘zbekiston prezidentining Mustaqillik bayramida qilgan ma’ruzasiga ham zid kelyapti. Shuning uchun TIV shoshilmasligi kerak edi”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayramidagi chiqishida Afg’onistondagi vaziyatga to’xtalar ekan, bu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro me’yorlarga muvofiq, milliy kelishuv asosida amalga oshirilishiga umid bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG