Breaking News

Mirziyoyev, Qurayshiy Afg'oniston, temir yo'l loyihasini muhokama qildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshiy bilan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan.

Rasmiy xabarga ko’ra, uchrashuvda Mirziyoyev ikki tomonlama aloqalar jadal sur’atda rivojlanayotganidan qoniqish bildirgan, Afg’onistondagi vaziyatga alohida diqqat qaratilgan. Xavfsizlikni ta’minlash uchun idoraviy aloqalar almashinuvi muhimligi, shuningdek, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo’li loyihasini birgalikda ilgari surishga intilish qat’iyligi ta’kidlangan.

Mahmud Qurayshiyning Toshkentga kelishi O’zbekiston strategik maqsad sifatida olg’a surayotgan temir yo’l loyihasi bilan bog’liq emas. Qurayshiy Tojikistonda Prezident Emomali Rahmon bilan o’tkazilgan muzokaralar ortidan Toshkentga kelgan.

Tojikiston Tolibon hokimiyatini tan olmasligini aytgan Rahmon Afg’onistonda etnik tojiklar ham jalb qilingan hukumat tuzilishiga chaqirmoqda. Tojikiston rahbarining Pokiston vaziri bilan o’tkazgan muzokarasida aynan shu talablar ilgari surilgan, deyish mumkin.

O’zbekiston Afg’oniston shimolidagi etnik o’zbeklarni hukumat tarkibiga kiritish to’g’risida biror ochiq bayonot qilmagan.

Bu masala Mirziyoyev va Qurayshiy uchrashuvida muhokama qilingani haqida ham ma’lumot yo’q, ammo Toshkent ilgari surayotgan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo’li loyihasi taqdiri alohida ta’kidlanadi.

Pokistonning Afg’oniston masalasidagi o’rni ayniqsa toliblarning iqtidorga kelishi ortidan yanada oshgani ta’kidlanadi.

Sharhlovchi Namoz Normo’minga ko’ra, ayni paytda Pokiston Afg’onistondagi vaziyatning kalitiga aylangan.

“Pokistonning toliblarni qo’llashdagi o’rni, tarixi ortiqcha izohga muhtoj emas. Bugun Afg’onistondagi bo’layotgan jarayonlarga Pokistonchalik ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan kuch kam. Shu ma’noda O’zbekiston tomoni Pokistonga tayanayotgani juda to’g’ri qaror, chunki endi Afg’onistonda vaziyatning qanday rivojlanishini belgilovchi davlatlardan biri Pokiston bo’ladi”, - degan fikrda sharhlovchi.

Tojikiston prezidenti Afg’onistondagi etnik tojiklar manfaatini Pokiston tashqi ishlar vaziri bilan muhokama qilayotgani, O’zbekiston transafg’on loyihasini amaliyotga ko’chirishda asosan Pokistonga umid qilayotgani shundan darak ekanligi ta’kidlanmoqda.

O’zbekiston va Tojikiston prezidentlari Pokiston vaziri bilan muhokama yuritishar ekan, Afg’oniston, xususan, mamlakatda inklyuziv hukumat tuzishni qo’llab-quvvatlash masalasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon o’rtasida ham gaplashilgani xabar qilinadi.

O’zbekiston Afg’onistonda turli siyosiy kuchlar manfaati hisobga olingan inklyuziv hukumatni qo’llab-quvvatlashi toliblar afg’on hukumatiga qarshi urushni davom ettirayotgan paytdan beri aytib kelinayotgan bayonotdir.

O’zbekiston toliblar bilan muntazam muloqotda bo’lib kelgani, Tolibonni inkor etmasligi Oliy Majlis yig’inida qatnashgan Tashqi ishlar vazirligi vakili tomonidan yana bir bor ta’kidlangan.

O'zbekiston Afg'onistonga nisbatan qanday siyosat yuritadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:01 0:00

Afg’onistonda koalitsion hukumat tuzilishni qo’llab kelayotgan O’zbekiston shimoldagi o’zbeklarni kutilayotgan yangi hukumat tarkibida bo’lishga haqli siyosiy kuch sifatida ko’radimi, yo’qmi, noma’lum.

Toshkentning koalitsion hukumatni qo’llashga doir pozitsiyasi toliblar siyosiy sahnadan mutlaqo chetlatilgan, Ashraf G’ani hokimiyatida o’zbeklar hukumatdan o’rin olgan, o’zbek tili mamlakatdagi uchinchi rasmiy til maqomida bo’lgan davrdan ta’kidlab kelinayotgani inobatga olinsa, Tolibon nazarda tutilgani ayonlashadi.

Pokiston tashqi ishlar vazirining mintaqaga safari toliblar Afg’oniston boshqaruv organini shakllantirishni muhokama qilayotgani haqidagi xabarlar soyasida kuzatilmoqda.

Matbuotdagi ayrim xabarlarda bu boshqaruv kengashiga kirishi kutilayotgan siyosatchilar ro’yxati ham keltirilgan. Ro’yxatda shimoldagi millionlab o’zbeklar jamoasidan vakillar yo’q.

So’nggi xabarlarga ko’ra, Tolibon Afg’onistondagi ta’lim tizimini qaytadan ko’rib chiqmoqda. O’zbek tili maktab ta’limidan chiqarib tashlangani, Alisher Navoiy doxil ko’plab o’zbek allomalari merosini, milliy tarixni o’rganishga taqiq qo’yilgani xabar qilinmoqda.

Bu xabarlar soyasida Tolibon harakati bilan muttasil muloqotda bo’lgan, guruh bilan muzokaralar yuritib kelgan O’zbekiston hukumati kimning va qanday manfaatlarni olg’a surib kelgani mavhum.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirning ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, Afg’onistonda o’zbek tili o’qitilishiga taqiq qo’yilishi o’zbek milliy madaniyati, merosini yo’qotishga qaratilgan dastlabki qadamlar bo’lib, bunda toliblarni qo’llab kelayotgan O’zbekiston davlatining ham hissasi bor.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG